Ayniqsa, zamonaviy oyoq kiyimlarning uchli, tor shaklda tayyorlanayotgani bu xastalikning ommalashib ketishiga sabab boʻlmoqda. Xoʻsh, buning vujudga kelish sabablari nimada? Uni davolashning qanday usullari bor? Shu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Murodjon Irismetov oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
–Tirnoqlar qanday hollarda et ichiga qarab oʻsadi?
Tirnoqni notoʻgʻri olish va sifatsiz pedikyur ham uning et ichiga oʻsishiga sabab boʻladi. Ayniqsa, bu xastalik tor, uchli oyoq kiyimlar kiyishdan kelib chiqadi. Shuningdek, oyoq kiyim kishining oyogʻiga katta yoki kichik boʻlsa ham ushbu xastalikka sabab boʻlishi mumkin. Koʻpchilik katta oyoq kiyimning zarari yoʻq deb oʻylaydi, ammo oyoqqa mos boʻlmagan tuflilar ham kasallik keltirib chiqarishi mumkin.
Nasldan-naslga oʻtadigan moyillik, oyoq barmoqlari shaklining oʻzgarishi (orttirilgan yoki tugʻma maymoqlik hamda yassi oyoqlik), zamburugʻli oyoq kasalliklari, oyoq barmoqlarining shikastlanishi, oyoq barmogʻi atrofidagi turli yara-chaqalar, oyoqda qon aylanishining buzilishi kabi holatlar kasallik kelib chiqishiga zamin yaratadi.
Tirnoq plastinkasining barmoq etiga qarab oʻsishi Onixokriptoz deb nomlanadi. Oʻsgan tirnoq terini shikastlashi natijasida yumshoq toʻqimalarda yalligʻlanish kuzatiladi. Keyinchalik qizarish, barmoq shishi hamda sezilarli ogʻriq bilan davom etadi. Shuningdek, tirnoqning har ikki tomondagi etga qarab oʻsishi ham ushbu turdagi xastaliklar sirasidandir. Eng yomoni, onixokriptozga nisbatan beparvo boʻlinsa, yalligʻlanish zoʻrayib, tirnoq atrofidagi terida yiring paydo boʻlishi mumkin.
–Onixokriptoz qanday davolanadi?
Tirnoq etga qarab oʻsa boshlaganida, ogʻriq kuchli boʻlmagan payt ham ixcham poyabzalni kengrogʻiga almashtirish va imkon qadar yalangoyoq yurish tavsiya etiladi. Yiring yigʻilishi va yalligʻlanish avjiga chiqa boshlashidan avval mutaxassis maslahatini olish lozim.
Teri yalligʻlanib yiring hosil qilgan boʻlsa, avvalo u yaxshilab tozalanadi. Infeksiyaga qarshi turli maz va laklar tavsiya etiladi. Tirnoqning yonlari ehtiyotlik bilan olinib, yiring ketgandan soʻng maxsus tamb qoʻyiladi. U tirnoqning yana oʻz holiga qaytishiga yordam beradi. Har oʻn besh kunda tamb almashtiriladi. Jarayon toki tirnoq toʻgʻri oʻsadigan boʻlguncha davom etadi.
Lazer muolajasi etga oʻsgan tirnoqni davolashdagi eng samarali va kam ogʻriq beradigan usul. Bu usulda tirnoqning etga oʻsgan qismi hamda oʻsadigan qirralari lazer nuri bilan kuydiriladi. Tirnoqni olish bilan birga yalligʻlanish oʻchogʻi ham bartaraf etiladi. Bu muolajadan soʻng tirnoqning etga qarab oʻsishi muammosidan butunlay qutulish mumkin. Biroq bir qancha salbiy taraflarini ham sanab oʻtish lozim: shikastlangan tirnoq atrofining kuyishi, jarohat sekin bitishi va uzoq davom etadigan tiklanish jarayoniga sabab boʻladi.
–Qanday vaziyatda jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladi?
Eng ogʻir darajaga oʻtganda jarrohlik amaliyoti qoʻllaniladi. Jarrohlik usulida davolash Shifokor mahalliy ogʻriqsizlantirish usulida tirnoqning etga qarab oʻsgan qismini jarrohlik yoʻli bilan olib tashlaydi. Shundan soʻng teridagi shikastlanish va yumshoq toʻqimalar yalligʻlanishi oz boʻlsada, kamayadi. Bir necha oydan soʻng tirnoq yana oʻz shakliga qaytadi.
Qayd etish lozim Koʻp kasalliklar insoning eʼtiborsizligi tufayli kelib chiqadi. Oʻz vaqtida mutaxassisga murojaat qilmaslik esa, ularning zoʻrayib ketishiga sabab boʻladi. Shu bois doimo salomatligimiz haqida qaygʻurishimiz hamda jismoniy holatimizdagi oʻzgarishlarga beeʼtibor boʻlmasligimiz kerak.
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.