Onkologik kasallikka chalingan bemorlar vaksina olishi mumkinmi?

    Salomatlik 2 Avgust 2021 1591

    Ushbu savolga SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Eʼzozbek Rizayev javob berdi:

    — Maʼlumki, bugungi kunda “COVID-19” infeksiyasi onkologik kasallikka chalingan bemorlarda juda ogʻir oʻtib, baʼzida ayanchli holatlarga ham sabab boʻlyapti.

    Shu bois, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan onkologik xastaliklar bilan ogʻriyotgan bemorlarni koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash zarur, deb belgilandi.

    Biroq bunda tibbiy muolajalar turiga eʼtibor qaratish lozim boʻladi. Yaʼni, agar bemorda kimyo yoki nur terapiya kursi oʻtkaziladigan boʻlsa, emlash ushbu muolajadan avval qilinishi zarur.

    Chunki kimyo yoki nur terapiya murakkab tibbiy muolaja hisoblanib, u inson organizmida immun tizimining kuchsizlanishiga olib keladi. Natijada bu payt bemor vaksina olganda, tanada koronavirus infeksiyasiga qarshi javob reaksiya – antitelalar ishlab chiqarilishi past boʻladi.

    Shu bois ham mutaxassislar oʻsma xastaliklariga chalingan insonlarni kimyo yoki nur terapiyadan avval emlanishini maslahat beradi. Bu bilan maxsus terapiya sababli immunitet kuchsizlangan vaqtda bemorning “COVID-19” infeksiyasiga chalinish xavfi pasayadi.

    Demak, toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatma shuki, onkologik kasalliklarga chalingan insonlarning koronavirus infeksiyasini yengil oʻtkazishi uchun ham vaksinatsiya qilinishi zarur.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati “Oʻzbekiston 24” telekanali bilan hamkorlikda tashkillashtirgan “COVID-19”: Savol-javob” teleloyihasida olib bordi.