Xabarga koʻra, “Oppengeymer” kinokartinasi “Eng yaxshi film”, film rejissyori Kristofer Nolan esa “Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyalari boʻyicha Oskarga loyiq koʻrildi.
Ammo bu hali hammasi emas. Film bosh qahramonini jonlantirgan Killian Merfi “Eng yaxshi aktyor” sifatida Oskarni qoʻlga kiritdi.
Kichik Robert Dauni esa ushbu filmdagi ijrosi uchun eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor sifatida eʼtirof etildi. Xullas, ushbu yil kinosi hammasi boʻlib 7 ta Oskar olgan
Shuningdek, 2024-yilgi “Eng yaxshi film” nominatsiyasiga quyidagi filmlar ham nomzod sifatida koʻrilgan:
- “Amerikacha choʻpchak”;
- “Qulash anatomiyasi”;
- “Barbi”;
- “Qoldirib ketilganlar”;
- “Toʻlin oy qotillari”;
- “Maestro”;
- “Oʻtgan hayotlar”;
- “Bechoralar-baxtsizlar”;
- “Qiziqish zonasi”.
“Eng yaxshi ayol roli” uchun beriladigan Oskar mukofoti “Bechoralar-baxtsizlar” filmidagi ijrosi uchun Emma Stounga nasib qildi.
Taʼkidlash lozim, ushbu film eng yaxshi kostyumlar, grim va soch turmagi, badiiy rassom ishi uchun kinoakademiya mukofotlarini ham qoʻlga kiritgan.
Davayn Joy Rendolf esa “Qoldirib ketilganlar” filmidagi roli uchun ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa sifatida eʼtirof etildi.
Rejissyor Mstislav Chernov tomonidan suratga olingan “Mariupolda 20 kun” filmi eng yaxshi toʻliq metrajli hujjatli film deb topildi.
Eng yaxshi animatsion film uchun beriladigan mukofot Xayao Miyadzakining “Bola va qush” filmiga nasib etdi.
Filmdagi eng yaxshi qoʻshiq uchun Oskar mukofoti Billi Aylish va Finneas OʻKonnellga topshirildi. Ular “Barbi” filmida “What Was I Made For?” qoʻshigʻini kuylashgan.
Maʼlumot uchun, “Barbi” rejissyori Greta Gervig va filmda bosh rolni ijro etgan Margo Robbi Oskar mukofotiga nomzod sifatida qoʻyilmagan.