Azal-azaldan yurtning, raʼiyatning osoyishtaligi bardavom boʻlishini, maʼnaviyati, aql-zakovati, salohiyati yuksalishini oʻylagan, insonning baxtu iqbolini faqat moddiy farovonlik belgilamasligini, maʼnaviy, ruhiy boyliksiz odam bolasining hayoti toʻkis boʻlmasligini va bu ikki muhim omil biri-birisiz kemtik boʻlishini tushunib yetgan podsholar oʻz atrofiga ilm, ijod ahlini toʻplagan, ularga sharoitlar yaratib bergan, ulardan maslahat olib turgan. Bunga tarixdan koʻplab misollar keltirish mumkin. Buning eng yorqin misoli Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy faoliyatidir.
Husayn Boyqaro safardan qaytganda unga peshvoz chiqqan Alisher Navoiy yaqinda yozib tugatgani “Xamsa”ni taqdim etadi. Bundan mutaassir boʻlgan sulton shoirni oʻzining oq otiga mindirib, jilovni oʻzi ushlab saroy ayonlari oldidan oʻtadi. Bu faqat Husayn bilan Alisherning doʻstligi ifodasi emas, yurt podshosining shoirlarga, ijod ahliga, soʻz sanʼatiga, yaʼniki adabiyotga hurmati, mehri, soha va soha xodimlarini qadriga yetganining amaliy ifodasi boʻlgan.
Shohlar haqida asarlar bitilganini bilamiz. Ammo shoh shoirlar haqida asar yozgani kamyob voqea. Bu ham shu ikki buyuk ajdodimizga tegishli – Husay Boyqaro Alisher Navoiy haqida risola yozgan. 1995-yilda “Sharq” nashriyotida chop etilgan ushbu risolani Aftondil Erkinov nashrga tayyorlagan, unga Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov muxtasar soʻzboshi yozgan. “Bir guruh adabiyotshunos olimlarimiz tariximizdagi bu kemtiklikni toʻldirish maqsadida “aybi” podsholik boʻlgan shoirlarimizning asarlarini jam etib, nashr etayotgan ekan, bu hurriyatimiz mahsuli, tarixiy adolatning tiklanishi, deb hisoblayman”, deb xulosa qiladi E. Vohidov. Husayn Boyqaro oʻz risolasida Alisher Navoiy haqida shunday yozadi: “Mir Alisher “aslahallohu shonahu”kim, taxallusi Navoiyga mashhurdurur va ashʼorida bu taxallus mastur. Turk tilining oʻlgan jasadigʻa Masih anfosi bila ruh kiyurdi va ul ruh topqanlargʻa turkiyoyin alfoz toru pudidin toʻqulgʻan xulla va harir kiydurdi. Va soʻz gulistonida navbahor tabʼidin ravonaso yogʻinlar bila rango-rang gullar ochti va nazm daryosigʻa sahobi fikratidin ruhparvar qatralar bila gʻunogʻun durlar sochti. Har sinf sheʼr maydonigʻakim takovar surdi – ul kishvarni tigʻi zabon bila oʻz xittai tasarrufigʻa kivurdi.Aning nazmi vasfida til qosir va bayon ojiz turur.”
Koʻrinadiki, Navoiy Boyqaroni qancha ulugʻlagan boʻlsa (“Majolis-un nafois”ning sakkizinchi majlisi toʻlaligicha Husayn Boyqaroga bagʻishlangan), Boyqaro ham Navoiyni shu darajada ardoqlagan. Husayn Boyqaro saroyida Navoiydan boshqa shoirlar ham koʻp boʻlgan. Umuman, Amir Temurdan boshlab, barcha temuriyzoda podsholar ijod ahliga, olimlarga rahnamolik qilgan, ilmni, madaniyat va maʼrifatni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratgan.
Soʻz ilohiy, soʻz qudratli
Butun borliq Soʻz bilan yaralgan. Olloh “Boʻl!” deb amir qilgan, boʻlgan, yaʼni, olam yaralgan. Hamma narsaning asosi, boshlanishi soʻz. Soʻzsiz hech narsani tasavvur qilib boʻlmaydi. Muqaddas kitoblardagi fikrlar ham soʻz bilan ifodalangan. Odamlarning oʻzaro muloqoti, farzand tarbiyasi, bu yorugʻ olamda insoniyat paydo boʻlgandan beri yaratilgan barcha maʼnaviy boyliklar, podsholar, xonlar, amirlar, prezidentlarning amru farmonlari, nutqiyu maʼruzalari – barcha-barchasi soʻz bilan ifodalanadi, soʻz orqali yetkaziladi ommaga.
Soʻzning taʼsiri atomdan kuchli, faqat uni oʻtin yorishga ishlatmaslik kerak, degan edi Abdulla Qahhor. Bugungi kunda soʻzning qudrati, oʻrni va ahamiyati tobora oshib borayotir. Soʻz bilan ajralish yoqasida turgan oilani isloh qilish, oʻrtasiga nifoq tushgan birodarlarni yarashtirish mumkin. Aksincha, nooʻrin, oʻylanmay aytilgan yoki yozilgan soʻz doʻstlarning orasiga nifoq solishi, oilani buzib yuborishi hech gap emas. Yaxshi gap bilan ilon inidan, yomon gap bilan qilich qinidan chiqadi, degan maqol bekorga aytilmagan. Abu Muʼin Nasafiy bobomiz “soʻzning yaxshi-yomoni yoʻq, hamma soʻz yaxshi, faqat oʻrnida, vaqtida ishlatilmagan soʻz yomon”, deganlar.
Soʻz oʻz qudrati, jilosi, ohangi bilan adabiyotda yorqin namoyon boʻladi. Zero, adabiyotning quroli, asosi soʻzdir. Adabiyotni soʻz sanʼati, ulugʻ shoir va yozuvchilarni soʻz zargari, deb aytilishida chuqur maʼno-mazmun mujassam.
Tarixiy uchrashuv
Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyatini boshlagandan keyin birinchi uchrashuvni olimlar bilan oʻtkazdi. Ularning fikrlarini, muammolarini, takliflarini eshitdi. Mavjud muammolarni hal etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berdi, shu bilan birga, olimlarni jamiyatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmushini yuksaltirishga qaratilgan ilmiy kashfiyotlar qilishga daʼvat etdi.
Oradan koʻp oʻtmay, 2017-yil 3-avgustda Prezidentimiz ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashdi. Men oʻsha uchrashuvda ishtirok etganman. Aytishim kerakki, bunday (oʻxshash deb boʻlmaydi, sababi, bu uchrashuv mutloqo boshqacha boʻldi) tadbirlarda avval ham qatnashganman. Ammo bu qadar ochiq, samimiy suhbatni koʻrmaganman. “Biz hammamiz bir-birimizni yaxshi bilamiz, mashhur bir qoʻshiqda aytilganidek, “oʻrtada begona yoʻq”, dedi Shavkat Mirziyoyev soʻz avvalida. Bu gaplardan keyin izdihomda shunday muhit paydo boʻldiki, avvalo rasmiyatchilik barham topdi, davlat rahbari, boz ustiga yangi saylangan Prezident bilan uchrashuv qanday boʻlar ekan, qaysi sohani, qaysi rahbarni tanqid qilar ekan, meni turgʻizib qolsa, nima deyman, degan hadik koʻtarildi. Hamma oʻzini erkin tutdi, koʻnglidagi fikrini erkin, bemalol aytish mumkinligini sezdi. Muloqot Prezidentning oʻzi taʼkidlaganidek, “samimiy va ochiq muloqot ruhida oʻtdi”. Besh soatlar davom etgan uchrashuvda barcha koʻzi yonib, butun vujudi bilan davlatimiz rahbarining soʻzlarini tingladi. Prezident qaysi sohaning muammolarini aytib, ularni hal qilish yoʻllarini koʻrsatsa, qatnashchilar “bular bizning koʻnglimizdagi gaplar-ku, bizning dardimiz-ku”, deb ich-ichidan suyunib, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirayotgani ularning yuz-koʻzlaridan sezilib turardi. Nazarimda, uchrashuv ishtirokchilari misolida mamlakatimizning barcha ijodkor ziyolilari sergak tortayotganday, ayrim mudroq qalblar ham uygʻonganday, atrofga tiyrak koʻz bilan qarayotganday edi.
Shu oʻrinda kichik lirik chekinish
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri etib tayinlangan kezlar edi. Bir yumush bilan qishlogʻimizga bordim. Qarindoshlar bilan gurung qilib oʻtirgandik Saidqul pochcham (Olloh rahmat qilsin) “Bizdi hokimimizni Toshkanga olib ketib qoldingizlar-da” dedi. Men ajablandim. Pochcham juda sezgir, mamlakatimizdagi, butun dunyodagi voqealarni kuzatib boradigan, hamma sohaga qiziqadigan inson edi. Men pochchamni Vasiliy Shukshinning “Mot qildi” hikoyasidagi Gleb cholga oʻxshatardim. Moʻylovini silab, koʻzini yerdan uzmay salmoq bilan soʻzida davom etdi: “U kishi butun viloyatni uygʻotdi... Odamlarning qornini toʻydirdi...”, dedi. Shu joyda men gapni ildim: “Samarqandliklarning qorni toʻygani yaxshi, boshqalar-chi? Butun mamlakat aholisining qorni toʻyishi kerak-ku”, dedim. Pochcham maʼnodor jilmaydi-da, “Toʻgʻri...” dedi. Ikki-uch yildan keyin pochcham bilan bir gurungda oʻzim gap ochdim va oldingi suhbatni eslatdim. “Oʻshandagi gapingiz toʻgʻri ekan”, dedi pochcham.
Darhaqiqat, Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir sifatida koʻp ish qildi. Eng muhimi, odamlardagi mudroqlikni, erinchoqlikni yoʻqotishga harakat qildi va maʼlum darajada bunga erishdi. Ammo barcha imkoniyatlarini toʻla ishga sola olmadi, chunki u paytda buning iloji yoʻq edi. Sababi barchaga ayon. 2016-yilning kuzidan bu istak va rejalar amalga osha boshladi. Ochigʻi, koʻpchilik bir maromda, silliq ishlashga oʻrganib qolgan edi. Shavkat Mirziyoyev butun jamiyatni oʻzgartirib yubordi.
Tasavvur qiling, bir odam yillar davomida kun oʻtsa bas qabilida tirikchilik qilib yuradi, oʻzi bilib-bilmay bir qolipga tushib qoladi. Eng yomoni, shu qolipni buzsa hayoti izdan chiqadigandek qoʻrquv paydo boʻladi. Oqibatda “oʻrganib qolgan halovati”dan voz kechgisi kelmaydi. Shu odamning yuziga ilkis muzdek suv sepsangiz avvaliga gangiydi, ammo koʻzi yarq etib ochiladi. Nima boʻlyapti, deb yon-atrofiga alanglaydi, miyasida turli fikrlar gʻujgʻon oʻynaydi. Yana bir marta sovuq suv sepsangiz, hushyor tortadi, yillar mobaynida paydo boʻlgan “oromi”, yaʼni, qolipi buzilganini sezadi. Avvaliga bu holat unga yoqmaydi, lekin asta-sekin yangi vujudga kelgan “halovatsizlik”ka oʻrganadi, “E, sal boʻlmasa qonim quyuqlashib qolar ekan-a”, degan fikr oʻtadi xayolidan. (Qon quyuqlashishi koʻplab kasalliklarga, jumladan, infarkt, insultga olib kelishi barchaga maʼlum). Va fikrlari tiniqlashadi, oʻzi, birovning yordamisiz, nimalardir qilishga, turmushini yaxshilash uchun biron tadbir oʻylab topishga harakat qiladi.
Jamiyatimiz, xalqimiz ana shunday jarayonni boshidan oʻtkazdi bundan besh yil oldin. Davlatimizning yangi rahbari butun xalqimizning koʻzini ochdi, hayotga, dunyoga tiyrak koʻz bilan qarashni, bu jahonda qanday aql bovar qilmas ishlar boʻlayotganini idrok etishga, ulardan oʻrnak olishga davʼvat etdi. Erishgan muayyan yutuqlarimizga mahliyo boʻlib oʻtirsak, oʻtiraveramiz. Dunyo nihoyatda shiddat bilan rivojlanib borayotir. Oyda emas, kunda bir necha yangilik. Zamon bilan hamqadam boʻlmaslik insonga faqat zarar ekanini tushuntirdi. Butun mamlakat ahli – yoshi, kasbi, lavozimidan qatʼi nazar, gʻimirlab qoldi. Kabinetlarda “stol qoʻriqlab oʻtirishlar” barham topdi. Rahbariyat bilan oddiy xalq oʻrtasidagi koʻzga koʻrinmas, ammo mustahkam devor olib tashlandi. Odamlar rahbarlar huzuriga emas, rahbarlar odamlar oldiga boradigan boʻldi. Bu jarayondan hech bir soha chetda qolmadi. Nisbatan biroz koʻzdan panada yuradigan xorijiy davlatlardagi elchixonalarimiz xodimlari ham harakatga tushdi. Prezident ularni yigʻib, elchilarning zimmasiga aniq vazifalar qoʻydi. Natijada mamlakatimizning xalqaro hamkorligi kuchaydi, chet ellardan investitsiya jalb etish sezilarli darajada koʻpaydi.
Maʼmuriy oʻzgarishlardan boshlab barcha sohalarda kutilmagan, ilgari uchramagan yangiliklar, kreativ yondashuvlar, yangi-yangi fikrlar, misli koʻrilmagan bunyodkorlik ishlari boshlanib ketdi. Pochcham aytganidek, odamlarni toʻydirish uchun “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, deb, xalqni rozi qilish asosiy vazifa qilib qoʻyildi, mamlakatda kambagʻallar borligi tan olindi, ularni kamaytirish choralari koʻrilmoqda. Buning uchun yangi vazirlik tashkil etildi.
Bular alohida mavzu. Biz fikr yuritayotgan tarixiy uchrashuvga qaytaylik.
Yigʻilishda Prezidentimiz juda koʻp masalalarni ochiq-oydin aytdi. Mavjud muammolarning yechimini belgilab berdi. Biz uchun yangilik boʻlgan mexanizmlar oʻrtaga tashlandi. Teatrlar, ijodiy uyushmalar, sanʼat sohasidagi oliy oʻquv yurtlari bilan kompaniya, uyushma, yirik korxonalar, banklar oʻrtasida doʻstlar klublari tashkil etildi. Bu ijod ahlini moddiy qoʻllab-quvvatlashning oʻziga xos mexanizmidir. Oʻtgan vaqt mobaynida bu klublar faoliyati yaxshi natija berganini barcha koʻrib turibdi.
Adabiyot “A”dan boshlanadi
Adabiyot odobni, odob-axloqni oʻrganadi va oʻrgatadi. Odob farzand tarbiyasining ibtidosi. Bolasi ulgʻayib, el qatoriga kirganda ota-onasiga rahmat keltirishni istaganlar farzandiga avvalo odobni oʻrgatadi. Biron-bir bola nojoʻya ish qilsa, “e, bu odobsiz ekan, ota-onasi odobni oʻrgatmagan ekan-da”, deyishadi.
Adabiyot bejiz “a”dan boshlanmagan. Barcha sanʼatlarning ibtidosi va asosi adabiyot. Adabiyotning jamiyatdagi oʻrni salmoqli, vazifasi ulkan. Shuning uchun hamma zamonda adabiyotga alohida eʼtibor qaratilgan. Bizning davrimizda ilm-fanga, adabiyot va sanʼatga, maʼnaviyat va maʼrifatga ehtiyoj har qachongidan-da ziyoda.
Shavkat Mirziyoyevni necha yildan beri bilsam, qaysi lavozimda ishlamasin, shoir va yozuvchilarga, sanʼatkorlarga, jurnalistlarga eʼtibori boʻlakcha. Adabiyot va sanʼatni rivojlantirish borasida qilingan ishlarni, yozuvchilarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikni koʻz oldimizga keltiraylik.
Alisher Navoiy nomidagi Milliy bogʻda Adiblar xiyoboni barpo etildi. Gʻoyat soʻlim, bahavo, koʻrkam bu bogʻda yigirma beshta shoir va yozuvchilarimizning salobatli haykallari oʻrnatildi. Adiblar xiyobonining umumiy kompozitsiyasi shunday ishlanganki, tepalikda turgan Alisher Navoiy hazratlari oʻzining bugungi avlodlariga qarab turganday, xuddi majolis-un nafoyis oʻtkazayotganday tasavvur uygʻotadi. Bu “majlis” qatnashchilari safi koʻpayib boraverishiga ishonamiz.
Bugun mazkur xiyobonda turli adabiy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda, yosh qalamkashlar ustozlardan saboq olmoqda. Shu maʼnoda bu bogʻni ochiq auditoriya, deyish mumkin. Poytaxtimiz aholisi va mehmonlari ushbu xiyobonga farzandlari, nevaralari bilan kelib sayr qiladi, maʼnaviy ozuqa oladi. Yana bir ibratli jihati: bogʻdagi har bir haykal muayyan oliy oʻquv yurtiga biriktirilgan. Oʻsha universitet yoki institut talabalari bu yerga kelib, madaniy tadbirlar oʻtkazadi. Oʻsha shoir yoki yozuvchining hayoti va ijodini oʻrganadi. Bu usul yoshlarda, garchi boshqa yoʻnalishlarda tahsil olayotgan boʻlsa-da, adabiyotga, tariximizga qiziqish uygʻotadi, ularning maʼnaviy olami kengayishiga xizmat qiladi.
Adiblar xiyoboni hududida Yozuvchilar uyushmasi uchun alohida bino qurib berildi. Bu koshonaning arxitekturasi barchani hayratga solmoqda. 2018-yil avgust oyida Toshkentda oʻtgan “Oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashgan Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi, Ozarbayjon xalq yozuvchisi, Ozarbayjon davlat mukofoti laureati Anor uyushmamizning Faxriy mehmonlar kitobiga quyidagilarni yozib qoldirgan: “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasini va uning matbuot organlari tahririyatlarini katta mamnuniyat bilan koʻzdan kechirdim. Davlatning yozuvchilarga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligi, mana shunday muhtasham bino qurib bergani, meni nihoyatda hayratga soldi, quvontirdi.”
Oʻsha xalqaro anjumanda qatnashgan Turkiya, Eron, Fransiya, Misr, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Ukraina, Latviya, Qozogʻiston, Tojikiston va boshqa mamlakatlar yozuvchilari ham bu gʻamxoʻrlik va eʼtiborni alohida taʼkidladi. Darhaqiqat, bu har qancha ehtirom va eʼtirofga loyiq ishdir. Chunki shu paytgacha Yozuvchilar uyushmasining muqim binosi yoʻq edi, bizning avlod koʻz oʻngida uyushma toʻrt-besh joyga koʻchdi.Har bir koʻchish esa muayyan yoʻqotishlar demakdir.
Ijodkor uchun maishiy sharoitning ahamiyati katta. Uyushma binosi yaqinida yozuvchilar uchun koʻp qavatli uylar qurildi. Bugun ana shu uylarda yuzdan ziyod yozuvchilar istiqomat qilmoqda. Ayniqsa, ijarama-ijara koʻchib yurgan yosh shoir va yozuvchilar uchun bu ulkan imkoniyat, quvonch boʻldi. Yigʻilishda Zomin va Parkent tumanlarida ijodkorlar uchun zamonaviy kottejlar qurilishi haqida aytilgan edi. Zominda shunday maskan bunyod etildi. Adiblar u yerga borib xordiq chiqarishmoqda.
Bunday gʻamxoʻrliklar xorijlik hamkasblarimizni hayratga solib, havasini tortmoqda. Jumladan, yuqorida eslaganimiz, xalqaro konferensiya ishtirokchilari buni bot-bot qayd etdi. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi Anor Bokuda chiqadigan “525-gazet” gazetasida katta maqola eʼlon qildi. “Oʻzbekistondagi unutilmas lahzalar” sarlavhali ushbu maqolada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaralari, ayniqsa, yozuvchilarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklar haqida toʻlqinlanib yozilgan.
Xalqimiz isteʼdodlarga boy. Nainki shaharlarda, balki uzoq-uzoq qishloqlarda ham talantli yoshlar koʻp. Ularni izlab topish, qiziqishiga qarab qoʻllab-quvvatlash zarur. Ana shu maqsadda Prezidentimiz tashabbusi bilan Namanganda Isʼhoqxon Ibrat, Toshkentda Abdulla Qodiriy, Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya, Qoraqalpogʻistonda Ibroyim Yusupov, Fargʻonada Erkin Vohidov, Qashqadaryoda Abdulla Oripov, Andijonda Muhammad Yusuf, Sirdaryoda Halima Xudoyberdiyeva ijod maktiablari ochildi. Ularda adabiyotga tashna, kelajakda shoir, yozuvchi boʻlaman, degan yuzlab yosh iqtidor egalari tahsil olmoqda. Ular ichidan zabardast shoir va yozuvchilar yetishirb chiqsa ajab emas. Zero, har bir sohada boʻlgani kabi ijodkor ziyolilarni tayyorlashda ham izchillik zarur. Aks holda uzilish roʻy beradi, bu boʻshliq paydo qiladi, keyin bu boʻshliqni toʻldirish qiyin kechadi. Oʻsha uchrashuvdagi maʼruzasida Prezidentimiz bunday dedi: “Adabiyot va sanʼatga, madaniyatga eʼtibor — bu avvalo xalqimizga eʼtibor, kelajagimizga eʼtibor ekanini, buyuk shoirimiz Choʻlpon aytganidek, adabiyot, madaniyat yashasa, millat yashashi mumkinligini unutishga bizning aslo haqqimiz yoʻq”.
Milliy bogʻ hududida bugun keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu yerda Milliy akdemik drama teatrimiz uchun maxsus bino, yirik kutubxona, muzey qurilmoqda. Loʻnda qilib aytganda, bu hudud nafaqat poytaxtimizning, balki butun mamlakatimizning maʼnaviy-maʼrifiy markazi boʻladi.
Qalam ahli haqida gap ketganda, jurnalistlarni eslamay ilojimiz yoʻq. Chunki jamiyat hayotida hamisha bu sohaning oʻrni ham, ahamiyati ham salmoqli boʻlgan. Bugun jurnalistika haqiqiy toʻrtinchi hokimiyat darajasiga koʻtarilib borayotir. Matbuotda, radio va televideniyeda, ijtimoiy tarmoqlarlarda yurtimizda amalga oshriliayotgan keng koʻlamli islohotlar va ularning natijalari, shu bilan birga, mavjud kamchiliklar, muammolar ham ochiq va keng yoritilmoqda. Joylardagi koʻplab muammolar ana shu chiqishlar ortidan barham topayotir. Davlatimiz rahbari jurnalistlarga joylardagi muammolarni aniqlashda va hal qilishda sizlar menga yordamchisizlar, deb aytgani bejiz emas. Shuning uchun jurnalist kadrlar tayyorlash, jurnalistikamizni jahon jurnalistikasi darajasiga koʻtarish choralari koʻrilmoqda. Buning uchun avvalo, soʻz erkinligi taʼminlanmoqda, jurnalistlar va blogerlar uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgani shulardan biridir. Mavjud jurnalistika fakultetlari bilan birga Toshkent va Samarqanddagi bir necha oliy oʻquv yurtlarida ham jurnalistika boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.
Sanʼat – maʼnaviy tarbiya vositasi
Sanʼatning jamiyat hayotidagi oʻrni haqida gapirganda bir tarixiy voqeani eslash oʻrinli, deb oʻylayman.
1812-yildagi urushda Fransiya yengiladi. Napoleondan keyin Fransiya taqdiri nima boʻladi, Yevropa davlatlarining chegaralari qanaqa boʻladi, degan masalalar koʻtariladi. Venada shu masala boʻyicha konferensiya oʻtkazish moʻljallanadi. Unda Fransiyadan tashqi ishlar vaziri Sharl Taleyran ishtirok etishi belgilanadi. Fransiya taqdiri hal qilinishi koʻzda tutilgan bu konferensiyaga Taleyran jiddiy tayyorgarlik koʻradi. U Fransiya ichki ishlar vaziri Fushening oldiga boradi. Aslida bu ikki vazirning oʻzaro munosabati yaxshi boʻlmaydi, lekin vatan taqdiri, millat taqdiri haqida gap borayotganda, ular shaxsiy munosabatlarni bir chekkaga yigʻishtirib qoʻyadi. Taleyran masalani aytadi va Fushedan maslahat soʻraydi. Fushe Fransiyaning dunyoga mashhur sanʼatkorlarini, shoir va yozuvchilarini, jurnalistlarini konferensiyadan oldin Venaga joʻnatishni, ular Venada fransuz sanʼatini, madaniyatini keng targʻib qilishi lozimligini maslahat beradi. Toki konferensiya ishtirokchilari shunday yuksak sanʼati, madaniyati bor millat, xalq alohida mustaqil davlat sifatida qolishiga, Yevropani Fransiya davlatisiz tasavvur qilish mumkin emasligiga ishonch hosil qilsin. Taleyran shunday qiladi: Venada fransuz xonandalarining konsertlari, shoirlarning uchrashuvlari tashkil etiladi. Muxbirlari bu jarayonni Yevropa davlatlariga, butun dunyoga keng targʻib qiladi.
Konferensiya yakunida Fransiya Yevropaning qudratli davlati sifatida saqlab qolinadi. Albatta, bunda mahoratli diplomat, bilimdon siyosatchi Taleyranning xizmati beqiyos. Fransiya sanʼatkorlari, shoirlari unga katta madad, kuch beradi.
Sanʼat shunday qudratli kuchga ega...
Biz soʻz yuritayotgan tarixiy uchrashuvda sanʼatning barcha turlarini rivojlantirish yoʻllari belgilab berildi. Oʻtgan vaqt mobaynida bu borada koʻp salmoqli ishlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etmoqda. Sanʼatimizning gultoji boʻlgan maqom sanʼatini rivojlantirish haqida Prezident qarori qabul qilindi. Unga koʻra, har ikki yilda Shahrisabzda xalqaro maqom festivali oʻtkaziladigan boʻldi, birinchi festival 2018-yilda oʻtdi. Shuningdek, baxshichilik sanʼati festivali, hunarmandlar festivali joriy etildi. Ularning ham dastlabkisi Termiz va Qoʻqonda boʻlib oʻtdi. Bu festivallar doirasida milliy musiqa va baxshichilik, hunarmandlik sanʼatimiz jahon uzra targʻib qilinmoqda. Ayni chogʻda sanʼatkorlarimiz, sanʼatshunoslarimiz xorijlik hamkasblari bilan ijodiy aloqalar oʻrnatmoqda.
Bu sohaga qiziquvchi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ular oʻz isteʼdodini toʻla namoyon etishi uchun sharoit va imkoniyat yaratish maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa instituti tashkil etildi, Toshkent milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi Xoreografiya akademiyasiga aylantirildi va yangi binoga koʻchib oʻtdi.
Eng ommaviy sanʼat turlaridan boʻlgan kino sanʼatini rivojlantirish boʻyicha salmoqli ishlar qilinmoqda. Bunga Prezidentimizning tegishli qarori huquqiy asos boʻlib xizmat qilayotir. Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari xalqaro Toshkent kinofestivali koʻpchilik kino muxlislarining yodida boʻlsa kerak. Bir hafta davomida respublikamzda kino bayrami boʻlardi. Oʻnlab mamlakatlardan kino yulduzlari kelar, oʻsha davlatlarning eng sara filmlari namoyish etilar, dunyoga taniqli aktyor va aktrisalar, rejissyor va kinodramaturglar bilan uchrashuvlar oʻtkazilar edi. Bu tadbirlar yurtimiz sanʼat muxlislariga zavq-shavq bagʻishlab, ularning dunyoqarashi kengayishida muhim ahamiyat kasb etardi...
Ana shunday zavqli kino bayrami negadir toʻxtab qolgan edi. Prezidentmizning 2021-yil 19-iyundagi qarori bilan bu festival “Ipak yoʻli durdonasi” nomi bilan qayta tiklanadigan boʻldi. Nasib etsa, joriy yil 28-sentyabr - 3-oktyabr kunlari ushbu sanʼat bayramini mamlakatimiz sanʼat muxlislari tomosha qiladilar.
Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Bastakorlar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha ham Prezident qarorlari eʼlon qilindi. Ushbu qarorlar ijrosini taʼminlash yuzasidan qator ishlar amalga oshirildi va bu ezgu ishlar davom etmoqda.
Bulardan ayon boʻladiki, Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari shiori ostida Uchinchi Renesans poydevorini qoʻyayotgan Yangi Oʻzbekiston uchun adabiyot va sanʼatning oʻrni, roli va ahamiyati juda katta. Zero, milliy yuksalishni taʼminlash uchun iqtisodiy boylikning oʻzi yetarli emas, maʼnaviy boylik ham suv va havodek zarur. Binobarin, insonni iqtisodiy qashshoqligini qarindosh-urugʻlar, doʻst-birodarlar koʻmagida bartaraf etish mumkin, ammo maʼnaviy qashshoqlikni har bir inson oʻzi hal qilishi lozim. Bu borada birov yordam berolmaydi, faqat oʻrgatishi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi mumkin, xolos. Qaysi jamiyatning barcha aʼzolari ham moddiy, ham maʼnaviy boy boʻlsa, oʻsha jamiyat rivojlanishga, taraqqiyotga erishadi. Davlatimiz rahbari 2021-yil 19-yanvarda oʻtgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotilarining hamkorligini kengaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishidagi maʼruzasida “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi – maʼnaviyatdir” dedi. Bu fikr 2017-yil 3-avgustdagi uchrashuvda aytilgan fikrlar, ilgari surilgan taklif va tavsiyalarning mantiqiy davomidir. Zero, Shavkat Mirziyoyev har sohada izchillikni, tizimli ishlashni xush koʻradi, boshqalardan ham shuni talab qiladi. Shu maʼnoda Prezidentimizning besh yillik faoliyatiga nazar solsak, deyarli har bir maʼruzasi, nutqi va suhbatida adabiyot va sanʼat, maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga toʻxtalib oʻtganini koʻramiz.
...Maqolamizni Husayn Boyqaro Alisher Navoiyni oq otga mindirgani voqeasi bilan boshlagan edik. Endi ayting, Prezidentimizning adabiyot va sanʼat ahliga – ijodkor ziyolilarga koʻrsatayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrligi (har yili oʻnlab ijodkorlar davlatimizning faxriy unvonlari, orden va medallar bilan taqdirlanayotganini ham esdan chiqarmaylik) ularni oq otga mindirishdan kammi?! Sulton Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga himmat koʻrsatgan boʻlsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev qancha ijodkorlarga beminnat va begʻaraz himmat koʻrsatayotir?! Buning hisobi bormi? Alisher Navoiy-ku sulton Husayn Boyqaroning ishonchini oʻn chandon, yuz chandon oshirib ado etgan. Biz – bugungi oʻzbek ijodkorlari Prezidentimizning ishonchini qanchalar oqlayapmiz, u kishining marhamati va himmatiga nechogʻli javob bera olyapmiz? Oʻylaymanki, har bir ijodkor — u shoir va yozuvchimi, rassom va kompozitormi, xonanda va sozandami, kino va teatr vakilimi, jurnalist va blogermi — bu haqda jiddiy fikr qilmogʻi, boshqacha aytganda, huquqi bilan birga, burchini ham unutmasligi kerak. Zotan, hammamiz shu Vatan, shu xalq farzandimiz. Farzand esa ota-ona oldida doimo qarzdor. Shuni sira unutmaylik, aziz oq otli ijodkorlar.
Mamatqul HAZRATQULOV,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist