Tajriba almashish Safar iqlim sharoiti Oʻzbekiston iqlimiga oʻxshash boʻlgan Aydaho va Yuta shtatlarida boʻlib oʻtdi.
Ushbu safarning asosiy maqsadi kichik aholi punktlarida markazlashgan va markazlashmagan oqova suv tizimlari, oqova suvlarni tozalash texnologiyalari hamda ijtimoiy obyektlar infratuzilmasi bilan tanishishdan iborat boʻldi. Safar davomida eʼtibor asosan taʼlim va tibbiyot muassasalarida sanitariya va oqova suvlarni tozalash masalalariga qaratildi.
Mazkur xizmat safari AQSH tajribasi asosida Oʻzbekistonning uchta viloyatidagi uchta qishloq maktabida “Soakaway” (septik infiltratsiya tizimi) avtonom oqava suv tizimlari va hojatxonalar qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan pilot-loyiha doirasida tashkil etildi. Delegatsiya tarkibiga Strategik islohotlar agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” DUK, Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ hamda “Qishloq Qurilish Loyiha” DUK vakillari kirdi.
Safar davomida delegatsiya aʼzolari oqova suvlarni tozalashning turli tizimlari, jumladan, kanalizatsiya lagunalari (bioprudlar), shahar oqava suvlarini tozalash inshootlari, maktablardagi “Soakaway” septik infiltratsiya tizimlari bilan tanishdilar va septik hamda infiltratsiya kameralarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashrif buyurdilar. Shuningdek, delegatsiya Aydaho va Yuta shtatlaridagi maktablar, shifoxonalar va universitet kampuslarida boʻlib, ijtimoiy obyektlar uchun infratuzilmaviy yechimlar bilan tanishdilar, deb xabar beradi Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati.
Olingan tajriba, avvalo, Oʻzbekistonning qishloq joylaridagi maktab va shifoxonalardagi sanitariya sharoitlarini yaxshilashga, shuningdek, shaharlardagi oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan.