Maktabgacha taʼlim tizimi 1985-yildagi taʼlim islohotida belgilangan tamoyillar asosida yoʻlga qoʻyilgan. Unga koʻra, maktabgacha taʼlim muassasalarini davlat korxonalari, ishlab chiqarish guruhlari, hokimliklar, jamoalar va ijtimoiy guruhlar otaliqqa olishi kerak. Hukumat maktabgacha taʼlimga homiylik qilish xususiy va turli davlat tashkilotlarining ijtimoiy xizmatlaridan biri ekanini eʼlon qildi. Shuningdek, oʻsha yilgi islohotda maktabgacha taʼlimni pulli qilish va pedagog kadrlar tayyorlash mexanizmini kuchaytirish koʻzda tutilgan.
Xitoylik bolalar odatda 3-6 yoshgacha bogʻchaga qatnaydi. Tarbiyachilar, albatta, boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi maqomiga ega boʻlishi lozim. Asosiy eʼtibor bolaning oʻyin oʻynashi yoki dam olishiga emas, intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratiladi.
Olti yoshga toʻlgan bolalar anʼanaviy tarzda boshlangʻich maktabga yuboriladi. Boshlangʻich taʼlim mamlakatning barcha fuqarosi uchun majburiy. Oʻqish muddati – 6 yil. Standart oʻquv yili ikki semestrdan iborat boʻlib, sentyabrdan iyulgacha davom etadi. Boshlangʻich sinf oʻquvchilari xitoy tili, matematika, jamiyatshunoslik, tabiatshunoslik, jismoniy tarbiya, mafkura va axloq, musiqa, tasviriy sanʼat hamda mehnat kabi majburiy fanlarni oʻrganadi. Boshlangʻich taʼlim bosqichida chet tillarni oʻrganish bola va ota-ona ixtiyorida.
Mamlakatdagi oʻrta taʼlim tizimi shartli ravishda ikki bosqichdan iborat: quyi (birinchi) va yuqori (ikkinchi). Quyi bosqich 12 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan uch yillik oʻqish uchun moʻljallangan va majburiy taʼlimning yakuniy bosqichidir. Oʻrta taʼlimning birinchi bosqichida (3 yil) oʻquvchilar kamida 13 ta asosiy fanni oʻrganadi. Oʻquv yili oxirida yakuniy imtihonga kirish uchun barcha fandan kamida 60 ball toʻplash shart. Toʻplay olmaganlar keyingi yilga qoldiriladi.
Yuqori oʻrta taʼlim darajasida (15–19 yosh) yoshlarga taʼlimning 2 turi taklif etiladi: akademik yoki kasbiy. Oʻqitishning bu bosqichi pulli boʻlib, yillik oʻrtacha narxi 4-6 ming yuan.
Bugun Xitoyda 2500 ga yaqin oliy oʻquv yurti mavjud. Ularda 20 milliondan ortiq talaba, jumladan, chet elliklar tahsil oladi. Anʼanaga koʻra, oliy taʼlim muassasalariga 18 va undan katta yoshdagi abituriyentlar qabul qilinadi. Dunyodagi boshqa oliy taʼlim tizimlari singari Xitoy universitetlari ham bakalavr, magistr va fan doktorlarini tayyorlaydi. Bakalavriat taʼlim dasturi 4 yil, magistratura 3 yil, doktorantura 3-5 yil davom etadi. Xitoy universitetlarida kirish imtihoni juda qattiq boʻlishi kelgusida yaxshi kadrlar yetishtirish, saragini sarakka, puchagini puchakka chiqarish bilan izohlanadi. Ammo chet ellik talabalar uchun baʼzi yengilliklar mavjud. Mamlakat taʼlim tizimining asosiy maqsadi talabalarni ilmiy baza bilan taʼminlash, kelajak kasbiga tayyorlash va ijtimoiy masʼuliyatini shakllantirishdan iborat.
Ushbu mamlakat taʼlim tizimining kuchli jihatlaridan yana biri akademik mukammallikka urgʻu berilishi va muvaffaqiyatli mutaxassislar tayyorlanishidir. Oʻgʻil-qizlarga taʼlimga masʼuliyat, tartibga rioya etish va birinchi boʻlishga intilish bolalikdan singdiriladi. Bu odat endi fazilatga, fazilat esa xarakterga aylanib, butun dunyo xitoy millatining qiyofasini masʼuliyat, tartib va gʻalaba timsolida koʻra boshladi.
Xitoy hukumati “fan va taʼlim orqali mamlakat taraqqiyotiga erishish” tamoyili hamda uzoq muddatli rivojlanish strategiyasiga asoslanib, taʼlimni modernizatsiyalash, aholining madaniyatini oshirishga ustuvor vazifa sifatida qaramoqda. Taʼlim ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun strategik ahamiyatga ega ekani eʼtiborga olinib, “Taʼlimni rivojlantirish — modernizatsiyalashuv va kelajakni belgilab beruvchi omil” mazmunidagi yangi yoʻnalish boʻyicha islohotlar amalga oshirilmokda.
Mamlakat zamonaviy oliy taʼlim tizimi tarkibiga universitet, kollej va kasbiy oliy maktablar kiradi. Universitet va kollejlarning asosiy kismi Taʼlim vazirligi nazoratida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, maxalliy hokimliklar boshkaradigan oliy taʼlim muassasalari ham mavjud. Xitoy OTMlari oliy taʼlimning uch bosqichini taʼminlaydi: bakalavriat, magistratura, doktororantura.
Xitoy oliy taʼlimining sifati koʻp mamlakatlarda tan olingan. Shu sababli, bu yurtga almashinuv dasturlari boʻyicha chetdan juda koʻp talabalar boradi. Koʻplab oliy taʼlim muassasalari xorijlik talabalarni qabul qilish huquqiga ega. Oxirgi yillarda u yerdagi oliy taʼlim muassasalari soni nodavlat taʼlim muassasalari hisobiga 70 foiz oʻsdi. Taʼlimni rivojlantirish rejasiga binoan, barcha OTMlar har besh yilda koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini baholash jarayonidan oʻtishi shart. Bu ish maxsus tashkil etilgan Sifatni baholash agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifati uchun masʼul boʻlinmalar ham mavjud. Bunday tizim Xitoyga oʻqitish sohasida katta yutuqlarni qoʻlga kiritish imkonini berdi. Shundan kelib chiqib aytsak, davlatimiz rahbarining joriy yildagi ikkita farmoni Oʻzbekiston taʼlim tizimini ham yangi bosqichga olib chiqishiga shubha yoʻq.
Shulardan biri Prezidentimizning 2025-yil 5-maydagi “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” farmonidir. Unga koʻra, “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi negizida Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tashkil etildi. Agentlik oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish, malakani baholash sohasida tashqi sifat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organidir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 28-apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ham oʻqitish tizimidagi islohotlarda muhim oʻrin tutadi. Chunki mazkur hujjat asosida pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimiga oʻtkazildi. Shu yoʻnalishdagi oliy taʼlim tashkilotlarida xalqaro tajriba asosida oʻquv jarayonlarini samarali boshqarish tizimi joriy etildi. Samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlari (KPI) asosida rahbar xodimlar faoliyatini baholash tizimini ishlab chiqish hamda oliy pedagogik taʼlim mazmunini xalqaro talablarga moslashtirish kabi vazifalar belgilandi.
Qolaversa, xalqaro taʼlim dasturlari qoʻllanadigan yoʻnalishlar uchun professor-oʻqituvchilarni xorijiy universitetlarga maqsadli malaka oshirishga yuborish tizimi joriy etildi. Demak, Prezidentimiz farmonlari Xitoy kasbiy taʼlim tizimidagi kabi katta oʻzgarishlarga olib keladi. Soʻnggi yarim asrda Xitoy savodxonlik darajasi boʻyicha qoloq mamlakatdan samarali oʻrta va oliy taʼlim tizimiga ega mamlakatga aylandi. U iqtisodiy taraqqiyot uchun zarur kadrlar tayyorlash borasida yetarli sharoit yarata oldi. Xitoyning bu boradagi yutuqlarini chet eldan taʼlim olish maqsadida kelayotganlar yildan yilga koʻpayib borayotgani ham tasdiqlaydi. Ayni paytda Xitoy Yaponiya bilan bir qatorda Janubi-sharqiy Osiyoda xorijiy talabalar oqimi boʻyicha yetakchi oʻrinlarni egallab turibdi. Xitoy oliy taʼlimi taraqqiyoti uning global taʼlim makoniga integratsiyalashuvi bilan bogʻliq.
Ushbu mamlakat taʼlim tizimining oʻziga xos xususiyati va afzalligi, eng avvalo, qatʼiy intizom va mehnatsevarlikda. Oʻquvchilardan qatʼiy intizomga rioya etish va tinimsiz mehnat talab qilinadi. Bu yosh avlodning maqsadga erishish yoʻlida sabr-toqatli boʻlishi va oʻz ustida muntazam ishlashiga zamin yaratadi.
Ikkinchidan, taʼlim tizimi aniq maqsadlarga yoʻnaltirilgan, har bir bosqich bilim va koʻnikmani oshirishga qaratilgan. Bu esa, oʻz navbatida, kelgusida muvaffaqiyatga erishishni taʼminlaydi.
Uchinchidan, fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) fanlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu mamlakatning innovatsion rivojlanishi va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Toʻrtinchidan, Xitoyda oʻqituvchi juda obroʻli va masʼuliyatli kasb egasi. Pedagoglar muntazam malaka oshirib, jarayonga yangi texnologiyalarni joriy etib boradi.
Beshinchidan, hukumat taʼlimga katta investitsiya kiritmoqda. Zamonaviy maktablar, laboratoriyalar va kutubxonalarda oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Oʻzbekiston Xitoy tajribasini oʻrganish orqali qator maqsadlarni koʻzlamoqda. Oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini xalqaro standartlarga moslashtirish, STEM fanlarini rivojlantirish orqali yoshlarni innovatsion gʻoyalar yaratish va zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishga ragʻbatlantirish, oʻqituvchilarning malakasini oshirish, ularni zamonaviy pedagogik texnologiyalar bilan tanishtirish, maktablar, kollejlar va universitetlarni zamonaviy jihozlash, mutaxassislarni ichki va tashqi mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish shular jumlasidan.
Xitoy taʼlim tizimi mukammal emas, albatta. Oʻziga yarasha kamchiliklari ham bor. Biroq ushbu tizimning muvaffaqiyatlarini inkor etib boʻlmaydi. Mana shu inkor etib boʻlmas yutuqlar ushbu davlat iqtisodiyotini jadal rivojlantiryapti.
Yurtimizda taʼlim va ilmga eʼtibor qanchalik kuchli ekanini oxirgi kunlarda boʻlib oʻtgan sohaga daxldor voqealar ham yaqqol tasdiqlaydi. Binobarin, Prezidentimizning alohida eʼtibori tufayli pedagoglar munosib taqdirlandi, ragʻbatlantirildi. Davlatimiz rahbari muallimlar bilan yana bir bor samimiy muloqot qildi. Muloqot jarayonida bildirilgan fikr-mulohazalar, tashabbus hamda gʻoyalar esa ushbu yoʻldagi maqsadimiz aniq va ortga qaytmas ekanligini takror isbotladi. Bu yoʻl esa bizni yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti sari yetaklaydi.
Mashʼal SAIDOV,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor