2023-yil 12-iyun kuni Uchtepa tumanida joylashgan Oʻzbekiston Jahon tillari universitetida Toshkent shahar IIBB boshligʻi general-mayor Aziz Toshpoʻlatov boshchiligida yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda joriy yilning 10-iyun kuni Uchtepa tumanidagi 62-sonli maktabning 10-sinf oʻquvchisi, Sayidxalil S. (2006-y.t) shu maktabning “Informatika” fani oʻqituvchisi, Samandar B.ni (1999-y.t) urib, tan jarohati yetkazgani holati muhokama qilindi. 

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tergov yakuni boʻyicha qonuniy chora koʻrilishi taʼminlanadi.

Jabrlangan oʻqituvchi hamda voyaga yetmagan huquqbuzar aka-ukalar, ularning ota-onasi, mahalla raisi va faollari ishtirokida tanqidiy muhokama oʻtkazildi. Muhokama yakunida voyaga yetmagan huquqbuzar va uning ota-onasi barcha ustoz va murabbiylardan uzr soʻrab, bu kabi holat boshqa qaytarilmasligini aytib oʻtishdi.

Muhokama davomida, 62-sonli maktab direktori X.Maxkamova, bolalarning sinf rahbari va 20 nafar oʻqituvchilarning sodir etilgan holat yuzasidan fikr va mulohazalari tinglanib, qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida masʼul rahbarlarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.

Bu kabi noxush holatlarni oldini olish maqsadida, barcha tuman IIO FMB boshliqlari, hududiy xalq taʼlim boʻlimlari va tegishli mutasaddi idora rahbarlari bilan hamkorlikda, poytaxt hududidagi 418 ta maktabning oʻquvchi va oʻqituvchilari oʻrtasida tanqidiy muhokama yigʻilishlari oʻtkazilishi rejalashtirildi.

Barcha tuman IIO FMB boshliqlari, hududiy halq taʼlim boʻlimlari va maktab direktorlari Toshkent shahri boʻyicha 2 278 nafar tarbiyasi ogʻir voyaga yetmaganlarga masʼul biriktirib, har biri bilan yakka tartibda yondashgan holda doimiy nazoratini olib borilishi belgilandi.