Keyingi yillarda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu gʻoya asosida bu sohada katta ishlar amalga oshirildi.

Oʻtgan qisqa davrda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Ilgari tajribamizda boʻlmagan Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi kengaytirildi. Yangi darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari yaratildi.

“Eng muhimi, maktablarimizda yangicha ruh, mazmun va muhit paydo boʻldi. 

Bunda, hech shubhasiz, bolalar qalbining meʼmori, muhandisi boʻlgan hurmatli oʻqituvchi va murabbiylar uchun erkin ishlash imkoniyatini yaratib berganimiz muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Chunki oʻqituvchiga eʼtibor – bu avvalo farzandlarimizga, ularning taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor, degani. Oʻqituvchining obroʻsi oshsa, maktabning obroʻsi oshadi, ilmning, taʼlim-tarbiyaning qadri koʻtariladi. 

Shu sababli, muallim va oʻquvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, taʼlim sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratayapmiz”, - dedi davlatimiz rahbari yigʻilish avvalida.