Joriy yilning 23 avgust kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida Innovatsion hududga aylantirilayotgan 28 ta tuman hokimlari va ularning innovatsiya masalalari bo'yicha o'rinbosarlari uchun o'quv haftaligi boshlandi.
“Mamlakatimizni Global innovatsion indeks (GII) reytingida 2026 yilgacha 30 pog'onaga ko'tarish vazifasi Strategiyamizda belgilangan. Shu maqsadga erishish uchun qator strategik yo'nalishlar belgilab olingan. Xususan, innovatsion infratuzilma sub'ektlari tarmog'ini shakllantirish orqali startap tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash hamda yirik hajmli ishlab chiqarishni tashkil etish, innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish orqali innovatsion faol tashkilotlar ulushini oshirish ko'zda tutilgan. Yaratilgan kapitalni “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarga qayta yo'naltirish tizimini shakllantirishimiz juda muhim”, dedi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov.
Bu maqsadli vazifalarning dolzarbligi hamda hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi o'rnini inobatga olib, Farmon bilan belgilangan 28 ta tumanda hokimning innovatsion rivojlanish masalalari bo'yicha o'rinbosari lavozimlari joriy qilindi.
O'quv treningda 2022-2026 yillarda O'zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasida ko'rsatilgan vazifalarni samarali bajarish hamda maqsadli ko'rsatkichlarga erishish uchun amalga oshiriladigan tadbirlar hamda yo'l-yo'riqlar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi. Strategiyani hududlar kesimida amalga oshirishning maqsadli ko'rsatkichlari hududdagi innovatsion markazlar sonini 494 tagacha etkazish, texnologik innovatsiyalar bilan shug'ullanuvchi mahalliy sanoat korxonalari sonini 600 tagacha etkazish, hududlarda yaratiladigan yangi texnologiyalar sonini 384 tagacha oshirish, hududlarda yillik ro'yxatga olingan patentlar sonini 184 tagacha etkazishni ko'zda tutadi. Xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy, innovatsion va texnologik loyihalar sonini 183 tagacha oshirib, innovatsion startaplar sonini 1437 tagacha etkazish kabi vazifalarga ham alohida urg'u berildi.
Haftalik natijalariga ko'ra hududlarda innovatsion faoliyat natijadorligini yanada oshirish maqsadida kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan amaliy tadbirlar belgilab olinadi. Haftalikning birinchi kuni tinglovchilar vazirlik binosidagi ilmiy ishlanmalar va startap mahsulotlar ko'rgazmasi, INNO innovatsion o'quv-ishlab chiqarish texnoparki hamda Ilg'or texnologiyalar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.