Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 11-iyuldagi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Oʻquv ustaxonalari, texnik reglamentlar va metrologik nazorat xizmati tashkil etilgan edi.
Nazorat xizmatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
– idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, barcha professional taʼlim muassasalarining oʻquv jarayonida jihoz, asbob-uskuna, texnika hamda sarflanadigan xomashyo va materiallardan, oʻquv-tajriba xoʻjaliklaridan samarali foydalanishlarini nazorat qilish;
– oʻquv jarayonida qoʻllaniladigan nazorat-oʻlchash vositalaridan samarali foydalanilishi hamda metrologik qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish, oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlash;
– professional taʼlim muassasalarining asosiy faoliyatiga qoʻshimcha ravishda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan pullik xizmatlar koʻrsatish boʻyicha (ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish) faoliyatini muvofiqlashtirish.
Nazorat xizmatiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda quyidagilar boʻyicha professional taʼlim muassasalariga shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishga ruxsat berildi:
– jihozlar, asbob-uskuna va texnikalar hamda xomashyo va materiallardan oʻquv-amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazishda samarali foydalanish boʻyicha uslubiy qoʻllanma hamda tavsiyalar ishlab chiqish va joriy etish;
– professional taʼlim muassasalari hisobidagi xizmat muddatini oʻtab boʻlgan jihoz, asbob-uskuna va texnikalarning texnik holatini oʻrganish va ulardan oʻquv jarayonida foydalanish toʻgʻrisida tegishli xulosalar berish.
Nazorat xizmati faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
– Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, shu jumladan, davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlar;
– xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
– shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
– jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik va xayriya mablagʻlari;
– qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
2021-yil 1-martdan boshlab mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha Nazorat xizmati boshligʻi - oliy taʼlim muassasasi filiali direktoriga, boshliq oʻrinbosari - oliy taʼlim muassasasi filiali direktorining oʻrinbosariga, boʻlim boshliqlari - oliy taʼlim muassasasi fakultet dekani oʻrinbosariga, bosh hisobchi va bosh mutaxassis - oliy taʼlim muassasasi katta oʻqituvchisiga, yetakchi mutaxassis - oliy taʼlim muassasasi oʻqituvchisiga tenglashtiriladi.
Nazorat xizmati faoliyati Toshkent shahar, Olmazor tumani, Shifonur koʻchasi, Talabalar shaharchasi, 75-uy manzilidagi Oliy talimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi binosida joylashtiriladi.