Oradan yillar oʻtib, ayol tadbirkorlik bilan shugʻullanishni niyat qiladi. Oʻzicha qaysi yoʻnalishda ish boshlash yaxshiroq ekani haqida oʻylaydi. Biri maʼqul kelgandek boʻladi, yana boshqasiga unchalik xohishi yoʻq. Oxiri yaqinlari bilan maslahatlashdi. Tajribali mutaxassislar ishini oʻrganib chiqdi. Biroq boshlayotgan ishi haqida ozgina tushuncha boʻlmasa qiyin ekan. Shu sabab hech bir ishga qoʻli bormadi.
Bir kuni xayol bilan qoʻliga igna olib, oppoq matoga kashta tika boshladi. Qisqa muddatda oʻziga xos nafis kashta paydo boʻldi. Zaynura opa bu ishidan zavqlanib, yana davom ettirdi. Tayyor kashtalarni koʻrsatgan kuniyoq qoʻshnilari xaridor boʻldi. Ayol shu tariqa oʻz yoʻlini topgandi. Asta- sekin buyurtmalar ham qabul qila boshladi.
Koʻp oʻtmay, “Kesh grant siti” oilaviy korxonasiga asos soldi. Shundan soʻng hunarmandlikni yoʻlga qoʻydi. Kashta, doʻppi, toʻn, kelinlarbop milliy liboslar tika boshladi. Shahrisabz tumanidagi bandligi taʼminlamagan xotin-qizlarni ishga olib, oʻzi ularga hunar oʻrgatdi.
— 2015-yilda faoliyatimni boshlagan boʻlsam, shu paytga qadar 500 ga yaqin shogird tayyorladim, — deydi Zaynura Hoshimova. — Hozir korxonamizda 70 ayol mehnat qilmoqda. Shular qatori imkoniyati cheklangan 30 xotin-qizni ham ishga olganmiz. Yumushimiz uncha ogʻir emas. Koʻpchilik uyda ishlaydi. Bajargan ishiga qarab haq toʻlaymiz. Milliy uslubda tikilgan kiyimlarga talab yuqori. Shu bois, mahallalardagi uy bekalari bilan ham kelishuv asosida ishlaymiz. Yaʼni kerakli mato bilan taʼminlab, buyurtma beramiz. Bu usuldagi ish biz uchun ham, uy bekalari uchun ham qulay.
Tadbirkor keyingi paytda nogironligi bor xotin-qizlarga hunar oʻrgatish uchun oʻquv kursini ham ochgan. Qiziquvchilar kursda uch oy kasb sirlarini oʻrganib, hamkorlikda mehnat qilishi mumkin.
— Ikkinchi guruh nogironiman. Ilgari biror joyda ishlab, daromad topishni juda xohlardim. Lekin kim ham meni ishga olardi degan xayolda yurardim, — deydi Zulayho Gʻofurova. — Bu yerda hunarmandlik yoʻnalishi ochilganini eshitib, ishonqiramay kelgandim. Zaynura opa hech ikkilanmay qabul qildi. Oʻzi oʻqitib, hunar oʻrgatdi, ishga ham qoldi. Juda mamnunman. Momolarimizdan qolgan milliy hunarmandlikni davom ettiryapmiz. Yoshlarga oʻrgatamiz. Biz tikkan buyumlardan odamlar foydalanayotganini koʻrib, xursand boʻlamiz. Bu ishga mehrimizni yanada oshiradi. Hozir oyiga 3 million soʻmga yaqin maosh olyapman. Roʻzgʻorga nafim tegyapti. Oʻzimni oilam, jamiyat uchun kerakli inson sifatida his qilyapman.
“Kesh grant siti” oilaviy korxonasi hozir Shahrisabz tumanidagi 1-texnikumda faoliyat yurityapti. Bu texnikumda oʻqiyotgan yoshlar uchun juda qulay. Tadbirkorning taʼkidlashicha, mazkur texnikum oʻquvchilaridan 20 ga yaqini korxonaga ishga qabul qilingan. Ular ham ishlab, ham oʻqishni davom ettirmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 23-oktyabrdagi “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2030-yilga qadar tizimni isloh qilishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari belgilab berilgan. Jumladan, 9-sinf bitiruvchilarining kasbiy taʼlimga qamrovini amaldagi 29 foizdan 50 foizga yetkazish, dual taʼlimni joriy etish belgilangan. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash uchun hududlarda muayyan ishlar qilinmoqda. Yoshlar kasb-hunar oʻrganishi uchun qulay sharoit yaratilyapti.
Xususan, Shahrisabz tumanidagi 1-texnikumda 961 yigit-qiz tahsil oladi. Asosan, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishiga ixtisoslashgan oʻquv maskanida yoshlarning ham ishlab, ham taʼlim olishi uchun qator korxona va muassasalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
— Oʻtgan yili Zaynura Hoshimova rahbarligidagi milliy hunarmandlik markazi masʼullarini texnikumimizga taklif etgandik. Tadbirkor biz bilan hamkorlik qilishga rozi boʻldi. Shundan soʻng faoliyat yuritishi uchun boʻsh turgan binodan joy berdik. Bu yoshlar uchun ham katta imkoniyat, — deydi texnikum direktori Oʻtkir Turopov. — Hozir oʻquvchilarimiz muntazam ish oʻrganmoqda. Avtomobil ustaxonalari, ishlab chiqarish sexlari rahbarlari bilan kelishuv tuzganmiz. Shuningdek, oʻquv muassasamizda qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha ham amaliy bilim berilmoqda. Taʼlim sifatini oshirish, zamonaviy oʻquv qurollari xarid qilish hamda faol oʻqituvchi va oʻquvchilarni doimiy ragʻbatlantirib borish uchun qoʻshimcha mablagʻ ishlab topishga ham harakat qilyapmiz. Jumladan, texnikumda hozir oʻrdakchilik yoʻlga qoʻyildi. Chorvachilik tashkil etilgan. Koʻchatchilik bogʻi hamda issiqxona mavjud. Umumiy hisobda joriy yil yakuniga qadar bir milliard soʻm ishlab topishni maqsad qilganmiz.
— Ikki oydan buyon korxonada hunarmandlikning iroqi kashtachilik yoʻnalishida ishlab kelyapman. Hozir texnikumda tikuvchilik boʻyicha tahsil olyapman, — deydi Sitora Mamatqulova. — Oʻqish jarayonida ishlash yaxshi ekan. Chunki amaliy tajribam oshyapti. Shu bilan birga 1,5 million soʻm maosh berishyapti. Ish joyim texnikum hududida boʻlgani qulaylik tugʻdirdi. Tajribam oshishi uchun astoydil harakatdaman. Kasb sirlarini puxta oʻrganib olsam, rejalarim katta. Kelgusida oʻzim mustaqil tikuvchilik sexi ochmoqchiman.
Zaynura opaning aytishicha, bugun korxonasida tikilayotgan mahsulotlar Qashqadaryo viloyatidan tashqari Xorazm, Buxoro, Samarqand bozorlarida ham xaridorgir. Hatto Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkiyada sotilmoqda. Korxona oyiga 300 million soʻmdan ortiq daromad koʻryapti. Tadbirkorning maqsadi kelgusida yangi ish oʻrinlari ochib, mazkur texnikum bitiruvchi qizlarini toʻliq ishga olish. Shuningdek, imkoniyati cheklangan xotin-qizlar hamda mingdan ortiq ishsiz boʻlgan uy bekalari bandligini taʼminlash niyatida.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri