O‘quvchilarni kasbga to‘g‘ri yo‘naltirishda Germaniya tajribasi qo‘llaniladi

    Xalq ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan bitiruvchilarni kasb tanlashi borasida o‘tkazilgan o‘rganish va tadqiqotlar natijalari tahlili statistik raqamlar, xulosa va takliflar bilan keng ommalashtirildi.

    Institut tahliliy natijalarga ko‘ra, aniqlangan bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Germaniyaning Saksoniya kasbga o‘qitish markazi (Bildungswerk der Sächsischen Wirtschaft GGMBH) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

    Kuni kecha tomonlar hamkorlikdagi vazifalarni belgilash maqsadida uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvda avvalo, ayni masala, o‘quvchi-yoshlarni kasbga to‘g‘ri yo‘naltirilishi va bu borada maktab direktorlari hamda pedagoglarining bilimlarini oshirishda hamkorlik qilishga kelishildi.

    Shuningdek, o‘quvchilarning hayotda o‘z o‘rnini topa olishi hamda yoshligidanoq qaysi kasbga qiziqishi va moyilligi borligini aniqlash, ularga maslahat berish masalalarida fikr almashilib, vazifalar belgilandi.

    Tomonlar o‘rtasida shu va ta’limdagi boshqa masalalarda hamkorlik yuzasidan Memorandum imzolandi.

    Memorandumda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi xodimlarini Germaniyaning kasbiy ta’lim yo‘nalishidagi tajribasi asosida o‘qitish va malakalarini oshirish belgilandi.

    Ma’lumot uchun: Saksoniya kasbga o‘qitish markazi notijorat ta’lim muassasasi bo‘lib, uning qonuniy maqsadi Yevropada yosh va katta yoshli fuqarolarning fuqarolik, ijtimoiy, iqtisodiy va ilmiy-texnik ta’limini rivojlantirishdir. Markazning ijrochi direktori Ralf Hyubner. Tashkilot 1990 yildan buyon turli sohalar bo‘yicha kadrlarni kasbga o‘qitish va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.