Organizm “filtri”: Jigar uchun foydali mahsulotlarni bilasizmi?

    Jigar — eng muhim organlardan biri. U qonni zararli moddalardan tozalab, tanada vitamin va minerallarni saqlaydi. Shuningdek, yalligʻlanishni nazorat qilib, energiya ishlab chiqaradi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu aʼzo uchun foydali 10 ta mahsulot haqida maʼlumot berdi.

    Qovoq. Bu mahsulot beta-karotinning boy manbai hisoblanib, jigarni himoya qilishga yordam beradigan kuchli antioksidantdir. Undagi S, Ye, kaliy, magniy va temir kabi muhim vitamin va minerallar mazkur aʼzo faoliyatini yaxshilab, himoya mexanizmlarini mustahkamlaydi.

    Qovoqda koʻp miqdorda suv va tola boʻlib, ular jigarni tozalashga yordam beradi va zararli moddalarni organizmdan chiqarib tashlashni tezlashtiradi. Shu bilan birga, yogʻ miqdori kam va past kaloriyali bu mahsulot jigarga ortiqcha yuk tushishining oldini oladi.

    Turshak. U jigar faoliyatini yaxshilab, detoksikatsiya qobiliyatini oshiradi. Turshak tarkibidagi silimarin moddasi uni mustahkam himoyalaydi.

    Sut mahsulotlari. Yogurt, qatiq va boshqa sut mahsulotlari probiotiklarga boy. Ular ichak mikroflorasini muvozanatlashtirishga yordam beradi. Hazm tizimi yaxshi ishlasa, jigarga tushadigan yuk kamayadi. Natijada organizm toksinlarni tez va samarali chiqarib tashlaydi.

    Brokkoli. Jigar uchun foydali boʻlgan ushbu sabzavot antioksidantlarga boy. Ushbu sabzavotdagi sulforafan moddasi uni zararli moddalardan himoyalab, yalligʻlanish jarayonlarini sekinlashtiradi.

    Qolaversa, brokkoli diindolilmetan va glyukorafanin kabi tabiiy birikmalar bilan jigar holatini yaxshilaydi. Bu moddalar saratonga qarshi xususiyatlar bilan bogʻliq va tabiiy detoksikatsiya jarayonini qoʻllab-quvvatlaydi.

    Zaytun yogʻi. U antioksidantlarga boy va jigarni erkin radikallardan asraydi. Ushbu yogʻdagi olein kislotasi yalligʻlanishni kamaytirib, jigar hujayralarini himoya qiladi. Shuningdek, zaytun organizmdagi “yomon” xolesterinni kamaytirib, “yaxshi” xolesterinni oshiradi.

    Yogʻli baliqlar. Ushbu mahsulot omega-3 yogʻ kislotalariga boy boʻlib, jigardagi yalligʻlanishni kamaytiradi. Undagi D, V12 vitaminlari, selen va yod moddasi organ faoliyatini yaxshilaydi. Qolaversa, yogʻli baliqlar sifatli protein manbai hisoblanadi. Protein esa jigar hujayralarining tiklanishi va yangilanishida muhim hisoblanadi.

    Qizil lavlagi. Uning tarkibidagi betanin moddasi jigar faoliyatini yaxshilab, detoksikatsiya qobiliyatini oshiradi.

    Yongʻoqlar. Bodom va yongʻoq omega-3 yogʻ kislotalari va Ye vitaminiga boy. Ular jigarni zararli moddalardan himoya qilib, yalligʻlanishni kamaytiradi.

    Tarvuz. Jigar uchun eng foydali mahsulotlardan yana biri tarvuzdir. Ushbu poliz ekinining suvi organizmdan ortiqcha suyuqlik va shlaklarni chiqaribgina qolmasdan, jigar toʻqimalarini yengil oʻzlashtiriladigan qandlar bilan taʼminlaydi.

    Suli yormasi. Yuqori darajali tolalarga boy ushbu mahsulot hazm qilish tizimini meʼyorlashtirib, toksinlarni organizmdan chiqarishga yordam beradi. Bu esa jigarga tushadigan yukni kamaytiradi va uning faoliyatini yaxshilaydi.