Bolaligida kosmonavt boʻlishni orzu qilmagan inson boʻlmasa kerak. Ammo koʻpincha bu orzu orzuligicha qolib ketadi. Har yili 12-aprel —Xalqaro kosmonavtlar kunida Solijon Sharipov, Vladimir Jonibekov kabi fazogir yurtdoshlarimiz borligi esga tushadi. Biroq bu roʻyxatni davom ettirolmaymiz. Ulardan keyin-chi, degan savolga javob yoʻq.
Xoʻsh, hozir ham hech boʻlmasa, fazogir boʻlishni orzu qiladigan, raketasozlikka qiziqadigan joʻshqin yurak egalari bormi? Koinotga tikilgan nigohlardagi hayrat soʻnmaganmi? Shu savollarga javob izlash asnosida poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Barkamol avlod” maktabida raketa modelsozligi toʻgaragi borligini aniqladim. Yana bilganim shu boʻldiki, u yerda Valeriy Vaselyevich ismli murabbiy bolalarga raketa modelini tayyorlashni oʻrgatyapti. Toʻgarak faoliyati bilan batafsil tanishish maqsadida Sergeliga yoʻl oldim.
Manzilga yetib borguncha ichimdagi hayajon arang idora qildim. Koʻz oldimda hashamatli binoda zabardast murabbiy rahbarligida zamonaviy raketalarning kichik modelini yasayotgan qorakoʻzlar gavdalanaverdi. U yerdagi qulaylikdan oʻzimni yoʻqotmaslik, maqsadimdan chalgʻimaslik uchun murabbiyga beradigan savolllarimni bir sidra takrorlab oldim.
Aytilgan manzilga yetib bordim. Atrofga alanglab, xayolimdagi muhtasham binoni koʻrmagach, oʻsha yerdagi oʻtkinchilardan “Barkamol avlod” maktabi qayerda joylashganini soʻradim. “Ana”, deb koʻrimsiz, koʻrinishidan uch xonadan iborat, tomi pastak imoratni koʻrsatishdi. Adashdimmi-yoʻqmi degan ming istihola bilan binoga kirdim. Oʻzini maktab qorovuli deb tanishtirgan chamasi 45-50 yoshlardagi bir raketa modelsozlik toʻgaragi xonasiga boshlab bordim.
Mana men izlagan toʻgarak xonasi. Taʼmirtalab. Oxirgi marta devoriga qachon boʻyoq tekkanini bilish amrimahol. Oʻsha kezda avtobus kelayotib yuragimni chulgʻagan hayajon oʻrnini qandaydir mungli his bir egalladi. Tashqarida yangilanish haqida soʻz ketyapti. Ichkarida esa... men kutmagan boshqacha holat. Qarshimda men izlab kelgan murabbiy Valeriy Vasilyevich. Yoshi 70 dan oshganiga qaramay, bolalarga bilganlarini erinmay tushuntirayotgan insonning kasbiga sadoqatidan koʻngilda iliqlik uygʻonadi.
U savollarimga ham vazminlik bilan erinmay javob beradi. Murabbiyning aytishicha, toʻgarak 2003-yildan buyon faoliyat yurityapti. Har yili koʻplab oʻquvchilar raketa modelsozligini oʻrganish uchun keladi. Hozir ham toʻgarakning 60 dan ortiq oʻquvchisi bor. 20 nafari muntazam qatnaydi. Bolalar murabbiy rahbarligida raketaning S1 dan S12 gacha boʻlgan hamma modelini yasagan.
— Model yasashni baʼzi oʻquvchilar 1 oyda toʻliq oʻrganadi, ayrimlarining oʻzlashtirishga esa bir yil ketadi. Shunday boʻlsa-da, bolalarning qiziqishi menga har doim kuch beradi, — deydi suhbatdoshim.
Anchadan beri meni oʻylantirib kelayotgan asosiy savolimni beraman:
— Hozir shu sohada faoliyatini davom ettirayotgan oʻquvchilaringiz bormi?
Murabbiyning nigohiga maʼyuslik choʻkadi. Ogʻir soʻlish oladi.
— Yoʻq, bu — hayot. Yashash uchun, ayniqsa, yaxshi yashash uchun koʻp pul kerak. Shuning uchun bu yoʻnalishda ishlayotgan shogirdlarim yoʻq, — deydi.
Valeriy akaning aytishicha, raketa modelini tayyorlashga kerakli baʼzi jihozlarni, xususan, modelning uchishi uchun zarur boʻlgan dvigatelni mamlakatimizda topish qiyin. Shu bois raketa modelsozligi boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro bellashuvlarga borganida murabbiy oʻz hisobidan 100-200 ta olib keladi. Keyin har biri 3 dollar turadigan dvigatellarni oʻquvchilariga beradi. “Bunday ehtiyot qismlarni Chexoslavakiya, Bolgariya, Germaniya, Belarus va Rossiyadan topish mumkin. Ulardagi xususiy korxonalar dvigatel ishlab chiqaradi. Ammo maxsus zavodi yoʻq”, — deydi murabbiy. Darvoqe, Chirchiqda dvigatel zavodi qurilayotganini Valeriy aka quvonib aytdi. Ehtimol, zavod ochilsa, uning tashvishi ancha kamayadi.
Murabbiyning shuncha xizmati besamar ketayotgani yoʻq. Koʻplab oʻquvchilari xalqaro tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Jumladan, Karina Kassirova hamda Abdumalik Ozodbekov oʻtgan yili Qozogʻistonda oʻtkazilgan tanlovda faxrli oʻrinlarni egallagan. Bundan tashqari, Bahrom Zoirov, Danil Zinkin ham gʻoliblar qatoridan joy olgan.
— Har yili 8 ta musobaqa tashkil etamiz, — deydi murabbiy. — Sergeli tumanidagi 6-, 2- va 7-maktablarda raketa modelsozligi boʻyicha ochiq chempionatlar boʻlib oʻtadi. Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlikda ham musobaqalar uyushtiramiz. Bu yilgi xalqaro bellashuv Moskvada oʻtkaziladi. Oʻquvchilarim har doim “Qachon musobaqa boʻladi?” deb qiziqib soʻraydi.
Raketa modeli 6-10 grammni tashkil etadi. U qancha yengil boʻlsa, shuncha balandlikka koʻtariladi. Tayyorlab boʻlingandan soʻng ular xavfsiz aerodromlarda sinovdan oʻtkaziladi. Bir model kamida uch marta uchishi kerak. Parashyutli, rotoshyutli va lentali raketalarni oʻquvchilar oʻzi tayyorlab, uchirishini koʻrish murabbiyga quvonch bagʻishlaydi.
Toʻgarakdagi qizgʻin jarayonni kuzatish asnosida u yerdagi bolalarning xatti-harakati, nigohidagi hayrat va katta qiziqish kishini zavqlantiradi. Bino hashamatli boʻlmasa-da, u yerda haqiqiy bilim beruvchi muhit borligini bir necha soatdan keyin tushunib yetdim. Koʻrishimdan avval raketa modelini boshqacha tasavvur qilgandim. Maktabni ham, hatto Valeriy Vasilyevichni ham.
Chunki raketa modellari asosan qogʻoz yoki yengil plastiklardan tayyorlanarkan. Valeriy aka ham qirchillama yoshdagi inson deb tasavvur qilgandim. Biroq undagi shavq faqat kasbini sevadigan, fidoyi odamlarda boʻlishiga ishonch hosil qildim. Uning yoshidagi odam pensiya hisobiga ham miriqib yashashi mumkin. Lekin murabbiy bunday qilmayapti. Choʻntagidan pul sarflab, raketa modeliga kerakli jihozlar sotib olyapti. Bunday odam haqida oylik maosh uchun ishlayapti, deb boʻlmaydi, nazarimda.
Gapimiz avvalida ismlari aytilgan kosmonavtlarimiz borligi bilan faxrlanamiz. Biroq shu bilan cheklanish bizni taraqqiyotga eltmaydi. Mamlakatimiz rivojlanishi uchun bugun va kelajakda bizga yangi fazogirlar kerak. Raketasozlik rivojlansa, oʻzbek farzandlarining odimi ham koinotga yetadi. albatta. Chunki Oʻzbekiston farzandlari ham ham kun kelib, oʻzi yasagan raketada koinotga chiqishiga ishonamiz.
Dinara SULTONOVA,
OʻzJOKU talabasi