2022-yilda tarmoq, soha, yoʻnalishlari va hududlarni rivojlantirish maqsadida oʻrmon fondining foydalanilmayotgan bir qator yer maydonlari oʻzlashtirilib oborotga kiritildi, 2-2,3 ming gektar yer maydonlari jismoniy va yuridik shaxslarga uzoq muddatga ijaraga berildi.
Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida jami 208 ming gektar maydonda choʻl oʻsimliklaridan yashil qoplamalar, himoya oʻrmonzorlari, shuningdek, sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlari dala chetlarida 2,5 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etildi.
Oʻrmon barpo qilish, koʻchatxonalar tashkil etish hamda koʻkalamzorlashtirish tadbirlari uchun daraxt va butalarning 1 ming tonna urugʻlari tayyorlandi. Jami 113 million dona tuproq-iqlim sharoitga mos turdagi manzarali, mevali daraxt hamda butalarning nihol va koʻchatlari yetishtirildi.
Respublika hududlarida jami 76,4 million dona manzarali, mevali va boshqa turdagi koʻchatlar ekildi. Oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan kuzgi koʻchat ekish mavsumida koʻchatlarni yetkazib berish boʻyicha reja-grafigi tasdiqlandi hamda 13,5 mln. tup koʻchatlar yetkazib berildi.
Bundan tashqari, “Yashil hudud” DUK va uning hududiy korxonalari hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari” tashkil etilishi boʻyicha amaliy ishlar olib borildi.
Buning natijasida 588,4 gektar maydonda “yashil bogʻlar” 662,3 gektar maydonda “yashil jamoat parklari” tashkil etildi. 5,0 ming gektar maydonda dorivor va ozuqabop oʻsimliklar plantatsiyalari barpo etilib, 8,6 ming tonna dorivor va ozuqabop oʻsimliklar xom ashyosi tayyorlandi.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 28 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirildi, 30 gektar maydonda issiqxona(limonariy)lar tashkil etildi. Xususiy sektor subyektlarini keng jalb qilish hisobiga chorva soni 160 ming boshga, parranda soni 1,1 mln. boshga, asalari oilasi soni 210 ming taga yetkazildi. Sohada qoʻshimcha tarmoqlarni rivojlantirish hisobiga yalpi daromad 290 mlrd soʻmni tashkil qildi va 10 ming ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Oʻrmon xoʻjaliklarida “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 10054 ta aholi ( 3 ming 414 nafar yoshlar, 1 ming 626 nafar xotin-qizlar) yangi ish oʻrinlariga ega boʻldi.