Xalqimiz orasida oilada yangi farzand dunyoga kelganda, toʻy, yubiley va tugʻilgan kun marosimlarida daraxt ekish kabi ezgu anʼanamizni tiklash muhimligini qayd etildi.

Tegishli hududlar rahbarlariga qarovsiz qolgan 10 million tup daraxt oʻrniga yana shuncha daraxt koʻchatini suv taʼminoti yaxshi boʻlgan hududlarga ekish topshirildi. 

Viloyat, tuman va shahar hokimlari 15-avgustga qadar daraxt koʻchatlari zaxirasini yaratib, ularni ekish boʻyicha hududiy dasturlarni tasdiqlaydi.

Bundan buyon koʻchat ekish tadbirlari har yili tasdiqlanadigan investitsiya dasturi asosida amalga oshirilishi belgilandi. Bu maqsadlar uchun har yili avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp - 500 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, oʻrmon xoʻjaliklarining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida koʻchat yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. Bu orqali kamida 10 ming nafar aholi bandligi taʼminlanib, har bir koʻchatni kafolatli sotib olish tizimi yaratiladi.