Orol dengizining qurigan tubida ilmiy-tadqiqot stansiyasi ochildi

    Moʻynoq tuman markazidan 65 km uzoqlikdagi hududda maxsus ilmiy-tadqiqot stansiyasi barpo etildi.

    Ilmiy-tadqiqot stansiyasida jami 24 ta konteyner oʻrnatilgan boʻlib, shundan 20 tasi yashash uchun, 1 tasi oshxona, 2 tasi hojatxona, 1 tasi qorovulxona sifatida jihozlangan.

    Hudud toza ichimlik suvi, elektr taʼminoti, internet aloqasi hamda doimiy video kuzatuv tizimi bilan toʻliq taʼminlangan.

    Loyihalar doirasida hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos oʻsimliklarni yetishtirish, ularni parvarishlash va kasallik hamda zararkunandalardan himoyalash, shoʻrlangan tuproqlar unumdorligini tiklash, tuz va qum migratsiyasi yoʻnalishlarini oʻrganish, biologik, meteorologik va geologik tadqiqotlar oʻtkazish ishlari amalga oshiriladi.

    Mutaxassislar fikriga koʻra, mazkur ilmiy-tadqiqot stansiyasi Orolboʻyi hududida ekotizimni tiklashga qaratilgan yangi ilmiy yondashuvlarni sinovdan oʻtkazish, olingan natijalarni tizimli tahlil qilish va ularni amaliyotga joriy etish imkonini beradi. Bu esa mintaqaning uzoq muddatli ekologik barqarorligini taʼminlashda muhim ilmiy platforma boʻlib xizmat qiladi.

    Yangi stansiyaning ishga tushirilishi Orol fojiasidan zarar koʻrgan hududlarni tiklash yoʻlidagi navbatdagi muhim amaliy qadam sifatida eʼtirof etilmoqda.