Orol dengizi tubida yuqori darajadagi shoʻrlanishga chidamli oʻsimlik sinovdan oʻtkazildi

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Orol dengizi qurigan tubida sinovlar oʻtkazilmoqda.

    Tadqiqot ishlari vazirlikning Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Zinoviy Novitskiy rahbarligida olib borilmoqda.

    Loyihaning asosiy maqsadi shoʻrlanish darajasi yuqori boʻlgan sharoitlarga eng chidamli va dengiz tubidagi ekstremal sharoitlarga moslasha oladigan oʻsimlik turlarini aniqlashdan iborat.

    Yuqori yashovchanlik koʻrsatgan istiqbolli oʻsimlik turlaridan biri bu Arundo donax boʻldi — bu gigant qamish turi boʻlib, tabiatan nam muhitni xush koʻrsada, shoʻrlangan sharoitlarga ham yuqori darajada moslasha olishi bilan tanilgan. Dala tadqiqotlari davomida oʻtkazilgan tuproq qazish ishlari natijasida sinov hududida yer osti suvlari taxminan 2 metr chuqurlikda joylashgani aniqlandi. Eʼtiborlisi shundaki, Arundo donax ildizlari allaqachon birinchi yilning oʻzida shu chuqurlikka yetib boradi, bu esa oʻsimlikka yer osti suvlaridan samarali foydalanib, oʻsishni davom ettirish va barqaror rivojlanishni taʼminlash imkonini beradi.

    "Arundo donax shoʻrlangan sharoitlarda yashab qolish darajasini oshirish uchun tadqiqotchilar guruhi tomonidan noyob texnologiya ishlab chiqildi. Bu uslubning mohiyati — ona oʻsimlikdan kamida bir metr chuqurlikdan olingan ildiz kurtaklari orqali koʻchat ekishda. Bunday kurtaklar shoʻrlanish darajasi Orolning qurigan tubiga oʻxshash hududlardan — Urganch va Qoraqalpogʻistondan olib kelindi. Natijalar kutilganidan ham yuqori boʻldi: oʻsimliklarning yashab qolish darajasi 90 foizdan kam emas", — deya taʼkidladi Z. Novitskiy.

    Olimning soʻzlariga koʻra, oʻsimliklarni muhitga moslashtirish boʻyicha aynan shunday yondashuv kelajakda ham qoʻllaniladi. Arundo donax ildiz tizimi nafaqat chuqurlik boʻyicha (birinchi yilning oʻzida 1 metr va undan ortiq) oʻsishni namoyon etadi, balki gorizontal yoʻnalishda ham keng tarqaladi — 2 metrgacha. Bu esa tuproqning barqarorligini taʼminlashga va uning yanada degradatsiyaga uchrashining oldini olishga xizmat qiladi.

    Oʻtkazilgan sinovlar Orol dengizining qurigan tubini biologik yoʻl bilan tiklash borasida yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ushbu uslub keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish, chang boʻronlariga qarshi kurashish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi va ekologik tanazzul sharoitida butun mintaqaning ekotizimini tiklash uchun muhim asos boʻlishi mumkin.