O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Orolbo‘yi mintaqasida tuproq sho‘rlanishiga qarshi kurash, yer unumdorligi va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun suv resurslaridan foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqishga qaratilgan Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan mazkur grant loyihasi shartlariga ko‘ra Yaponiya tomonidan moddiy-texnik baza bilan ta’minlash nazarda tutilgan.
Bugungi kunga qadar olib kelingan uskunalar tuproq tarkibidagi tuz miqdori, tuproqda tuz va suv taqsimotini, suv sifatini nazorat qilish, geoaxborot tizimi ma’lumotlarini va meteorologik kuzatuvlarni tahlil qilishga mo‘ljallangan. Shuningdek, stansiyalar tajribasida qaysi galofitlar oqsil va tuzni qancha muddatda o‘zlashtirilishini aniqlovchi qimmatli ma’lumotlarni olish imkoniyatini beradi.
Shu bilan birga dastur doirasida 2023 yil yakuniga qadar Yaponiya tomonidan 300 ming AQSH dollari miqdorida obyektlarni masofadan o‘rganuvchi dronlar, iqlim o‘zgarishini va havo namligini tahlil qiluvchi innovatsion meteostansiyalar hamda daryo suvlari balansi va sifatini aniqlab beruvchi qurilmalar olib kelish va respublikaning belgilangan hududlariga o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.