Orol dengizining jadal qurishi nafaqat O'zbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki allaqachon, global miqyosdagi muammoga aylanib ulgurdi. So'nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolbo'yi mintaqasi fojiasi salbiy oqibatlarini kamaytirish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish borasida keng ko'lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda.

 Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 22-23 fevral` kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi davomida Orol muammosining salbiy ta'sirini yumshatish, mintaqa aholisi turmush sharoiti va sifatini yaxshilash bo'yicha,  muhimi 3,5 mln gektar Orol dengizining qurigan tubi tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirilgan o'simliklar maydonlarini kengaytirish yuzasidan 2022 yilda tezkor amaliy ishlarni bajarish uchun tegishli topshiriqlar berildi.

 SHu munosabat bilan O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Orol dengizining qurigan tubidagi erlardan foydalanish samaradorligini oshirish, suvni tejash hamda tuproq sho'rlanishi muammolarining ilmiy echimini ta'minlashga mavjud ilmiy-innovatsion salohiyatni jalb etish maqsadida amaliy va innovatsion loyihalar milliy tanlovini e'lon qiladi.

 Tanlovning asosiy maqsadi – Orol muammosining salbiy ta'sirini kamaytirish asosida mintaqa aholisi turmush sharoiti va sifatini yaxshilash, Orol dengizining qurigan tubi tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirilgan urug' zahirasi mavjud bo'lgan tayyor o'simliklar yoki ekin turlari mavjud bo'lgan navlar ekilgan maydonlarini kengaytirish, hududda erdan foydalanish samaradorligini oshirish, tuproq tarkibidagi tuzni kamaytirish va Orol tubida chorvachilikni rivojlantirish muammolarining ilmiy echimini ta'minlashga qaratilgan samarador yangi texnologiyalar, innovatsion usul va vositalarga asoslangan eng yaxshi amaliy echimlarni tanlab olishdan iborat.

 Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablari doirasida bajariladigan amaliy va innovatsion loyihalar quyidagi amaliy yo'nalishlarda ishlab chiqilishi lozim:

 1-yo'nalish: Orol dengizining qurigan tubining ekologik, tuproq-iqlim sharoitlariga moslashgan hayvon zotlari, urug' zahirasi mavjud bo'lgan tayyor o'simliklar yoki ekin turlari mavjud bo'lgan navlarni hudud tuprog'ining sho'rlanganlik darajasi va maqbul biologik muhit talablariga mos tarzda ilmiy asosda joriy etish va manfatdorlikni asoslab berish.  Bunda qishloq xo'jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari hamda biologiya fanlari yo'nalishi bo'yicha  bajarilishi bir yilga mo'ljallangan 20 ta innovatsion loyihaning har biriga 1 mlrd so'mgacha grant mablag'i ajratiladi.

 2-yo'nalish: biotexnologik usullar va genom texnologiyalar asosida xududning ekologik, tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan o'simliklarning yangi mahalliy hamda xorijiy turlari va navlarini Orol dengizining qurigan tubi erlariga ekish va kengaytirish orqali chorvachilik va oziq-ovqat xavfsizigini ta'minlashni amaliyotda ko'rsatib berish. Bunda quyidagi yo'nalishlarda bajarilishi 1 yilgacha mo'ljallangan 5 ta amaliy loyihaning har biriga 1 mlrd so'mgacha grant mablag'i ajratiladi:

 3-yo'nalish: Orolbo'yi hududida qishloq xo'jaligi ekinlarini qayta joylashtirish va ekishni tashkil etishning zamonaviy usul va agrotexnologiyalarini joriy etish. Bunda quyidagi yo'nalishlarda bajarilishi 1 yilgacha mo'ljallangan 10 ta innovatsion loyihaning har biriga davlat byudjetidan 1 mlrd so'mgacha grant mablag'i ajratiladi:

 4-yo'nalish: Orol dengizining qurigan tubining o'simliklar qoplamini chuqur tadqiq etish asosida kamyob va endem o'simlik turlarini hamda shakllangan noyob o'simlik jamoalarini saqlab qolishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish. Bunda biologiya fanlari yo'nalishi bo'yicha bajarilishi 2 yilgacha mo'ljallangan 10 ta amaliy loyihaning har biriga davlat byudjetidan 1 mlrd so'mgacha grant mablag'i ajratiladi:

Tanlovda g'olib deb topilgan loyihalar bevosita Orol dengizining qurigan tubida amalga oshirilishi, chuqur eksperimental laboratoriya tadqiqotlari esa mavjud zamonaviy laboratoriyalarda o'tkazilishi, natijalar hududning o'zida sinab ko'rilishi lozim.

 Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi – grant.mininnovation.uz orqali 2022 yilning 15 apreliga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.