Ortiqcha undirilgan foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlar qaytariladi

    Mamlakatimizda 28 Mart 2023 807

    Kamchiliklarga yoʻl qoʻyganliklari uchun Soliq qoʻmitasi masʼul nazorat departamenti boshligʻi B.Muqimov va Toshkent shahar boʻlim boshligʻi O.Lutfillayev egallagan lavozimlaridan ozod etildi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida qayd etilgan foyda soligʻi boʻyicha holatlar Soliq qoʻmitasi tomonidan zudlik bilan oʻrganildi.

    Tezkor oʻrganish natijalari tanqidiy ravishda koʻrib chiqilib, quyidagi chora-tadbirlar belgilab olindi:

    birinchidan, ushbu kamchiliklarga yoʻl qoʻyganliklari uchun Soliq qoʻmitasi masʼul nazorat departamenti boshligʻi B.Muqimov va Toshkent shahar boʻlim boshligʻi O.Lutfillayev egallagan lavozimlaridan ozod etildi;

    ikkinchidan, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshligʻi Yu.Nasimjanov va Boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari J.Mirpoʻlatovning maxsus unvonlari bir pogʻonaga pasaytirilib, intizomiy jazo chorasi belgilandi;
    Shuningdek, Soliq qoʻmitasi soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish departamenti boshligʻi X.Bazarovga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi tayinlandi.

    uchinchidan, foyda soligʻi boʻnak toʻlovlari hisobidan budjetga undirilgan ortiqcha mablagʻlarni 28-mart kuni soat 13:00 ga qadar soliq toʻlovchilarga toʻliq qaytarish vazifasi belgilandi;

    toʻrtinchidan, qayd etilgan holatlar boʻyicha Toshkent shahar soliq organlarida maxsus boshqarma tomonidan xizmat tekshirishi oʻtkazish va natijalari boʻyicha hujjatlarni huquqni himoya qilish organlariga yuborish vazifasi topshirildi.