Ushbu savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya tibbiyot ilmiy-amaliy markazi yetakchi ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori Zulxumor Umarnazarova javob berdi:
— Tana harorati koʻtarilishi, aksirish, burun bitishi va oqishi OʻRVIning ilk belgilaridir, — deydi shifokor. — Bu holat odatda ikki kun davom etadi. Uchinchi kundan boshlab bolaning halqumida oʻzgarishlar kuzatiladi. Ovoz boʻgʻilishi, yoʻtal, mushaklar va boʻgʻimlarda ogʻriqlar paydo boʻlishi mumkin.
OʻRVIda ham boshqa kasalliklardagi kabi ishtaha pasayadi. Baʼzida harorat koʻtarilishi hisobiga qayt qilish ham kuzatilishi mumkin.
Agar xonadonda shunday bemor bolalar boʻlsa, onalar ularni darhol alohida xonaga yotqizishlari kerak. Xonani tez-tez shamollatib turish lozim. Chunki havo aylanmaydigan joyda viruslar tezroq koʻpayadi.
Bolaga oz-ozdan, tez-tez suyuqlik ichilib turish, burun va tomoqni tuzli suv bilan chayish tavsiya etiladi. Chunki viruslar namlikka chidamsiz, tuz esa namlikni yaxshi ushlab turuvchi vositadir.
Yuqori nafas yoʻllari shamollashi pastki nafas yoʻllari yalligʻlanishiga nisbatan yengilroq kechadi. Bunda bola qiyinchilik bilan nafas oladi va chiqaradi. Yalligʻlanish bronxlarga yoki keyingi bosqichda oʻpkaga oʻtganida esa yoʻtal yanada zoʻrayib, ogʻiz-burun uchburchagida koʻkarish kuzatilishi mumkin. Bola hansirab nafas oladi.
Ammo baʼzi ota-onalar farzandlarida OʻRVIning ilk belgilari paydo boʻlishi bilanoq darhol vahimaga tushib qoladi. Burun oqishi, yengil yoʻtal, harorat koʻtarilishi kuzatilsa, zudlik bilan “Tez yordam”ga murojaat qiladi.
Vaholanki, virusning ikki yuzdan ziyod turi bor. Bir turdagi virus bilan kasallangan bola shifoxonada ikkinchi turdagi virusga roʻbaroʻ kelsa, uni ham yuqtirib olishi ehtimoli yuqori.
Shu sababli oʻgʻil-qizlarda yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanishi, yaʼni xalq tilida tumov kuzatilsa, buni uy sharoitidagi muolajalar orqali ham davolasa boʻladi. Ammo bu holatga “oʻtib ketar”, “erta-indin yaxshi boʻb qolar” deya befarq munosabatda boʻlmaslik ham kerak.
“Tez yordam” qaysi vaziyatlarda murojaat qilinadi?
— bola ovqat yemay qoʻysa;
- kuchli hansirash kuzatilsa;
- nafas qisishi alomatlari paydo boʻlsa;
- tinmay yoki koʻp uxlasa.
Amaliyotda koʻkrak suti bilan oziqlanadigan bolalarda kasallik asosan yuqori nafas yoʻllari yalligʻlanishida, yengil asoratlar bilan kuzatiladi.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.