Zero, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb nom olgan yilda barcha jabhada qoʻlga kiritilgan ulkan natijalar xalqimiz farovonligi va qadrini oshirishga, Vatanimizning xalqaro maydondagi obroʻsi yuksalishiga, keng eʼtirof etilishiga omil boʻldi.

— Mana, kiprik qoqgulik fursat oʻtib, safaring ham qaridi. Axir kechagina seni tantana va shodu xurramlik bilan kutib olgandik. Bugun esa qadrdonlardek kuzatish arafasidamiz. Bizdan xafa yo xursand ekaningni bildirib ketsang degandik...

— “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” nomini olgan 2026-yilga havasim kelyapti, axir u men koʻrmagan oʻzgarishlarga guvoh boʻlishi aniq. Ishonaman, u mendan boshlangan surʼatga shiddat, jurʼatga jurʼat qoʻshadigan munosib davomchi sifatida kirib kelyapti. Shijoatli, mehnatsevar Oʻzbekiston xalqi ham uni munosib kutib olishga tayyor. Akalarim — avvalgi yillar aytganidek, hozir odamlar ancha oʻzgargan, ularda har bir ish, yumush va faoliyatga daxldorlik hissi kuchaygan. Insoniyat, kishilik jamiyati uchun muhim boʻlgan yana bir fazilatni ham kuzatdim — bu yurt kishilaridagi jipslashuvga intilish, bir jonu tan boʻlib amaliy ishlarga kirishish.

Bu esa kelayotgan yilda yanada ulkan natija va koʻrsatkichlar taʼminlanishini, bularning hammasi xalq hayotida yaqqol aks etishini kafolatlaydi. Mana shulardan xursandman. Umuman, jamiyatning “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” sifatida meni shod qilgan jihatlari koʻp. Ular ancha.

— Ha, nomingdan kelib chiqib, eʼtiborni koʻproq shu mavzuga qaratganimiz maʼqul. Umuman, noming mazmunidan rozimisan? Keng koʻlamda qilingan ishlardan koʻngling toʻldimi?

— Mening Yer atalmish sayyoraga tashrifimning ilk sanasida Prezidentingizning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi eʼlon qilindi. Unda 2025-yilga berilgan nomdan asosiy maqsad — inson va tabiat muvozanatiga asoslangan tizim yaratish ekani aytildi. Shuningdek, tabrikda yil davomida alohida eʼtibor qaratiladigan sohalar birma-bir keltirilib, dolzarb va kechiktirib boʻlmas vazifalar sanab oʻtildi. Mening koʻnglimni shod qilgani — bu ishlar ijrosiga kirishish koʻp kuttirmadi. Jadal tus olgan jarayon natijalari ham tez orada oʻzini koʻrsatdi.

Qaysi birini aytay? Gapni xalqaro miqyosga chiqqan, jahon hamjamiyati katta qiziqish bilan kuzatgan tashabbuslardan boshlay qolaman. Aprel avvalida dunyo nigohi Samarqandga qaratildi. Sharq darvozasi boʻlgan qadimiy kentda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Iqlim forumi oʻtkazildi. Forumda Oʻzbekis­ton, Qozogʻis­ton, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanis­ton Res­publikalari rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya ins­titutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari, 80 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etdi. Uning yalpi sessiyasida Oʻzbekis­ton Prezidenti nutq soʻzladi. Davlat rahbari nutqining avvalida forumning xalqaro miqyosi va ishtirokchilarning nufuzi jahon hamjamiyati barqaror taraqqiyotning eng dolzarb masalalariga samarali yechim izlashda birgalikda saʼy-harakatlar olib borishga sodiqligi namunasi ekanini taʼkidladi.

Kun tartibida Markaziy Osiyo oldida turgan dolzarb iqlim muammolari muhokama ­qilindi. Ekologik barqarorlik, “yashil” iqtisodiy taraqqiyot va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.

BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Markaziy Osiyo ekologik muammolar oldida: barqaror ­rivojlanish va farovonlik yoʻlida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilgan. Unda Oʻzbekiston Prezidentining qator tashabbuslari, jumladan, Markaziy Osiyo uchun “yashil” kun tartibi va uning mintaqada barqaror rivojlanishga koʻmaklashishdagi roli alohida qayd etilgan hamda Samarqandda Xalqaro iqlim forumini oʻtkazish tashabbusi qoʻllab-quvvatlangan.

“Markaziy Osiyo global iqlim muammolariga duch kelmoqda: umumiy farovonlik uchun birlashish” mavzusidagi forum ekologik barqarorlik, “yashil” iqtisodiy rivojlanish va iqlim barqarorligi boʻyicha muloqotni ilgari surish uchun yuqori darajadagi platformaga aylandi. Asosiy eʼtibor mintaqaviy va xalqaro hamkorlikka qaratildi. Iqlim forumi qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, suv resurslarini kompleks bosh­qarish, biologik xilma-xillikni saqlash va barqaror shahar taraqqiyoti kabi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha ekspert panellari, yalpi sessiyalar va siyosiy muloqotlar uchun maydon vazifasini oʻtadi.

Muhokamaning asosiy mavzularidan biri global miqyosdagi ekologik falokatning yaqqol namunasi boʻlgan Orol dengizi inqiroziga qaratildi. Mutaxassislar va hukumat vakillari zarar koʻrgan hududlarda yerlarni tiklash, choʻllanishga qarshi kurashish va iqlim oʻzgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini kamaytirish boʻyicha yechimlarni koʻrib chiqdi.

Tadbir yakunlari boʻyicha Samarqand forumining yakuniy hujjati — “Yashil” rivojlanishning mintaqaviy konsepsiyasi taqdimoti oʻtkazildi. U iqlim oʻzgarishi sohasida Markaziy Osiyo davlatlarining yagona mintaqaviy qarashlarini shakllantirishga asos boʻldi. Unda yetakchi xalqaro tashkilotlarning mintaqadagi ekologik muammolarni hal qilish borasidagi yondashuvlari bayon qilingan.

Yana bir misol. 5-dekabr kuni “Barqaror energetika — Yangi Oʻzbekistonning kelajak sari ishonchli qadami” mavzusidagi milliy ahamiyatga ega xalqaro anjuman chogʻida davlat rahbari yangi energetika quvvatlari va infratuzilma obyektlarini ishga tushirib, navbatdagilarining qurilishiga start berdi. Mazkur sana mamlakat energetika sohasi tarixidan zarhal harflar bilan oʻrin olgan kun boʻlib qoldi. Yangi energetika quvvatlari va infratuzilma obyektlari soni — 42 ta. Bu quvvatlar asosan, zamonaviy, ekologik toza va qayta tiklanuvchi muqobil manbalarga asos­langan.

Ular toʻliq quvvat bilan ishlay boshlaganidan keyin yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Shu zaylda kelasi yildan Oʻzbekistonda “yashil” energiyaning ulushi 23 milliard kilovatt-soatga yetadi. Tiklanadigan muqobil manbadan foydalanish yoʻlga qoʻyilishi tufayli 7 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi. Bu — atmosferaga chiqayotgan zararli moddalar 11 million tonnaga kamayadi deganidir.

Xalqaro anjumanda davlat rahbari kelasi 5 yilda minglab sanoat va infratuzilma obyektlarini ishga tushirib, yuqori daromadli ish oʻrinlarini ochish moʻljallanayotganini eʼlon qildi. Sanoat ishlab chiqarishi yuksalib borayotgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari soni muttasil oshayotgani, shuningdek, yangi koʻp qavatli uy-joylar (800 mingdan ortiq xonadon), 500 megavatt ­quvvatga ega data-markaz qurish kabi rejalar elektr energiyasiga ehtiyojni oshiradi.

Bu ishlar 2025-yilda, yaʼni mening guvohligimda koʻrilgan chora-tadbirlarning bir qismi xolos. Mendan keyin kelayotgan yillar esa ularning rivoj topishi, ulkan hamda salmoqli samara va natijalar berayotganini koʻrish imkoniga ega boʻladi.

— Sen zaminimiz uzra qanot yozgan kezlaring nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda suv taqchilligi boʻy koʻrsata boshladi. Olimlar, mutaxassislar buning yechimini topishga safarbar etilgan. Bir oz boʻlsa ham yaxshi tomonga oʻzgarish koʻrdingmi?

— Amudaryo va Sirdaryo Markaziy Osiyo­ning asosiy suv manbasidir. Ushbu katta suv oʻzanlari mintaqadagi barcha davlat hududidan oqib oʻtadi. Undan hamjihat foydalanish har doim muhim boʻlgan. Shu bois, tarixda turli nizolar boʻlishiga qaramay, mintaqa xalqlari suvdan kelishib foydalangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bugun gidroenergetika tarmogʻida hamkorlik rivojlandi. Bu qoʻshni davlatlar uchun ham muhim yoʻnalishdir. Mintaqa gid­roenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirgʻiziston va Qozogʻiston bilan “Qambarota GES-1” loyi­hasini moliya­lashtirishga kirishilishi belgilandi.

Zero, Oʻzbekiston elektr energiyasi quvvatining katta qismini gidroenergetika ­tashkil ­etadi. Xorijiy investorlar koʻmagida bu tarmoq ham keyingi yillarda taraqqiy etib bormoqda. Joriy yilda 400 megavattli gidroelektr stansiyalari ishga tushirildi. Jumladan, Norin kaskad gidroelektr stansiyasining 38 megavattli ilk gidroelektr stansiyasi toʻliq mahalliy mahsulotlardan foydalangan holda qurildi. Ushbu istiqbolli loyiha yiliga oʻrtacha 1025 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Oʻzbekistonda Jahon banki bilan hamkorlikda dunyoda ilk innovatsion “iCRAFT” loyi­hasi ishga tushirildi va katta natijalarga erishilmoqda. Jumladan, shu yilning oʻzida

17 ta yirik sanoat korxonasi “yashil” energetika boʻyicha xalqaro sertifikatlar tizimiga oʻtdi. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalar sonini 100 taga yetkazish belgilangan.

Ilgari energiya yetishmovchiligi Oʻzbekis­tonning eng asosiy ogʻriqli masalalaridan biri, zaif tomoni boʻlgan boʻlsa, xorijlik investorlar bilan manfaatli hamkorlik asosida energetika tarmogʻida amalga oshirilayotgan islohotlar bu zaiflikni katta qudratga aylantirmoqda. Bunda, albatta, davlatning oqilona siyosati hal qiluvchi aha­miyat kasb etayotir. Buni xalqaro tashkilotlar vakillari ham eʼtirof etmoqda. Xususan, 5-dekabrdagi tantanali marosimda Saudiya Arabis­tonining “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan mamlakatning investitsiyalarni jalb qilish va energetika sohasidagi fao­liyatini yuksak baholab, Oʻzbekiston rahbariga “Butun dunyo investorlar bilan ishlashni sizdan oʻrganishi kerak”, deya taʼkidladi. Shuningdek, avvalroq, Osiyo taraqqiyot banki rahbari Masato Kanda Italiyadagi yirik moliyaviy anjumanlardan birida Oʻzbekistonni xususiy inves­titsiyalar hisobiga energetika sohasini muvaffaqiyatli transformatsiya qilayotgan namunali davlatlardan biri sifatida eʼtirof etdi. Ushbu ­eʼtiroflar bu borada mamlakat toʻgʻri yoʻldan borayotgani, yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida yangi ufqlarni kashf etayotganidan darak beradi.

— Mamlakatimizda sening noming bilan bogʻliq qator tadbirlar, anjumanlardan tashqari, katta-katta das­turlar, muhim qarorlar va rasmiy hujjatlar ham amaliyotga joriy etilmoqda.

— Ha, bu kundek ravshan masala. Masalan, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarga erishishni taʼminlash yoʻlida davlat rahbarining 2019-yil 30-oktyabrdagi farmoni bilan 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlangan edi.

2025-yil 30-yanvarda esa “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmon qabul qilindi. Shuningdek, 2025-yil 15-maydagi qaror bilan 2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlangan.

Yoki 19-noyabr kuni Oʻzbekiston rahbari “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan bosh­qaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etildi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qoʻmitasi “Chiqindidan xoli hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Eko madaniyat” va “Bio meros” ­umummilliy loyihalarini amalga oshirish uchun masʼul hisoblanishi belgilandi.

Bundan tashqari, ushbu sanada yana bir muhim hujjat imzolandi. “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda ham koʻplab dolzarb vazifa va chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Xalq salomatligini taʼminlash, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan bu kabi saʼy-harakatlar, albatta, samara beradi.

— Yuqoridagi birinchi savolning ikkinchi qismiga javob bermading...

— Qaysi? Ha, tushundim, sizlardan xafamanmi yoki yoʻqmi, shuni gapirmadim-a? Toʻgʻrisi, xafa emasman, ammo koʻnglim toʻlmagan bir-ikki jihatlar ham bor. Aytaveraymi?

— Albatta-da, buni 2026 ham eshitib qoʻysa, foydadan xoli boʻlmas. Masalaning shu jihatlariga alohida eʼtibor qaratar...

— Ayrim odamlar hamon tejamkorlik koni foyda ekanini anglab yetmayapti. Isrofgarlik koʻp. Toʻylar, mehmondorchiliklardagi dabdaba, suv, energiya, gazdan foydalanishda oldi-ortiga qaramaslik, tabiiy boyliklardan yashirincha foydalanish holatlari dilimni vayron qilgan paytlar koʻp boʻldi.

Yoki havoning ifloslanish darajasi ortib ketgan kezlarni bir esga olaylik. Oʻsha kunlari Prezident huzurida bir yigʻilish boʻldi. Unda ekologik barqarorlik, jumladan, chiqindilarni qayta ishlash masalalari atroflicha koʻrib chiqildi, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha maxsus komissiyaning hisoboti tinglandi. Havo ifloslanishiga sabab boʻlayotgan manbalarni aniqlash va ularni bartaraf etish yoʻnalishidagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Issiqxonalar, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat yurituvchi obyektlar yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruvlar, shahar boʻylab koʻchalarni namlash, ariqlarni tozalash, favvoralarni ishga tushirish kabi barqarorlashtirish tadbirlari samarasi tahlil qilindi. Kuchaytirilgan tartibda reydlar va profilaktika ishlarini muntazam yoʻlga qoʻyish belgilandi.

2025-yil 24-noyabr kuni Oʻzbekiston Res­publikasi Prezidenti “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Hujjatda Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida nazoratni kuchaytirish va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish maqsadi aks etgan.

Aslida, davlat rahbari doim mutasaddilarga nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham bu yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni tizimli davom ettirish, aniqlangan qonunbuzar­liklarni tezkor bartaraf etish, havoga taʼsir koʻrsatuvchi barcha omillarni qatʼiy nazoratga olish kerakligini uqtirib keladi.

Xulosam shuki, agar odamlar oʻzi tashabbus koʻrsatib, meʼyor va chegaralarga amal qilsa, qisqa muddatda xalqning turmush sifati oshadi. Taraqqiyot shunday yuksaladiki, bugun bizni xursand qilayotgan natijalar uning soyasida qolib ketadi. Chunki davlat rahbari, mutasaddilar juda katta marralarni belgilagan. Keng ­koʻlamli islohotlar, bunyodkorliklar, inson qad­rini ulugʻlashga qaratilgan saʼy-harakatlardan kutilayotgan samara bugungidan-da zalvorli.

Umuman, mening “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb nomlanganim ajo­yib ish boʻldi. Kimdir daraxt kesayotganini, yashil tabiatga zarar yetkazayotganini, atrof-muhitga ziyon keltirayotganini koʻrsam, kapalagim uchadi. Qani endi tilim boʻlsayu, “Hoy odamzod, oʻzingni oʻzing abgor qilma, halokatga yoʻliqtirma”, deya hayqirsam, qoʻlim boʻlsayu, shu ishni qilayotgan qoʻllarga yopishsam...

— Tiling bor shekilli, mana, biz bilan muloqot qilyapsan-ku...

— Men tilim bilan emas, dilim bilan gapiryapman. Bu ovozni faqat dili, koʻngli, qalbi toza insonlar tinglay biladi. Meni eshitmaydigan oʻsha odamlarning esa yo dili yoʻq, yo uyquda. Kelayotgan yangi yil ana shu mudroq qalblarni uygʻotishi, ularga ham atrofda nimalar boʻlayotgani, xalq va rahbarlar qanday ezgu maqsadlar bilan yashayotganini anglata olishini istayman. Toki ular ham orzusi oydin odamlar orasidan oʻz oʻrnini topsin.

— Rahmat. Bugun aytadiganimiz esa shu: bizdan rozi boʻl, 2025-yil! Qadaming qutlugʻ kelsin, 2026-yil!

 

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Nodir MAHMUDOV gurunglashdi.