Oʻshdan Oʻzbekiston shaharlariga aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyilishi mumkin

    Toshkent-Oʻsh-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

    Oʻzbekiston bosh konsuli Zafarbek Ahmedov “Manas” xalqaro aeroportining Oʻsh filiali direktori Timur Madanbekov bilan uchrashdi.

    Muloqot avvalida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida turli darajadagi aloqalar, xususan savdo-iqtisodiy, taʼlim, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi oʻzaro hamkorlik jadal rivoj topayotgani qayd etildi.

    Oʻzbekistonning tarixiy shaharlariga sayohat qilish yoki davolanish maqsadida borayotgan Qirgʻiziston fuqarolarining soni yildan yilga oshayotgani, shuningdek, yozgi mavsumda Qirgʻizistonga dam olish uchun kelayotgan oʻzbekistonliklar ham koʻpaygani taʼkidlandi. Biroq, Oʻsh va unga qoʻshni viloyatlarni Oʻzbekistonning Toshkent va boshqa tarixiy shaharlari bilan bogʻlovchi qulay transport-logistika tizimining yoʻqligi turizmni yanada rivojlantirishda asosiy muammolardan biri boʻlib qolmoqda.

    Shulardan kelib chiqqan holda qirgʻiz tomoni Toshkent-Oʻsh-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida ikki mamlakat fuqarolari uchun qator qulayliklarni taqdim etadigan va oʻzaro turistlar almashinuvini oshirishga xizmat qiladigan havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Oʻzbekistonning tegish tashkilotlari bilan alohida uchrashuv tashkil etish toʻgʻrisida kelishib olindi.