Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Lisyun bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Investitsiyalar 10 Mart 2023 1362

    Joriy yil 9-martda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Lisyun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va OIIB oʻrtasidagi moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.

    Bank rahbariyati Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlarni yuqori baholadi va OIIB Oʻzbekiston bilan hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga tayyorligiga ishontirdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida Bank mablagʻlari hisobidan loyihalarni moliyalashtirish hajmi izchil oʻsib borayotgani alohida taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki oʻrtasidagi Qoʻshma deklaratsiya”ni imzoladilar, unda Oʻzbekiston va OIIB oʻrtasida 2023-2026-yillar uchun uch yillik hamkorlik dasturini ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Dastur energetika, infratuzilmaviy rivojlanish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va davlat-xususiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash sohalarida loyihalarni amalga oshirishni qamrab oladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.