Bir vaqtning oʻzida turmush oʻrtogʻi va ukasini frontga kuzatgan yolgʻiz ayol qismatini oʻylasam, yuragim hapqirib ketardi. Matonat, sabr-toqat, mardlik va jasorat timsoli boʻlgan mushfiq ayol matonatiga, sabr-­bardoshiga tasannolar qilganim bor...

Mana shu xayollar bilan boʻlib Toshloq tumanidagi “Shodlik” mahalla fuqarolar yigʻinida umrguzaronlik qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qahramoni Odiljon ota Zokirov xonadoniga yetib kelganimizni bilmay qolibman.

Otaxonni bir oz munkillagan boʻlsa kerak deb oʻylab adashibman. U askarlarga xos tetik, soʻzlari maʼnoli, xotiralari tirik. Keng feʼl, ochiq koʻngillilik fazilatlari bilan koʻpning koriga yarayotgan nuroniy ­hamisha el-yurt eʼtibori, izzatida.

— Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin, — deya qoʻllarini duoga ochdi Odiljon ota oppoq soqollarini silab. — Yaqinlarim, yaxshilar mehrini his qilib yashayapman. Bizga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun katta rahmat.

Asr bilan yuzlashgan nigohlarga boqaman. Navqiron yoshlik yillar, bahodir oʻgʻlonlar boshiga yetgan urush dahshatlari, urushdan keyingi mashaqqatli hayot tilsimotlarini bir on yodga oladi. Bombalar yomgʻiri, pishqirib yaqinlashayotgan tanklar, yopirilib kelayotgan dushman oʻqlariga ­qarshi jon olib, jon berayotgan quroldosh­lari koʻz oʻngida gavdalandi. Hammasi oʻktam, koʻngli orzu umidlarga toʻlgan alp yigitlar edi. Afsus, mashʼum urush barchasini sarobga aylantirdi...

Otaxonning koʻzlari namlandi, tomogʻi quruqshab, oʻgʻlidan bir qultum suv berishni soʻraydi.

Namangan viloyatining Norin tumanida dunyoga kelgan Odiljonning hayoti koʻplab talatoʻplar ichida oʻtdi. Shoʻrolarga qarshi milliy ozodlik harakati yetakchilaridan biri Madaminbek qoʻrboshi uning togʻasi boʻlgan. U sovet hukumati tomonidan qatl etilgach, yaqinlarining tinchi yoʻqoladi. Jonni qutqarish ilinjida boshi oqqan tomon qochgan oila Norin tumanidagi Toʻda qishlogʻidan panoh topdi. Odiljon shu yerda tugʻilib, voya­ga yetdi. Otasi, akasi yonida turib, kolxozda dehqonchilik qildi, Katta Fargʻona, Namangan kanallari qurilishida ishtirok etdi, 1942-yilning kuz faslida tengqurlari qatori urushga ­safarbar qilindi.

— Harbiy komissariyatga chaqirilganimda 19 yoshda edim, — deya xotirlaydi urush qahramoni. — Qisqa harbiy tayyorgarlikdan soʻng 3-Ukraina fronti tank diviziyasi safida xizmat qildim. U kunlarni eslash ogʻir, bolam. Akam Rahmonjon bilan harbiy qismda uchrashganman. Keyin u bosh­qa frontda ogʻir yaralanib uyga qaytgan. ­Birinchi jangda men bilan birga frontga kelgan hamqishlogʻim koʻz oʻngimda halok boʻldi. Bundan taʼsirlanib, bir necha kun oʻzimga kelolmaganman. Keyingi jangda qoʻlimdan, oyogʻimdan yaralanib, tuproq ichida qolib ketibman. Koʻzimni ochib qarasam, harbiy gospitalda yotibman. Qisqa davolanishdan soʻng yana oldingi safga qaytganman.

Beshafqat oʻqlar yomgʻiri ostida Dnepr daryosini kechib oʻtish, Moldova, Ukraina, Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya shahar va qishloqlarini ozod qilishda ishtirok etib, mardlik, matonat koʻrsatdi, bir necha bor jangovar orden va medallarga sazovor boʻldi. Gʻalaba haqidagi xabarni Chexoslovakiya oʻrmonlarida eshitdi. Ammo urush ­olovlari Odiljon uchun yakun topmadi. Jangchilar esheloni rus-yapon fronti sari yoʻlga chiqdi. Garchi bu urushda qatnashmagan boʻlsa-da, mamlakat sarhadlarini himoyalashda koʻpga ibrat boʻldi. Uni armiya saflarida qolishga chorlashdi. Ammo u yaqinlari, oʻz jigarband­lari yoniga qaytishga qaror qildi. Uyga qayt­gach, oʻz tugʻishganlarini izlab Fargʻonaga keldi, shu yerda qoʻnim topdi, uy-joy, oila qurdi.

Bolaligidan mehnatda toblangan urush qahramoni Markaziy Fargʻona yerlarini oʻzlashtirishda qatnashdi. Beshsari adirlariga suv olib bordi, qum barxanlari oʻrnida yangi ekin maydonlari ochdi, bogʻu rogʻlar yaratdi, qishloqlar qurilishiga bosh boʻldi. Toshloq tumanidagi Xonariq qishlogʻi oʻtmishi va bugungi hayot tarzida Odiljon Zokirovning mehnatlari alohida eʼtirof etiladi.

— Bugungi kunlarning qadriga yetish, tinch­likni asrab-avaylash, toʻgʻri, halol, shukronalik bilan yashash ham fazilat, — deydi qutlugʻ yoshli otaxon. — Hamma shart-­sharoit, istagan narsamiz bor, biror manzilga boraman desangiz, piyo­da yurmaysiz. Shahar va qishloqlarimiz obodligini koʻrib yayrab ketaman, umrimga umr qoʻshilgandek boʻladi, das­turxonimiz toʻkin-sochin, bunday kunlar hech qachon boʻlmagan.

Odiljon aka nafaqaga chiqqach ham fido­yilar safida qoldi. Mahalla oqsoqoli sifatida yoʻllarni asfaltlash, suv olib kelish, obodonlashtirish ishlari, toʻy-­maʼrakalarga bosh boʻldi.

Urushning tirik afsonasi yashayotgan hovli mevali bogʻ, bahor taftiga monand baravj gulu chaman. Saranjom-sarishta hovlida bahri dilingiz ochiladi. Bularning barchasi oddiy va kamtarin oilada anʼanaga aylanib ketgan halol mehnat, hamjihatlik, shirinsuxanlik mahsuli ekanini dildan his qilasiz.

— Bu nav-nihollar biz uchun qadrli, — deydi Maʼrufjon Zokirov. — Ularning har birida otam va onamning siymosi, qadoq qoʻllari izlarini koʻraman. Otam bu bogʻlarga ishlov berishga hanuz bosh boʻlib, maslahat beradi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi. Bu hayotiy nasihatlarga amal qilib, kam boʻlganimiz yoʻq.

Asr bilan yuzlashgan Odiljon otaning birda yaxshi, birda mahzun oʻtgan mashaqqatli hayot yoʻli, munavvar kunlari xususida bilishni istovchi, undan ibrat oluvchilar koʻp keladi bu xonadonga.

Odiljon aka suronli yillardagi ogʻir hayot, ocharchilik qurbonlari bilan bogʻliq voqea va hodisalarni koʻp bor yodga oladi. Keksalik sabab erkin harakatlanishga bir oz qiynalsa-da, xotirasi yaxshi, soʻzga chechan. Fargʻonaliklarga xos ochiqlik, samimiyat bilan bir piyola choyga taklif etishni kanda qilmaydi. Chunki bu uyning chirogʻi hamisha yoniq...     

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri