Ota-onaga qilingan har bir xatti-harakat mukofotsiz yoki jazosiz qolmaydi

    Hadisda ota-onaga oq boʻlish, yolgʻon gapirish va yolgʻon guvohlik berish ham shirkka tenglashtirilmoqda. Chunki ota-onaning farzandni dunyoga keltirib, tarbiyalab, voyaga yetkazishda chekkan zahmatlarini hech narsa bilan baholab boʻlmaydi.

    Abdurahmon ibn Abu Bakr roziyallohu anhu otasidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Sizlarga eng katta gunohlarning xabarini berayinmi?” deya uch bor takrorladilar. Biz: “Bosh ustiga (qanday yaxshi boʻlardi), yo Rasululloh!” dedik. U zot alayhissalom: “Olloh taologa shirk keltirish, ota-onaga oq boʻlish, deganlari holda suyanib turgan joylarida oʻtirib qoldilar va: “Ogoh boʻling, yolgʻon soʻzlash, yolgʻon guvohlik berish. Ogoh boʻling, yolgʻon soʻzlash, yolgʻon guvohlik berish”, deya davom etaverganlaridan, biz koshki u zot endi toʻxtasaydilar, deb qoldik” (Imom Buxoriy rivoyati).

    Sharh: Hadisda eng katta gunoh boʻlgan shirk bilan bir qatorda ota-onaga oq boʻlish, yolgʻon soʻz va yolgʻon guvohlik berish ham ogʻir ekanining xabari berilmoqda. Paygʻambarimiz alayhissalomning uch bor takrorlashlari taʼkiddir. Yaʼni eshituvchi qattiq ogoh etilib, kelishi mumkin boʻlgan xatardan hushyor tortmogʻi uchundir. Shubhasizki, Olloh taologa shirk keltirish gunohlarning eng kattasidir. Endi unga yonma-yon farzandning ota-onaga oq boʻlishi, yaʼni ulardan biri yo har ikkisining dilini ogʻritishi, norozi qilishidir. Chunki ota-ona farzandning dunyoga kelishiga sababchi va uni tarbiyalab voyaga yetkazgan shaxs hisoblanadi (“Umdatul qori sharhi Sahihil Buxoriy”).

    Farzandning ota-onasiga nisbatan qilgan har bir xatti-harakati mukofotsiz yoki jazosiz qolmaydi. Ularga eng yuksak odobni koʻrsatish zarur boʻladi. Jumladan, ota-onadan oldin oʻtib yurmaslik, ulardan avval oʻtirmaslik, ismini aytmaslik va oldida ovozini baland koʻtarmaslik kabilar muhim odoblar sanaladi.

    Hishom ibn Urva rivoyat qiladi: “Abu Hurayra roziyallohu anhu ikki kishini koʻrib, ulardan biriga: “Bu senga kim boʻladi?” deb soʻradi. U: “Otam”, dedi. Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Uni ismi bilan chaqirma, undan oldinga oʻtib yurma va birinchi boʻlib oʻtirma!” dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).

    Hadis matnida kelgan “katta gunohlar” kalimasi ustida ulamolar ixtilof qilgan. Ayrim ulamolar, gunohlarning katta-kichigi boʻlmaydi, Olloh man etgan har bir narsa gunohi kabiradir, desa, boshqa koʻplab ulamolar, kufrdan boshqa gunohlar oʻrniga qarab katta va kichik boʻladi, deydi. Eng katta va kechirilmas gunoh esa shirkdir. Olloh taolo bunday ogohlantiradi: “Albatta, Olloh oʻziga (biror narsa) sherik qilinishini kechirmaydi. Bundan oʻzga (gunohlar)ni (Oʻzi) xohlagan kishilar uchun kechirgay. Kimda-kim Ollohga shirk keltirsa, demak, u (toʻgʻri yoʻldan) juda uzoqqa adashibdi” (Niso surasi, 116-oyat).

    Haq taologa loyiq boʻlmagan narsalarni Unga nisbat berish shirk boʻladi. Paygʻambarlar yoki ilohiy kitoblardan birini yo barchasini inkor etish, halolni harom yoki haromni halol deyish kabi xatoliklar bandani kufrga boshlaydi. Olloh taolo ogohlantiradi: “Nuh qavmi (Nuhni va undan oldin oʻtgan) paygʻambarlarni inkor etdi (Shuaro surasi, 105-oyat); “(Gap) shudir. Kimki Olloh harom etgan narsalarni katta gunoh deb bilsa, bas, bu Parvardigori nazdida oʻzi uchun yaxshidir. Sizlar uchun (harom ekanligi) tilovat qilinadigan narsalardan boshqa (barcha) chorva mollari halol qilindi...” (Haj surasi, 30-oyat).

    Katta gunohlar uchun azob boʻlganidek, kichik gunohlar uchun ham azob bor. Chunki kichkina gunoh ham koʻpaygani sayin kattalashib boradi. Imom Gʻazzoliy aytadi: “Fiqhda katta va kichik gunohlarning oʻrtasidagi farqni inkor etish durust emas” (“Al-Basit”).

    Katta gunohlarning baʼzisini boshqasiga qiyoslansa yoki zarariga qaralsa, ulardagi katta-kichiklik namoyon boʻladi. Hadisda ota-onaga oq boʻlish, yolgʻon gapirish va yolgʻon guvohlik berish ham shirkka tenglashtirilmoqda. Chunki ota-onaning farzandni dunyoga keltirib, tarbiyalab, voyaga yetkazishda chekkan zahmatlarini hech narsa bilan baholab boʻlmaydi. Paygʻambarimiz alayhissalom oʻz otasidan shikoyat qilgan bir kishiga: “Sen ham, moling ham otangnikidir”, deya tanbeh berganlar (Ibn Moja rivoyati).

    Yolgʻon soʻzlash, yolgʻon guvohlik berishda ulkan xatarlar mavjud. Birgina aytilgan yolgʻon inson hayotiga nuqta qoʻyishi mumkin. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam moʻmin yolgʻonchi boʻlmasligini taʼkidlaganlar. Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda: “Yolgʻon iymondan chetlatuvchidir”, deyiladi (Imom Bayhaqiy rivoyati).

    Odamlar orasida yolgʻon gapirish va yolgʻon guvohlik koʻp va oson sodir boʻladi. Chunki insonlar koʻpincha bu gunohni yengil sanaydi, beparvolik qilishadi. Holbuki, bandalar koʻp ham eʼtibor bermaydigan bu ikki gunoh adovat, gina-kudurat va hasad kabi bir qancha illatlarning kelib chiqishiga sabab boʻladi. Aslida esa, jamiyat uchun shirkdan koʻra, yolgʻonning zarari kuchliroqdir (Muhammad ibn Ahmad Ayniy). Xarim ibn Fotik aytadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bomdod namozini oʻqidilar. Soʻngra ketayotib, toʻxtadilar va: “Yolgʻon guvohlik berish Olloh taologa shirk keltirish bilan teng qoʻyildi”, deya uch bor takrorladilar. Keyin: “Bas, butlardan iborat najosatdan uzoqlashib, yolgʻon soʻzdan ham chetda boʻlingiz! Ollohga chin ixlos qilib, Unga shirk keltirmagan holingizda (mazkurlarni bajaring)! Kimki Ollohga shirk keltirsa, bas, u goʻyo osmondan qulagan va uni qushlar (oʻlja qilib) olib ketgan yoki uni (qattiq) shamol yiroq joyga uchirib ketgan (jonsiz narsa) kabidir” oyatini (Haj surasi, 30-31) tilovat qildilar (Imom Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati)”.

    Shirk bilan tenglashtirilgan bu ikki gunohning ogʻirlik darajasi undan jabr tortgan odamning hisobiga koʻra belgilanadi. Yaʼni, yolgʻon soʻz yoki yolgʻon guvohlik sabab qancha koʻp fosidlik sodir etilsa, jazosining ogʻirligi ham kattalashib boradi. Ibn Arabiy aytadi: “Yolgʻon toʻrt qismga boʻlinadi: Birinchisi, Olloh taologa nisbatan yolgʻon toʻqish. Un (ning azobi)dan qattiqrogʻi boʻlmaydi. Qurʼoni karimda bunday ogohlantirilgan: “Axir, Olloh shaʼniga (shirk va farzandni nisbat berib) yolgʻon soʻzlagan va rostgoʻylikni (vahiyni) oʻziga kelgan paytidayoq inkor etgan kimsadan koʻra kim ham zolimroqdir yoki jahannamda kofirlar uchun joy yoʻqmi?!” (Zumar surasi, 32-oyat). Ikkinchisi, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga nisbatan yolgʻon toʻqish. U ham yuqoridagiga oʻxshash ogʻirdir. Uchinchisi, insonlarga nisbatan yolgʻon toʻqish. Yaʼni, yolgʻon guvohlik berishdir. Masalan, bir aybsiz kishini aybdor qilish yoki uning aybini bekitishni koʻzlab, yolgʻon guvohlik berish. Toʻrtinchisi, insonlarga yolgʻon soʻzlash. Bu borada moliyaviy muomala masalalaridagisi eng ogʻiridir...”

    Hadis matnida guvohlikni yashirish zikr etilmagan boʻlsa-da, u ham yolgʻondan guvohlik berish singaridir. Uning hukmi ham shunga qiyos qilinadi. Zero, haqni botil qilish uchun yolgʻon guvohlik berish harom qilingan ekan, yashirish ham shuning kabi zararlarni keltirib chiqarishi tabiiy.

    Inson shirk keltirish bilan musulmonlikdan chiqadi, yaʼni u banda moʻmin deyilmaydi. Ota-onaga oq boʻlish yoki yolgʻon soʻzlash yo yolgʻon guvohlik berishning shirk bilan tenglashtirilishi, bu gunohlarning jazosi kuchli, hisobi qattiq ekanini bildiradi.

    Manbalar asosida

    Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

    Abduvohid OʻROZOV tayyorladi.