Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda kitoblar ijarasi pulli boʻlishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2025–2027-yillarga moʻljallangan Fiskal strategiya asosida ishlab chiqilgan Byudjetnoma loyihasida 2025–2026-oʻquv yilidan 2–11-sinflarda bir toʻplam darslik va mashq daftarlari uchun ijara toʻlovi undirish tizimini joriy etish yuzasidan tegishli takliflar taqdim etilgan edi.
Byudjet jarayonlarini shakllantirishda vazirlik tomonidan, birinchi navbatda, iqtisodiy oʻsishning barqaror yuqori surʼatlari hamda iqtisodiy va ijtimoiy sohaning moliyaviy mutanosibligini taʼminlashda davlatning ijtimoiy majburiyatlarini toʻliq hamda oʻz vaqtida bajarishga ustuvor eʼtibor qaratiladi. Bunda, samaradorlikni oshirish maqsadida turli yoʻnalishlar boʻyicha tahlillar oʻtkaziladi.
Taʼkidlash lozimki, 2024-yilda maktab oʻquvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat byudjetidan jami 1,5 trln soʻm ajratilgan. Ushbu mablagʻlardan 435,5 mlrd soʻmi (yoki 36 foizi) davriyligi 1-yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yoʻnaltirilgan.
2025-yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln soʻm mablagʻlarni toʻliq Davlat byudjetidan qoplash koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchilar tomonidan chop etilgan postlarda Byudjet loyihasida Kitob jamgʻarmasi xarajat va daromadlari koʻrsatilmaganiga eʼtibor qaratilgan. Qayd etish joizki, Kitob jamgʻarmasi faoliyati toʻxtatilgan va yangi jamgʻarma tashkil qilinmagani sababli loyihada bu boʻyicha maʼlumotlar aks ettirilmagan.
2025-yil uchun Davlat byudjeti doirasida koʻzda tutilgan mablagʻlar yangi oʻquv yilida oʻquvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan taʼminlash boʻyicha ehtiyojni toʻliq qoplash imkonini beradi.
Bunda, ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qoʻshimcha toʻlov undirish rejalashtirilmagan.