Oʻta xavfli yuqumli kasallik tarqatuvchi “uygʻondi” — Sanepidqoʻmita

    Sanepidqoʻmita oʻta xavfli yuqumli kasallik tarqatuvchi “uygʻonganini” aytib, fuqarolarni ogohlikka chaqirdi.

    Qayd etilishicha, qrim-kongo gemorragik kasalligi bu kanalar chaqishi oqibatida kelib chiqadigan oʻta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi.

    Sanepidqoʻmita ushbu kasallikni yuqtirib olmaslik uchun quyidagi qoidalarga amal qilishni tavsiya qildi.

    • Chorva mollari tanasidagi kanalarni qoʻllar bilan terib olmaslik;
    • Ularni oʻldirmaslik;
    • Agar chorvada kanalar bor boʻlsa hududdagi veterinariya xodimlarini chaqirib, kanalardan tozalash choralarini koʻrish;
    • Togʻ-adirga chiqqanda, kana chaqqan taqdirda tibbiyot xodimlariga murojaat qilish.

    Kasallikning asosiy belgilari esa toʻsatdan isitma chiqishi, bosh ogʻrigʻi, mushak va bel ogʻrigʻi, koʻngil aynishi, qusish, ich ketish yoki qon aralash najas, gemorragik (qon ketish bilan bogʻliq) holatlar — yaʼni, burundan, milkdan qon ketishi, teri ostiga qon quyilishi va boshqa holatlarda namoyon boʻladi.