OTB O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida

    Investitsiyalar 1 Sentabr 2021 898

    Joriy yil 31-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilari Kengashining Yillik anjumanida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti Ashok Lavasa bilan uchrashdi.

    Ushbu tashrif OTB rahbariyatining pandemiya boshlanganidan buyon birinchi xorijiy safaridir.

    Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

    OTB rahbariyati O‘zbekistonda xususiy sektorning turli sohalarda rivojlanishini kengaytirish uchun hozirda keng imkoniyatlar mavjudligi haqida so‘z yuritdi. Shu munosabat bilan bozor vositalari, jumladan, «yashil» va infratuzilma obligatsiyalari, OTB investorlari foydasini ko‘zlayotgan kafolatlar, shuningdek, milliy valyutada moliyalashtirish mexanizmlaridan keng foydalanish orqali bazaviy va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilishda xususiy hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etishni tubdan kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Xususan, energetika, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta'lim, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida qattiq chiqindilarni qayta ishlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

    DXSh mexanizmlari asosida past voltli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ulardan foydalanish tashabbusini birgalikda ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishildi. OTB rahbariyati tender va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun xalqaro maslahatchilarni jalb etishni moliyalashtirish uchun grant mablag‘larini ajratish, shuningdek, elektr energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga doir texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikning mavjud va yangi yo‘nalishlari doirasida o‘zaro hamkorlik uchun keyingi qadamlarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.