Oʻtgan davr mobaynida “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan 29 289 mln soʻmlik xizmat koʻrsatilgan

    AOKAda “Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov, direktor oʻrinbosari Sherzod Sadikov va boshqa masʼul xodimlar ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida tizimda 9 oy davomida olib borilgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2022-yil 9 oyligiga moʻljallangan rejasi 21 ta koʻrsatkichlar boʻyicha bajarilib, shundan 19 ta koʻrsatkich boʻyicha oshirib bajarildi.

    Xususan, hujjatlarning elektron nusxasini yaratish ishlari boʻyicha hisobot davrida davlat arxivlarida 144 091 saqlov birligida qogʻoz asosidagi , 11 564 051 kadr, 288 saqlov birligida kino, 17 558 hisob birligida foto, 366 saqlov birligida ovozli hujjatlarning elektron nusxalari yaratildi.

    Davlat arxiv oʻquvxonalarida tadqiqotchilar ishini tashkil etish boʻyicha 929 nafar Oʻzbekiston fuqarolari, 39 nafar Chet el fuqarolari tadqiqotchilik ishlarini olib bordilar, 47 493 saqlov birligida hujjatlar tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etildi. Agentlik tomonidan koʻrsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 29 289 mln. soʻmni tashkil etdi.

    Agentlikka joriy yilning 9 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 794 ta murojaatlar kelib tushdi. Respublika davlat arxivlariga jami jismoniy va yuridik shaxslardan 1 979 ta murojaatlar kelib tushdi hamda oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqildi. Shundan 956 ta murojaat qanoatlantirildi, 818 tasiga tushuntirish berildi, 179 tasi tegishliligi boʻyicha boshqa tashkilotga yuborildi va hozirda 26 ta murojaat ijrosi bajarilish jarayonida.

    Agentlik tizimidagi arxiv muassasalarida bugunga qadar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishda kamchilik hamda huquqbuzarlikka yoʻl qoʻygani uchun 2 nafar rahbar va masʼul xodimlarga jiddiy ogohlantirish berilib, 23 nafar rahbar (9 nafari) va masʼul xodimlar (14 nafari) intizomiy javobgarlikka tortilgan.