Oʻtgan hafta onlayn auksion orqali umumiy summasi 18,0 mlrd soʻmlik 4 213 ta avtoraqam sotildi

    “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ axborot xizmati oʻtgan hafta davomida, yaʼni 7 – 13-oktyabr kunlari savdo natijalarini eʼlon qildi.

    Taʼkidlanishicha, barcha savdo platformalarida 3 077,1 mlrd soʻmlik tovarlar sotilgan boʻlib, bu avvalgi haftaga nisbatan 24,4 foizga koʻpdir.

    Bunda tuzilgan bitimlarning qariyb 81,4 foizi birja savdolariga, qolgan 18,6 foizi qismi esa elektron tijorat savdo tizimlariga toʻgʻri keldi.

    Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 942,4 mlrd soʻm. Davlat xaridlari tizimlarida oʻtkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 127,7 mlrd soʻmlik mablagʻlari tejaldi.

    Koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali sotilgan 4 213 ta avtoraqam umumiy summasi 18,0 mlrd soʻmni tashkil qildi.

    Koʻrib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 505,2 mlrd soʻmlik tovar resurslari sotildi, shu jumladan:

    • birja savdolariga 46 150,0 tonna un qoʻyildi va uning 8 186,0 tonnasi, yaʼni 17,7 foiz qismi sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 102 ta xaridor ishtirok etdi. Koʻrib chiqilayotgan davrda 1-navli un boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 3 783,2 ming soʻmdan 3 664,8 ming soʻmgacha pasaydi. Unning oʻrtacha kunlik sotuv hajmi 1 637,0 tonnani tashkil qildi.
    • birja savdolari orqali 127 951,0 tonna sement sotildi. Oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 25,6 ming tonnani tashkil qildi. Koʻrib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 578,1 ming soʻmdan 538,5 ming soʻmgacha pasaydi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 76 ta xaridor ishtirok etdi.
    • Oʻtgan hafta davomida birja savdolariga 35 926,0 tonna karbamid qoʻyildi va uning 5 098,0 tonnasi, yaʼni 14,2% qismi sotildi.Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 44 ta xaridor ishtirok etdi. Koʻrib chiqilayotgan davrda barcha markali karbamidning kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3 501,4 ming soʻmdan 3 492,9 ming soʻmgacha pasaygan.