Qayd etilishicha, 2024-yil davomida jamoat transportlarida bank kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni 146,5 millionga yetgan. Bu 2023-yilga nisbatan 71,5 foizga koʻproq hisoblanadi.
Bank kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar transport kartalarini (140 mln. tranzaksiya) ortda qoldirgan. 2023-yilda aksincha, transport kartalari bu borada ustun boʻlgandi.
Shuningdek, avtobuslarda mobil QR-toʻlovlar 177,4 foizga, metrodagi QR-toʻlovlar esa 157,6 foizga oʻsgan. Toshkent shahrida avtobuslardagi tranzaksiyalar 52,6 foizga oʻsgan. Metropolitenda esa oʻsish biroz pastroq – 11,6 foizni qayd etgan.
Umuman, 2024-yil davomida jamoat transportlaridagi tranzaksiyalar soni 38 foizga oʻsib, 510,5 milliontaga yetgan.
Maʼlumot uchun, Toshkentda 2025-yil 1-yanvardan boshlab avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyoti toʻxtatildi. Naqd pul orqali avtobuslarda harakatlanish uchun bekatlar yaqinida oʻrnatilgan barcha toʻlov qurilmalari yaʼni, Paynet, MultiPay va Oson infokioskalari orqali bir martalik chipta xarid qilish mumkin boʻldi.









