Misol uchun, oʻtgan yili huquq-tartibot idoralari tomonidan 86 ta noqonuniy “virtual hujralar” aniqlangan. Bular faqat mamlakatimiz hududida tashkil etilganlari.

Oliygohlar rektorlari talabalari darsdan keyin nima bilan shugʻullanishi bilan qiziqmayotgani, ijodiy kechalar, sport oʻyinlari, madaniy tadbirlar bilan talabalarning boʻsh vaqtini boyitmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyati ham tubdan oʻzgarishi shartligi taʼkidlandi. Markazning birorta internet platformasi yoki ijtimoiy tarmoqlarda loyihasi yoʻqligi, yoshlar qiziqishlarini inobatga olmay, qamrovi va taʼsirchanligi past boʻlgan turli-tuman anjuman va davra suhbatlari oʻtkazish bilan ovora boʻlib qolgani tanqid qilindi.

Shu bilan birga, byudjet hisobidan yaratiladigan badiiy asarlar, multfilm, serial va kinolar, sahna asarlari xususiy sektor va xorijiy kontentlar bilan raqobat qila olishi zarur.

Mutasaddilarga yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, ularga sogʻlom fikr va motivatsiya berishga qaratilgan kontentlarni koʻpaytirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ixtisoslashgan alohida telekoʻrsatuvlar tashkil qilish, xorijdagi yoshlarimizga koʻmak berish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.