Atoqli so'z san'atkori Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romani o'zbek adabiyotining eng birinchi va eng sara – mumtoz nasriy asaridir. Qisqacha aytganda mazkur roman o'zbek adabiyotining nafaqat gultojisidir,
 balki shoh asaridir. Adabiyotimizda Alisher Navoiydek mumtoz shoir uning o'zigacha va hozirgacha bo'lmaganidek, Abdulla Qodiriy ham o'zigacha va o'zidan keyingi davr o'zbek romanchiligi ijodkorlari davrasida yagona, betakror, mislsiz siymo bo'lib qolmoqda.

Muallif bu sohadagi insholarini bir shunchaki havas deb qaragan, ammo tarix bu kamtarlik mahsulini shunday yuqori baholadiki, “O'tkan kunlar” hanuz yozuvchilarimiz uchun badiiy ijod sohasidagi oliy namunadir. 1926 yilda yaxlit kitob shaklida bosmadan chiqqan asar shu qadar mashhur bo'ldiki, odamlar romanni qorilar Qur'oni Karimni yod olishgandek yodlashardi. Asarning shuhrati nafaqat O'rta Osiyo respublikalarida yoyilgan, balki SHarqiy Turkiston, Afg'oniston va Turkiyaga ham etib borgan edi. Millatidan qat'i nazar oilalarda tug'ilgan o'g'il bolalarga Otabek, qiz bolalarga Kumush ismlarini qo'yishar edi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, mazkur roman taqdiri ham adibning taqdiriga o'xshash bo'ldi. Mash'um qatag'on yillari adibning ijod mahsuli bo'lmish ushbu asar man qilindi, kutubxonalardan va kitob do'konlaridan olindi va kuli ko'kka sovurildi. Farg'ona vodiysining To'raqo'rg'onida yashagan ma'rifatparvar adib, qozi, noshir va olim Ishoqxon To'ra Ibratni “ogpuchilar” hibsga olishlaridan bir oz muddat avval, “Tarixi Farg'ona” asarining muallifi, Julqunboy qalamiga mansub “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” va CHo'lponning “Kecha va kunduz” asarlarini qo'shsinch devori ortiga yashirib, suvatib yuborgan ekan. Farzandlarining so'roqli nigohlariga: “Hali vaqt keladi va bu asarlarni yurtdoshlarimiz ko'zlariga surtib o'qiydilar”, - deb aytgan ekanlar. Sobiq sho'rolar davrida keyinchalik muallif oqlanganiga qaramay, davr o'zgargani bilan hamon qatag'on yillarining sharpasi sezilib turardi. Inchunin, “O'tkan kunlar”romanining bir necha nashrlaridan asar kompozitsiyasi, syujeti va millatparvarlik hamda vatanparvarlik ruhidagi bosh g'oyalari uchun muhim bo'lgan bir qancha badiiy parchalar kesib olib tashlangan edi. Birinchidan, buyuk rus millatchilik ta'siri o'laroq ilmiy tariximizda bo'lganidek, chorizmning zobit lashkarboshilari va askarlari haqidagi haqiqatlar, ya'ni ularning bosqinchilik vazifalari sir tutilar va romandan ham bu haqdagi muhim vatanparvarlik ruhi bilan sug'orilgan nutq qisman kesib tashlangan edi.

Ikkinchidan, “qizil to'ntarish”ning dastlabki kunlaridanoq, dinga qarshi mafkuraning tantanasi tufayli nashrlarimizdan diniy fikrlar yulqib tashlanaverdi. Xuddi shunday yondashuv “O'tkan kunlar” romaniga ham bo'lgan. Dinga nisbatan tutilgan qatag'on siyosat romandan Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bebaho hadislari va boshqa axloq-odobga oid diniy qarashlarning qisqartirib tashlanishi boisi bo'lgan edi. Nafsilamrini aytganda, roman jamiyatda “qizil terror” avj olgan vaqtda va yurtimizda ildiz otmay so'ligan Qo'qon muxtoriyatining doshnoqi armanlar otlarining tuyoqlari ostida yanchilib-ezilib, olgan jarohatlaridan hali qon sizib oqib turgan paytda yozildi. Millatparvarlik ruhidagi bunday asarni yozish uchun muallif ta'biri bilan aytganda “bir qo'rqunch jasorat” kerak edi. Bunga Abdulla Qodiriyning aql-zakovati, kuchi va irodasi etdi, lekin ming afsuski sobiq sho'rolar milliy uyg'onish hamda o'zlikni anglash ruhidagi bunday asar uchun muallifdan o'ch olishdi va jismonan yo'q qilishdi.

“Qizil saltanat”ning vafodor vakillaridan bo'lgan bol`shevik-yozuvchi M.Sheverdin “O'tkan kunlar” romani haqida fikr bildirar ekan shunday deydi: “Shubhasiz, “O'tkan kunlar” birinchi o'zbek romanidir, biroq bizniki emasdir!”. Bunga munosabat bildirib, men hozir shunday javob beraman: “Albatta, ushbu roman hech qachon bol`sheviklar mafkurasiga yohud biror tabaqaga tegishli bo'lmagan. Mazkur asar umuminsoniy qadriyatlar, bag'rikenglik, birodarlik, tinchlik, o'zaro totuvlik va ahillik g'oyalari bilan yo'g'rilgan roman bo'lib, insonlarni yaxshilikka, ezgulikka, ozodlikni qadrlashga, milliy o'zlikni anglashga, o'z insoniy muhabbati uchun kurashishga da'vat etuvchi asardir. Bundan tashqari, mazkur roman nafaqat jahon adabiyoti, balki bashariyat tamadduni taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shdi va qo'shib kelmoqda.”.

Biz yuqorida roman haqida ba'zi fikr-mulohazalarimizni bayon etdik, galdagi vazifa XX asrning 20 yillarida yozilgan va 19 asrning 40-60-yillaridagi voqea-hodisalar yoritilgan asar hozir bizga nima beradi? degan savol tug'ilishi tabiiy. To'g'ri, kitobxon “O'tkan kunlar” romanini o'qir ekan, bu shunchaki ishqiy asar deb yondoshsa katta xato qilganligni anglaydi. Chunonchi, asarning “Xon qiziga loyiq bir yigit” bobida bosh qahramonlardan biri Otabek Rossiyaning Shamay shahriga savdo ishlari bilan borib ko'rganlarini so'zlab berishi, Ziyo shohichining uyida yig'ilganlarni lol qoldiradi. Otabek, ayniqsa, o'rislarning idora usuli haqidagi gaplari, Qo'qon xonligidagi idora usuli naqadar eskirib, orqada qolib ketganligini kuyunchaklik bilan so'zlab beradi: : «Shamayga bormasimdan ilgari o'z hukmdorlig'imizni ko'rib; boshqalar ham shundaydir, deb o'ylar edim, – dedi bek, – lekin Shamay manim fikrimni ost-ust qilib, o'zimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men o'risning idora ishlarini ko'rib, o'z idoramizning xuddi bir o'yinchiq bo'lg'anlig'ini iqror etishka majbur bo'ldim... Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa, holimizning nima bo'lishig'a aqlim etmay qoldi. Shamayda ekanman, qanotim bo'lsa, vatanimga uchsam, to'ppa-to'g'ri xon o'rdasiga tushsam-da, o'risning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorliq yozib o'risning idora tartibini dasturilamal etishka buyursa, men ham bir oy ichida o'z elimni o'risniki bilan bir qatorda ko'rsam... ammo o'z elimga qaytib ko'rdimki, Shamayda o'ylaganlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish. Bu erda so'zimni eshitkuchi birav ham bo'lmadi, bo'lsalar ham: «Sening orzungni shu xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?» deb meni ma'yus qildilar. Ilgariroq men ularning gapiga bovar qilmay yursam ham, so'ng'g'idan to'g'ri so'zni aytkanlarini bildim. Darhaqiqat, mozoristonda «hayyya alalfalah» xitobini kim eshitar edi».

E'tibor bering, Otabek yosh bo'lishiga qaramasdan xuddi kattalardek fikr yuritadi o'z yurtining idora usuli no'noqligidan kuyinadi va qo'lidan hech narsa kelmayotganligidan xafa bo'ladi. Safardan qaytib, maqsadi muammolarini aytgan Otabek loqaydlik devoriga uchraganligini ham ta'kidlab o'tadi. Otabekni o'z yurtining istiqboli va ravnaqiga befarq emasligini ko'ramiz hamda uning qanchalik xalqparvar, yurtparvar va vatanparvar ekanligini shohidi bo'lamiz. Majlisdagilarga muammolar haqida so'zlar ekan, mazkur muammolarni echimi borligini ham aytadi: “ – Manimcha, o'risning bizdan yuqoridalig'i uning ittifoqidan bo'lsa kerak,- dedi Otabek, - ammo bizning kundan-kunga orqag'a ketishimizga o'z ora nizo'imiz sabab bo'lmoqda, deb o'ylayman, boshqa xil aytkanda Ziyo amakimning fikrlari qisman to'g'ri. Oramizda bu qo'rqunch holatka bahaqqi tushunadirg'an yaxshi odamlar yo'q, bil'aks buzg'uchi va nizo'chi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuqurig'a qarab tortadirlar. Bu kungi qora chopon va qipchoq nizo'larini sizga bir timsol o'rnida ko'rsatayin: o'ylab ko'rilsin, bu nizo'lardan bizga qanchaliq foyda va qipchoq og'aynilarg'a nima manfaat hosil bo'lmoqda? Faqat bundan foydalang'uchilar ikki xalq orasig'a adovat urug'ini sochib yurg'uchi bir necha e'vogar boshluqlarg'inadir. Masalan Musulmonqulni kim xolis odam, deb o'ylaydir? – uning yurt uchun qon to'kishdan boshqa nimaga foydasi tegdi? Musulmonqul o'z g'arazi yo'lida orada yo'q nizo'larni qo'zg'ab kuyavi Sheralixonni o'ldirdi, gunohsiz Murodxonni shahid etdi, qo'y kabi yovvosh Toshkand hokimi Salimsoqbekni o'ldirib, o'rniga Azizbekdek zolimni belguladi va o'zini mingboshi e'lon qilib, aqlsiz bir go'dakni (Xudoyorni) xon ko'tarib el elkasiga mindi. Tuzuk, agar Musulmonqul bu ishlarni bir yaxshi maqsadni kuzatib qilg'anda, zolimlarni o'rtadan ko'tarib, yurtka osoyish berganda unga kim nima deya olur edi? Holbuki, Toshkand tarixda misli ko'rilmagan Azizbek kabi vahshiyni faqat shu Musulmonqul qo'lidan oldi. Basharti Musulmonqul chin inson bo'lsa, insondan vahshiy tug'ilg'anini hech kim eshitkan chiqmas. Modomiki, o'z g'arazi yo'lida istibdod orqali el ustiga hukmron bo'lg'uchilar yo'qotilmas ekanlar, bizga najot yo'qdir, magar shunday g'arazchilarni ular kim bo'lsalar ham ish boshidan quvlash va ular o'rniga yaxshi va xolis odamlarni o'tquzish najotimizning yagona yo'lidir.”.

Mazkur parchalar Otabekning naqadar olijanob va jasur inson ekanligini ko'rsatib beradi. Uning teran va mushoxadali fikrlari kitobxonni o'ylashga, mulohaza qilishga, atrofida sodir bo'layotgan hodisalarga befarq bo'lmaslikka undaydi. Yuqoridagi parchalardagi fikrlarni muallif Otabekning tilidan gapirgan. Yuzaki olib qaraganda, Abdulla Qodiriy Rossiya idora usulini maqtagandek tuyuladi, ammo chuqurroq va atroflicha mushoxada qilinsa buning aksini ko'ramiz. Abdulla Qodiriy zamondoshi va ajoyib islomshunos olim, “Tarixi Muhammadi” asarining muallifi Alixon To'ra Sog'uniyning mashhur gaplariga ishora qilgandek nazarimda. Chunonchi, ul muborak zot : “ 19 asrning ikkinchi yarmida xonliklarimizni Rossiya asoratiga tushib qolishiga o'z qobig'imizga o'ralib olganligimiz sabab bo'lgan, deb bilaman”, - degan ekanlar. Yangilikka intilmagan jamiyat, albatta tanazzulga uchrashi tabiiyligi tarixdan ma'lum. Darhaqiqat, Otabek g'aflat uyqusida yotgan yurtdoshlarini xushyorlikka chaqiradi, biroq kim ham uning chaqirig'iga quloq sopar edi. Otabek orzu qilgan idora usuli, qo'yingki jamiyat asar yozilganiga qariyb 90 yil vaqt o'tib, o'rnatildi desak mubolag'a bo'lmaydi. Mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samarasi o'laroq buning yaqqol dalilidir. Bil'aks, mamlakatimizda so'nggi etti yil ichida asrga tatigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, har bir tuman-shaharda oddiy xalqning dardu muammolarini tinglaydigan va amaliy yordam beradigan “xalq qabulxonalari”, “davlat xizmat agentligi”, oddiy insonlar to'g'ridan-to'g'ri murojaat qila oladigan Prezident portallari, elektron manzillari, saytlari tashkil etildi. Har bir hokimiyat qoshida “yagona darchalar” tashkil etildiki, to'rachilik va sansalorchiliklarga qaqshatqich zarba berildi. Bu esa pirovardida, xalq bilan davlat o'rtasidagi devorni yo'q bo'lishiga olib keldi. Xalq davlatga emas, balki davlat xalqqa xizmat qilishiga erishildi. Nazarimda, Abdulla Qodiriy mana shunday adolatli jamiyat va idora usuli haqida orzu qilgan bo'lsa ajab ermas.

Otabek haqida mushoxada qilar ekanmiz, uni nega aksariyat kitobxonlar yaxshi ko'rib qolganligiga javob izlaymiz. Asarda Otabek chin muhabbati, sevikli yori, or-nomusi va sha'nini himoya qilish uchun tengsiz kurashga bel bog'laydi. Bir o'zi Homidboy boshchiligidagi uch kishiga qarshi kurashga otlanadi. Vaholanki, u usta Alimni yoki boshqa birovni yordamga chaqirishi mumkin edi, biroq Otabek ularni yakka o'zi mahv etishi shart deb hisoblaydi. Yovidan shaxsan o'zi qasos olishni, ikki yillik sargardonliklarni intiqomini boshqa birovga ishonmaydi. Kitobxon Mutal, Sodiq va Homidlarni to'ng'iz qo'pganini ko'radi hamda adolat tantana qilganligini guvohi bo'ladi. Uch dushmanni er tishlatgan jasur Otabek manmansiramaydi, balki kamsuqumlik bilan o'zini chekkaga oladi. Qaynotasining uyiga do'stini jo'natadi va sevikli rafiqasi Kumushning muhabbatini o'ziga nisbatan yanada oshiradi. SHuni alohida ta'kidlash joizki, faqatgina ona-Vatanini sevgan odamgina Otabekdek sevgi-muhabbatga qodir. Otabekning vatan ozodligi yo'lida qurbon bo'lganligi voqeasiga kelganimizda, xuddi o'sha miltiq o'qidan Abdulla Qodiriy ham bag'rini changallab jon berganini qalban his etamiz.

Otabekdek oqil farzandni voyaga etkazgan Yusufbek hoji asarda muallifning alohida e'tiborida bo'lgan. O'zining hayotiy pozitsiyasiga ega oqil va dono shahar hokimining mushoviri bo'lgan Yusufbek hojiga odamgarchilik, elparvarlik, vatanparvarlik kabi tuyg'ular ona suti bilan yo'g'rilgandek. Qismatida Azizbekdek vahshiy va zolim hokimning maslahatchisi bo'lish yozilgan ekan, qo'lidan kelgancha oddiy xalqni yonini olishga harakat qiladi. Ba'zida xalqqa nafi tegdi, ba'zida o'zi zo'rg'a omon qoldi. Kitobxon asarni o'qir ekan, ko'z o'ngida o'z zamonasining fojialariga qarshi ongli kurashgan oqil YUsufbek hoji siymosi gavdalanadi. YUsufbek hojidagi xalqning bugungi va ertangi qismatini mukammal idrok etish, kechayotgan tarixiy jarayonni teran tahlil qilish va yagona to'g'ri yo'lni ko'rsata bilish qudrati bu siymoga alohida salobat va tafakkur qudratini baxsh etgan.

Yusufbek hojining fikr-mulohazalirini o'qir ekansiz, el-yurt manfaati uchun kuyunchak inson namoyon bo'ladi. Hoji raiyatni ichki nizolardan nari bo'lishga va tashqi xatardan ogoh bo'lishga chaqiradi. O'z fikr-mulohazalarini Yusufbek hoji tilidan gapirar ekan, muallif avval “kosa, kosa tagida nimkosa” qabilida, so'ngra ochiq-oydin yovni kim ekanligini oshkora aytadi. Asar yozilgan vaqtni hisobga olsak hamda mamlakatda mavjud murakkab siyosiy vaziyat va “qizil terror” avj olgan holatda milliy g'urur, milliy iftixor va milliylik ufurib turgan mazkur satrlarni yozish juda katta jasoratni talab etgan. Kitobxon ushbu satrlarni o'qir ekan, Yusufbek hojidagi uzoqni ko'ra bilish, bugunning dardlariga malham topishga mutafakkirlarcha urinish fazilatlarini ko'radi, muhitdan shunday kishilarni topib, ularni tavof qilgisi keladi. Shuni aytish kerakki, hozirgi kunda yurtimizda Yusufbek hojiga o'xshash insonlar ko'pchilikni tashkil etadi .

Kitobxon asarni o'qib chiqqach, zamonamizga nazar tashlab bir yarim asrdan ko'proq o'tib ham ayrim millatdoshlarimizning Yusufbek hoji va Otabeklarcha mulohaza yurita olmasliklarini va xato yo'llarga kirib ketayotganlarini ko'rib, ularni to'g'ri yo'lga solishga chaqiradi. Muallif asardagi voqea-hodisalardan to'g'ri xulosa chiqarishga undaydi. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik, xalqlar o'rtasidagi do'stlik va diniy bag'rikenglikni ko'z qorachig'idek asrash,  himoya qilish va qadrlashga da'vat etadi. Zero,, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev harbiy dala poligonida ofitser va serjantlar bilan suhbatda, harbiy xizmatchilar ko'p kitob o'qishi kerakligini ta'kidlab, harbiy xizmatchilarni o'zi kitob ekanligini hamda bizning yoshlarimiz barkamol vatan himoyachilari, osoyishtalik posbonlari, ularning ma'naviy dunyoqarashi boy bo'lishligini alohida e'tibor bilan aytadi. Mening fikrimcha,ayniqsa, harbiy xizmatchilar “O'tkan kunlar” romanini yaxshilab o'qib, puxta o'zlashtirishi shart. Chunki romandan qariyb bir asrga yaqin vaqt ichida kunning dolzarb muammolariga javob topib kelishayapti. Shuning uchun mazkur go'zal asarimiz harbiy xizmatchilar ish stolida hamisha bo'lishi zarur deb hisoblayman. Ishonamizki, roman bizga hali ko'p xizmat qiladi. Chunki Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romani o'zbek xalqi va adabiyoti baxtiga yaratilgan so'z san'ati mo''jizasidir. Romanni o'qigan harbiy xizmatchi o'zgacha ma'naviy dunyoqarashga ega bo'ladi. Qo'shimcha qilib shuni aytmoqchimanki, Yangi O'zbekistonni qurayotgan va Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan yoshlarimizga roman yo'lchi yulduz vazifasini o'tishiga ishonchim komil.

To'lqin SAYDALIEV,

filologiya fanlari nomzodi dotsent,

iste'fodagi podpolkovnik