Oʻtkazilmagan sudni boʻlib oʻtdi, deb rasmiylashtirgan sudyaga chora koʻrildi

    Mamlakatimizda 28 Fevral 2024 522

    Ijtimoiy tarmoqlarda Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudining sudyasi oʻtkazilmagan sud majlisini goʻyoki boʻlib oʻtgan, deya qayd etib, tegishli sud hujjati qabul qilingani haqida xabarlar tarqaldi.

    Shuningdek, tarmoq vakillari ushbu holat boʻyicha sudyaning harakatlariga huquqiy baho berishni soʻrashgan.

    Maʼlum qilinishicha, Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudining sudyasi oʻtkazilmagan sud majlisini goʻyoki boʻlib oʻtgan, deb qayd etib, tegishli sud hujjatini qabul qilgan.

    Mazkur holat yuzasidan oʻz vaqtida xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, Toshkent viloyati sudlari sudyalari malaka hayʼati qarori bilan unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan.

    “Mazkur qarordan norozi taraf Sudyalar oliy malaka hayʼati va Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqiga ega. Shikoyat belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi”, deyiladi xabarda.