O'tmishi ulug‘, kelajagi porloq diyor

    Dunyodagi eng zamonaviy, deya tilga olinadigan yirik shaharlarning birortasi Buxoro sayqaliga teng kela olmaydi.

    Buxoroning koʻkka boʻy choʻzgan minoralari, maqbarayu madrasalari yurtimizning bir necha ming yillik shonli tarixidan soʻzlasa, benazir olimu ulamolari sharif shahar nomini butun dunyoga tanitgan.

    Shu bois, bu zamindan ziyoratchilar, sayyohlar va xorijlik mehmonlar qadami uzilmaydi. Sirli tarixdan soʻzlayotgan har bir goʻshasi tashrif buyuruvchilar bilan doimo gavjum.

    — Shahrimizda 829 ta madaniy yodgorlik obyekti mavjud, — deydi Buxoro viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Botirjon Shahriyorov. — Prezidentning 2017-yil 19-maydagi “2017–2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatimizda turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga va sayyohlar soni koʻpayishiga mustahkam zamin yaratildi.

    Viloyatimizga 2016-yilda 821 ming sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, 2019-yilga kelib, ular soni 3,6 million nafarga yetdi. Bugun qishloq va choʻl hududlarida ham turizm yoʻnalishlari tashkil etilmoqda. Joriy yilda Toʻdakoʻl suv havzasi qirgʻogʻida “Plyaj turizmi”, Olot tumanidagi shifobaxsh tuzli suv havzasi va qum barxanlari ham tashrif buyuruvchilarning sevimli maskanlaridan biriga aylandi.

    Shuningdek, olimlar bilan hamkorlikda Peshku tumanidagi Afshona qishlogʻining X asrga oid qiyofasini yaratishga kirishilgan. Bu yerda Ibn Sino zamonasining etnik xonadonlari tiklanib, tashrif buyuruvchilarda buyuk bobokalonimiz davri haqida yaxshiroq tasavvur uygʻotadi. Bundan tashqari, turizm shaharchasiga aylanayotgan bu qishloqda Ibn Sino tabobati asosida davolaydigan markazlar faoliyati ham yoʻlga qoʻyiladi.

    Qorovulbozor tumanidagi “Jayron” ekomarkazida turistik xizmatlar majmuasini ishga tushirish va yoshlarni ish bilan taʼminlash koʻzda tutilmoqda. Gʻijduvon tumanining “Qoʻrgʻon” va “Chorsu” mahallalarida, Vobkent tumanining Shirin qishlogʻida “turizm qishlogʻi” va “turizm mahallasi” tashkil etilmoqda.

    Bugungi kunda mazkur mahalla va qishloqlarda 10 dan ortiq oilaviy mehmon uyi, 3 ta turizm axborot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Viloyat hududidan oʻtuvchi xalqaro avtomagistralda xizmat koʻrsatish infratuzilmasi obyektlari soni koʻpaytiriladi. Ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida shaharning “Somoniylar bogʻi” hududida “Sanʼat asarlari xiyoboni”, Sayfiddin Boharziy ziyoratgohi yaqinida “Islom tamadduni dargʻalari xiyoboni”ni bunyod etish koʻzda tutilgan.

    Sergey Ivanov, Tatariston Respublikasi Turizm davlat qoʻmitasi raisi:

    — Oʻzbekiston madaniy-maʼnaviy merosi qadimiy va betakrorligi bilan hamisha sayyohlarni lol qoldirib kelgan. Ayniqsa, dunyoni maftun etgan Buxoro shahri sayyohlar uchun moʻjiza hisoblanadi. Buxoroliklar qadim shaharsozlik bilan zamonaviy meʼmorlikni uygʻunlashtirib yuboribdi. Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan ziyorat turizmi va gastronomik turizm boʻyicha hamkorlik istiqbollarini kelishib oldik. Qozon shahridan charter reyslar tashkil etish orqali Buxoro va Qozon shaharlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va turizm aloqalarini mustahkamlash boʻyicha kelishuvlarga erishdik. Bu esa kelajakda Buxoroga tashrif buyuruvchilar safi yanada kengayishiga xizmat qilishiga ishonaman.

    Shuvade JANMAGI, Fransiyaning Orlean shahridagi universitetning matematika oʻqituvchisi:

    — Dunyodagi eng zamonaviy, deya tilga olinadigan yirik shaharlarning birortasi Buxoro sayqaliga teng kela olmaydi. Buxoro dunyodagi yettita sharif shahar roʻyxatidan joy olgan. Kelib koʻrdimki, Bahouddin Naqshband, Sayyid Amir Kulol, Chor Bakr, Chashmai Ayub, Dahmai Behishtiyon, Hazrati Abu Hafs Kabir, Shayx Abu Bakr Gulobodiy, Xoja Ismatulloh Valiy kabi ulugʻ allomalar nomlari bilan bogʻliq ziyoratgohlar sharif shaharning nechogʻliq ulugʻ allomalar xoki yotgan muqaddas makon ekanini tasdiqlaydi. Buxoro arki, Somoniylar maqbarasi kabi obidalarga sayohat esa xuddi odamda oʻtmishga tushib qolgandek taassurot uygʻotadi.

    — Joriy yildan “Ural airlines” aviakompaniyasi Moskva-Buxoro yoʻnalishida charter parvozlarni yoʻlga qoʻydi, — deydi viloyat turizm va sport boshqarmasi matbuot kotibi Zebuniso Niyazova. — Shuningdek, aviaqatnovlar va “Afrosiyob” tezyurar poyezdining harakatlanish jadvallari optimallashtirildi. Hududning turistik salohiyatini yanada kengroq targʻib qilish maqsadida “Buxoro shahri kuni”, “Qovun sayli” va “Buxoro hunarmandlari” festivallari tashkil etildi. Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalari ham yanada mustahkamlanib bormoqda.

    Jumladan, Xitoyning Loyan va Rossiyaning Vladimir shaharlari bilan Buxoro shahri oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish memorandumlari imzolandi. Ispaniya, Yaponiya, Singapur, Indoneziya, Malayziya, Rossiya, Latviya va Turkiya kabi davlatlar bilan ham shu yoʻnalishda muzokaralar olib borildi.

    Muxtasar aytganda, Buxoro inson umri davomida, hech boʻlmaganda, bir marotaba borib koʻrishi lozim boʻlgan sharif shaharlar sirasiga kiradi. Shu bois, viloyatda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari zamirida Buxoroni xalqaro sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish bosh maqsad qilingan.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri