Shu kunga qadar “Bestroy-220» MJCH yoʻlosozlari tomonidan 4 kilometrga yaqin ichki yoʻllar taʼmirlanib, asfalt yotqizildi. Natijada 6 mingdan ortiq aholining kundalik hayot tarzi uchun muhim boʻlgan infratuzilma tarmogʻi yaxshilandi.

–Yarim asrdirki yoʻl bilan bogʻliq muammolar sillamizni quritgan,–deydi mahalla faoli Otaxon Komilbekov. – Mahalla fuqarolar yigʻini raisi boʻlib ishlaganman. Shu vaqtlarda ichki yoʻllarni taʼmirlash, aholiga munosib qulayliklar yaratib berish yuzasidan bildirgan takliflarimizga hech kim eʼtibor qaratmagan. Endi hammasi boshqacha boʻlyapti. Yozda chang, qishda loyga botgan koʻchalarimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari odamlar uzogʻi yaqin, ogʻirini yengil qildi. Obod boʻlgan koʻchalar, xonadonlar aholi kayfiyati, ruhiyatini koʻtarmoqda.

Qoʻli-qoʻliga tegmay mehnat qilayotgan yoʻlsozlar, qudratli texnikalar yordamda ichki koʻchalarga shagʻal yotqizish, tekislash, bilan bogʻliq amaliy ishlar koʻlami kundan kunga jadallashib bormoqda.

–Yoʻl qurish, taʼmirlash bilan bogʻliq islohotlarda Prezidentimizning «2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturini tasdiqlash toʻgʻrisidagi»gi qarori muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda, – deydi Fargʻona viloyat “Mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” DUK rahbari Dilshod Abdurahmonov.– Qaror ijrosi doirasida umumiy uzunligi 1193,4 kilometr boʻlgan ichki yoʻllar taʼmirlanadi. Bu ishlarga 31 ta pudratchi korxonalar jalb etilgan. Hozirga qadar, 18,2 kilometr sementobeton, 949,5 kilometr asfalt qoplama va 18,4 kilometrdan ortiq yoʻllarga shagʻal yotqizildi. Yilning ikkinchi yarmida “Tashabbusli byudjet” dasturi asosida 382, 9 kilometrdan ortiq ichki yoʻllarni taʼmirlash bilan bogʻliq ishlar olib boriladi. Bundan tashqari, viloyatimizdagi ichki xoʻjalik yoʻllarini 2026-yilga qadar bosqichma –bosqich taʼmirlash rejalashtirilgan. Buning natijasida bironta ham nosoz yoʻllar qolmaydi.

Uzoq yillar davomida xalqaro va shaharlararo yoʻllarni qurish, taʼmirlashga boʻlgan eʼtibor tufayli ichki yoʻllar holati izdan chiqqani, aholining xaqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgandi. Endilikda bu boradagi muammolar yechimiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Rasuljon Kamolov,

“Yangi Oʻzbekiston» muxbiri.

Sherzod Qorboyev olgan suratlar.