Oʻsha paytlarda, avvalo, soha yoʻnalishiga boʻlgan moliyaviy munosabat yetarli darajada emasdi. Yaʼni, geologiyaning qattiq maʼdanlar yoki uglevodorodli turi boʻlsin, istiqbolli maydonlarni izlash, qidirish ishlariga yetarli darajada mablagʻ ajratilmasdi. Umuman olganda, geologiya qidiruv ishlari besh bosqichdan iborat ketma-ketlikda tizimli olib boriladigan murakkab jarayon. Shuncha bosqichlardan muvaffaqiyatli oʻtgachgina, kon ochiladi. Afsuski, ana shu uzoq jarayonlar uchun nafaqat sabr, balki mablagʻ ham yetishmas edi.

Ikkinchidan, dala sharoiti geologiya burgʻilash uskunalari, laboratoriya jihozlarini modernizatsiya qilish ishlari zamon talabida amalga oshirilmasdi. Toʻgʻri, murakkab dala burgʻilash ishlari allaqachon xizmat vazifasini oʻtagan uskunalar yordamida baholi qudrat olib borildi. Geologlarning katta avlodi tomonidan oʻtgan asrning oxirlarida topilgan konlar evaziga soha arang oʻz mavqeini jonkuyar, kasbiga sidqidildan mehr qoʻygan zahmatkash geologlar, muhandis-texniklar, texnologlar hisobiga saqlab qolindi. Bu esa, oʻz navbatida, topilmagan konlar fondi kamayishiga, mavjud sanoat korxonalarining strategik rejalariga va yangi sanoat obyektlari barpo boʻlishiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Uchinchi ogʻriqli nuqta — kadrlar masalasi. Geologiya sohasi mutaxassislari, kadrlarini tayyorlash past suratlarda olib borilganiga koʻz yumib boʻlmaydi. Yaqin oʻtmishga nazar soladigan boʻlsak, geologlarning mashaqqatli mehnati yetarli darajada eʼzozlanmadi, qadrlanmadi, eʼtibordan chetda qolgandi.

Prezidentimizning 2019-yil 23-iyuldagi “Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishni yana-da takomillashtirish va 2020-2021-yillarda mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2020-yil 8-iyundagi “Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlarining qabul qilinishi soha yoʻnalishida tub burilish yasadi.

Ayniqsa, geologlar kunining qaytarilishi yer qaʼridagi boyliklarni izlovchilar qaddining yuksak boʻlishiga zamin tayyorladi. Endilikda ular oʻzlarining rasmiy kasb bayramiga ega boʻldilar.

Geologiya sohasining minglagan muhandis, texnik, ilmiy va ishchi xodimlari qalblarini iftixor hissiyotlariga toʻldirgan voqea esa Prezidentimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston respublikasida xizmat koʻrsatgan geolog” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonunning imzolanishi boʻldi. Bu hodisani oʻttiz yillik tanaffusdan soʻng boʻlgan uygʻonish va yuksak maqsadlar sari dadil qadam tashlashga qiyoslash mumkin.

Shubhasiz, yer osti boyliklari geologiyasi va qidiruv sohasini rivojlantirish, geologiya-qidiruvga oid ishlab chiqarishni kengaytirish, mineral xom-ashyo bazasini yaratish va mustahkamlash, foydali qazilma konlari ochish va sanoat yoʻsinida oʻzlashtirishga topshirish, geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishda va foydali qazilmalarni qazib olishda ekologik jihatdan toza ilgʻor va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda joriy etish, soha uchun chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlash borasidagi faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchilarni yangi-yangi marralarga erishishga, dunyo mexvaridan munosib oʻrin egallayotgan Vatanimiz ravnaqini yuksaltirishga, iqtisodiy salohiyati oshishga olib keladi.

Endilikda geologiya, geofizika, gidrogeologiya, tomografiya-geodeziya tarmogʻining yuqori malakali geologlari va muhandis-texnik xodimlariga hamda ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalarining tajribali mutaxassislari mehnatlarining qadri va qiymatini boʻladi. Iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan boʻlgan bu sohada yosh va malakali kadrlar yuksak eʼtirofga loyiq boʻlishga intiladi, bilim va salohiyatini oshirib boradi. Natijada sohaga yangi tendensiyalar, yondashuvlar kirib keladi. Tarmoq rivojlangach, oʻz-oʻzidan iqtisodiyot ham ancha taraqqiy topadi. Yangi istiqbolli loyihalar yoʻlga qoʻyilgach, aholi uchun yangi ish oʻrinlari ham yaratiladi.

Shuni ham alohida taʼkidlash joizki, Davlatimiz rahbari, Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi keng miqyosdagi ishlar biz geologlar zimmasiga yuksak masʼuliyatni yuklaydi. Shuni qalban his qilgan holda har bir xodim zimmasiga yuklatilgan vazifani sidqidildan ado etishi, faoliyatini tanqidiy baholab, zamon talabiga mos ilgʻor texnika va texnologiyalardan foydalangan holda mehnat qilishi lozim.

Anvar NURXOʻJAYEV,

X.M.Abdullayev nomidagi

Geologiya va geofizika instituti direktori