Ov muddati yakunlandi. Noqonuniy ov uchun qaʼtiy javobgarlik belgilangan!

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ov qilish muddati yakunlanganini maʼlum qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 8-iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq 28-fevraldan ov qilish muddati yakunlandi. Taqiq 15-avgustgacha davom etadi.

    Maʻlumot uchun, ov mavsumi davrida noqonuniy ov bilan bogʻliq boʻlgan 1000 dan ortiq holat aniqlandi. Huquqbuzarlarga nisbatan esa qariyb 3 milliard soʻmga yaqin jarima va zararlar qoʻllanildi. Shuningdek, ulardan 837 ta hayvon va parranda, 2836 kg baliq, 160 dan ortiq noqonuniy ov qurollari olib qoʻyilgan.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi fuqarolardan cheklov vaqtida tabiatni muhofaza qilish qonunchilik talabalariga rioya etishni, shu bilan birga, qush ovi boʻyicha berilgan ruxsatnomalarni ov muddati yakunlanganidan soʻng 10 kun muddatda Oʻzbekiston Ovchi va baliqchilar sport birlashmasi va uning boʻlinmalariga qonunda belgilangan tartibda topshirishlarini soʻraydi.

    Muhim!

    Noqonuniy ov bilan bogʻliq qonun buzilishi holatlariga duch kelsangiz, Ekologiya vazirligining 11-57, 12-07 ishonch raqamlariga yoki vazirlikning hududiy boshqarmalarga murojaat qiling.

    Unutmang!

    Noqonuniy ov uchun qaʼtiy javobgarlik belgilangan boʻlib, bu borada yuzaga keladigan har bir holat boʻyicha oʻrnatilgan tartibda qonun ustuvorligi taʼminlanadi.