Aksariyat ota-onalar farzandlarini xorijiy tillarni zamonaviy texnologiyalar yordamida oʻrganishga yoʻnaltirib, ona tilimizning asl jozibasi haqida unutib qoʻyish holatlari jiddiy sezila boshladi.
Ikkinchisi, qaysi bir omil yoki oʻlchovlarning taʼsiri bu, koʻchalardagi reklamalar, doʻkonlar va turli xizmat koʻrsatish shoxobchalari peshtoqidagi yozuvlarni milliyligimizdan begonalashtirish holati keng tus oldi. Viloyatlar markazlari, hatto tuman yoki qishloqlarga borsangiz ham oʻzingizni xuddi chet elda yurgandek sezasiz. Ovqatlanish shoxobchalari, doʻkonlarning yarmidan koʻpi tilimizga yot nomlar bilan ataladi.
Shu bois ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yili oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Jamiyatimizda til bilan bogʻliq eng koʻp muhokama qilinayotgan, haqli eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan mavzu, bu– joy nomlarini belgilash masalasi, desak, xato boʻlmaydi. Afsuski, jamoat joylarida, koʻchalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar koʻpincha xorijiy tillarda, maʼnaviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi”, deya qaygʻurgan edi. Ammo haligacha bu borada biror aniq natijaga erishganimiz bilan maqtana olmaymiz.
Uchinchisi, va bu bizni juda hushyor torttirishi kerak boʻlgan jihat shundaki, chet elliklar oldida oʻz ona tilimiz – oʻzbek tilida gapirishga hamon istihola qilayotganimizdir. Bunga bir-ikkita misol keltiramiz. Masalan, Yevropa davlatlaridan kelgan sayyohlar koʻchada bizdan yoʻl soʻraydi. Ingliz tilini bilmasak, oʻzimiz ham sezmagan holda, beixtiyor oʻzbekcha ifoda aralash ruscha gapira boshlaymiz. Shunda “Hoy, birodar, bu kishim yevropalik mehmon boʻlsa, u oʻzbek tilini bilmaganidek, rus tilida ham birorta soʻzni tushunmaydi axir”, degimiz keladiyu yana yuz oʻgirib ketaveramiz.
Yoki aytaylik, oʻzbek tilida salom berib, biz bilan ona tilimizda muloqotga kirishish istagidagi boshqa millat vakillari boʻlgan yurtdoshlarimizga ham negadir yana rus tilida javob qaytarishga harakat qilamiz. Bu – masalaning tanqidiy bir tomoni. Ikkinchi tomonda esa oʻzbek tilining mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham nufuzini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar turadi.
Prezidentimiz 2019-yil 21-oktyabr kuni “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Tilimizning xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimiz boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash maqsad qilingan farmonda bir qator muhim vazifalar bilan birga “Oʻzbek tili bayrami kuni”ni belgilash boʻyicha qonun loyihasini qabul qilish topshirigʻi ham qoʻyilgan edi. Shu tariqa, 2020-yil 10-apreldagi qonun bilan 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni, etib belgilandi.
Mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida “Oʻzbek tilining doʻstlari” klublari tashkil etilayotgani ham har birimizga faxr bagʻishlaydi. Bugun turli davlatlarda oʻzbek tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqish ortgan. Oʻzbek tili AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston kabi davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida oʻrganilmoqda. Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin koʻpaymoqda.
Ona tilimiz nufuzini yanada yuksaltirish maqsadidagi ishlar bundan keyin ham tizimli davom etadi. Boisi, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida oʻzbek tilini keng targʻib qilish va uning xalqaro miqyosdagi obroʻsini koʻtarish borasida aniq chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, sanʼat va hunarmandchilik yoʻnalishidagi oliygohlarda xorijdagi vatandoshlar uchun 200 ta grant ajratish, Sanʼatshunoslik instituti, Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti arxividagi 3 mingdan ziyod arxiv materialini zamonaviy formatga oʻtkazish, “Oʻzbek adabiyoti xazinasidan” koʻp jildlik, “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” 100 jildligini oʻzbek tilida nashr etish koʻzda tutilgan.
Albatta, bu kabi xayrli tadbirlar tilimizning xalqaro nufuzi va maqomini oshirishda qoʻl kelmoqda. Hozirgi vaqtda oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qolgani ham fikrimiz dalilidir. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Shunga qaramasdan, tilimizning bugungi ahvoli haqida joʻn va kuyunmasdan gapirib boʻlmaydi. Chunki biz bugungi ziddiyatli, geosiyosiy tahlikaga toʻla, oʻzaro keskin raqobat va nizolar kuchaygan bir sharoitda tilimiz taqdiriga hayot-mamot masalasi sifatida qarashimiz kerak boʻladi. Har birimizdan tilga nisbatan beqiyos hurmat talab qilinadi. Agar shunday boʻlmas ekan, dunyo kahkashonidagi nufuzimiz va oʻrnimiz xiralashib qolaveradi.
Toʻgʻri, bugungi zamon har birimizdan, ayniqsa, yoshlardan koʻp tillarni bilishni talab qiladi. Lekin bu yutuqlarimiz, aslo, ona tilimizni unutish evaziga boʻlmasligini bir zum boʻlsa-da, unutishga haqqimiz yoʻq.
XX asr boshida olti tilli – oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lugʻat tuzgan Isʼhoqxon Ibrat “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”, deganida haq edi. Shunday ekan, biz ona tilimizga hurmat ruhini har qayerda va har qachon saqlab qolishimiz kerak va bu qonuniyatga aylanmogʻi shart.
Rasul Hamzatov “Mening Dogʻistonim”da shunday yozadi: “Yaratganning oʻzi bolalaringni ona tilida gapirishdan benasib etsin, – bir ayol boshqa ayolni shunday qargʻagan edi...”
Bu qanchalik ogʻir musibat ekanini anglash, ayniqsa, bugungi tahlikali zamonda unchalik qiyin emas. Boisi, yon-atrofimizda, butun dunyoda murakkab bir davr kechmoqda. Inson oʻzligi, yoshlar ongi uchun kurash ketmoqda. Bunday vaziyatda yoshlarimiz oʻzligini unutmasligi, milliy qadriyat va anʼanalarga sodiqligini koʻproq namoyish etmogʻi zarur va shart.
Ona tili esa ana shu boy qadriyat va anʼanalarimizning bosh asosi va katta beshigidir. Shuning uchun oʻzlikni anglash, avvalo, ona tiliga hurmatdan boshlanishini aslo unutmaylik!
Avazjon MARAHIMOV,
Termiz davlat universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor