Ozarbayjonda teatrning yangi mavsumi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi asari bilan ochiladi

    2022-yilning 9-may kuni Ozarbayjondagi mashhur Jaʼfar Jabborli nomidagi Ozarbayjon davlat drama teatrining 140-mavsumi Oʻzbekston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli adib Qoʻchqor Norqobilning “Besh beva va bir boshliq” musiqali komediyasi bilan ochiladigan boʻldi.

    Uzoq davom etgan pandemiyadan soʻng ushbu komediyaga tomoshabinlar ishtiyoq bilan kelishi, zavq olishi va hordiq chiqarishi, asar ozarlarning ham sevimli spektakliga aylanishi mutaxassislar tomonidan eʼtirof etilmoqda.

    Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vazirligi va Ozarbayjon davlat drama teatri bergan maʼlumotlarga koʻra, mazkur pyesa har ikki davlatning mustaqillik yillari tarixida Ozarbayjon sahnasiga olib chiqilgan ilk oʻzbek asaridir. Uni teatrning bosh rejissyori Sarvar Aliyev sahnalashtirgan. Sheʼrlar muallifi – Rasmiya Sobir.