Sakson yoshni qoralayotgan onaxonning oliygohga kelib, navqiron talabalar qatorida darslarga qatnashganini eshitganmisiz? Andijonlik Shirinxon aya Soliyevadan alla aytish sirlarini o'rgangan talaba qizlar respublikada g'oliblikni qo'lga kiritib, oynai jahonda ham ko'rinish berishgan. Onaxon xalq qo'shiqlari, lirik qo'shiqlar, motam allalarini qadimiy so'zlar, usullar va aynan qadimiy kuylar bilan ijro etadi. Ularni eshitgan har qanday talabaning xalq og'zaki ijodiga qiziqishi ortadi.
Filologiya fanlari doktori, professor Salima Mirzaeva o'z darslariga Shirinxon ayadan tashqari, rivoyat, askiya aytib beradigan otaxonlarni ham tez-tez taklif qilib turadi. Uning yutug'i ham shunda. Hozirgacha opadan fol`klorshunoslik bo'yicha ta'lim olgan talabalar bayramlarda qo'ng'iroq qilib, “ustoz, xalq og'zaki ijodiga bizni shunaqangi qiziqtirgansizki, har bir darsingizni qaytadan tinglagimiz keladi,” deyishadi.
2–3 yil avval nukuslik bir yigit Andijon davlat universitetiga kelib, opa bilan uchrashar ekan, uning rahbarligida dissertatsiya yozib, olim bo'lmoqchi ekani, doktoranturaga kirish niyati borligini aytdi. Salima opa unga “Qoraqalpog'iston bilan Andijon o'rtasidagi masofani o'zingiz bilasiz. Ilmiy ish qilaman desangiz, oilangizni olib keling, loaqal Toshkentga joylashing”, deydi. Shu gap bilan nukuslik yigit doktoranturaga kirdi. Salkam ikki yilda “O'zbek-qoraqalpoq xalq tez aytishlari tipologiyasi” mavzusidagi dissertatsiyasida ikki tildagi tez aytishlarning badiiyatlari, mushtarakligini ochib berdi.
Buxorolik shogirdi Mahbuba Rahmonova esa, “O'zbek xalq afsonalari poetikasi” mavzusida ish olib bordi. Qarangki, qalbga ilmdan bir shu'la tushgan va u sohibining yurgan yo'lini yoritib turgan bo'lsa, masofa ko'zga ko'rinmas ekan. Fol`klorshunos olima shogirdlarini ham olimlik maqomiga erishtirish yo'lida mehnat qilmoqda. Zero, olimlik, olimalik shunchaki havas bilan yuzaga chiqadigan maqom emas. U yillar sinovidan o'tib, mashaqqatlar tarozisida tortilajak, mehnatlar evaziga berilajak sharafdir. Shu bois bugun davlatimiz rahbari ilmga, ilm yo'lini tutganlarga ehtirom ko'rsatib, ularga barcha sharoitlarni yaratib berishga jiddiy e'tibor qaratmoqda.
Ustozning ustozlari
Salima Mirzaeva O'zbek adabiyotshunosligi va folklorshunosligining yirik darg'alaridan ilmiy ma'ruzalar tinglayotgan paytidayoq fol`klorshunos olima bo'lishga zamin yarata boshladi.
Andijon davlat Pedagogika institutida 1980-yilda chop etilgan “O'zbek xalq og'zaki poetik ijodi” darsligining mualliflaridan biri, filologiya fanlari doktori, professor Hoshimjon Razzoqovdan fol`klor saboqlarini olgan qahramonimiz xalq og'zaki ijodiga yanada yaqinlashdi. Ustozi har bitta mavzuni hayotiy misollar bilan, Andijon fol`kloriga bog'lab o'tardi. Salima opa Hoshimjon Razzoqov rahbarligida matbuotda bir necha maqolalar e'lon qildi. Institutni bitirib, shu erda ishlay boshlaganidan so'ng fol`klorshunos olim, filologiya fanlari doktori Bahodir Sarimsoqov rahbarligida 1993 yilda “O'zbek xalq afsun duolarining janr xususiyatlari va badiiyati” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini boshladi. Dissertatsiyada sof xalqona va diniy duolarning badiiyati aniq ochib berilgan. Olima ko'p yillik izlanishlari samarasi bo'lgan “O'zbek xalq romanik dostonlari poetikasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi (2004)ni ham Bahodir Sarimsoqov rahbarligida himoya qilgan. Shu nomda e'lon qilingan monografik tadqiqoti (2004) shuningdek, turli yillarda chop etilgan yuzga yaqin nazariy jihatdan baquvvat maqolalari, yuzdan ziyod tezislari, o'ndan ortiq kitoblar, bitta elektron mul`timediali ishlanma uni etuk fol`klorshunos sifatida elga tanitdi.
Salima opaning bugungi muvaffaqiyatida akademik To'ra Mirzaev ham alohida o'rin tutadi. Ilmiy ishlari borasida qimmatli maslahatlar bergan bu olimning folklor taraqqiyotiga qo'shgan hissasini opa yuksak qadrlaydi. Shunday ustozlar tufayli u 2010-yilda professorlik darajasiga erishib, fol`klorshunoslikka qator ilmiy yangiliklar olib kirdi.
Uning sermahsul ijodi samarasi sifatida yaratilgan “Murodxon dostonining g'oyaviy-badiiy xususiyatlari”, “Dostonlardagi mifologik-mifopoetik talqinlar”, “O'zbek realistik adabiyotida fol`klor an'analari”, “Navoiy va Bobur ” singari o'quv uslubiy qo'llanmalari, “O'zbegim yor-yorlari”, “Andijon lirik qo'shiqlari” “Andijoncha yor-yorlar”, “Alpomishga alla aytgan momolarim”, “Osmondagi yulduzim — alla” nomli kitoblarini talabalari sevib o'qishadi. Chunki, ushbu kitoblardan talabalarni ekspeditsiyaga olib borilganda to'plangan bir-biridan qiziq ma'lumotlar o'rin olgan.
Munosib shogirdlar kamol topyapti
40 yillik ilmiy–pedagogik faoliyati davomida ta'lim tizimida barkamol avlodni tarbiyalashga munosib hissa qo'shib kelayotgan Salima Mirzaeva hamon talabalar davrasida izlanishda, yoshlarga do'st, tarbiyachi va mehribon ustoz.
– Yoshlarning xalq og'zaki ijodiga mehrini uyg'otish uchun ularga bolalikdan alla aytish, xalq afsona va rivoyatlari bilan tanishtirish kerak, – deydi olima. – Joylarga ekspeditsiyalarga chiqqanimizda talabalarga, birinchi navbatda, ana shu qishloqning tarixi bilan tanishinglar, deyman. YAqinda Beshbangi qishlog'ida bo'ldik. Bunaqa nomlar juda ko'p uchraydi. Shirmonbuloq, Oqbuloq, Oqtepa, Jalaquduq, To'rtko'l kabi ko'plab joy nomlarining tarixini o'rganish talabalar uchun qiziqarli, albatta. Bizga ayni shu qiziqish, tarixni bilishga intilish kerak. Zero, yoshlar o'z yurtining, ayniqsa, tug'ilgan joyining har qarich eri, insonlari, ularning qadriyatlari ham ulug'ligini bilishi kerak. Shundagina ular o'zlari ko'zlagan marralarni albatta zabt eta oladi.
Folklorda yangi qirralar ochiladi
O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti xalq og'zaki ijodini o'rganish, uni xalqimizga etkazish borasida juda katta ishlarni amalga oshiryapti. Mamatqul Jo'raev (marhum) tayyorlashni boshlagan o'zbek xalq ijodiyoti bo'yicha turkum kitoblarning 15 jildi chop etildi. Bu bilan xalqimizning asrlar davomida to'plangan juda katta boyligi kitoblarga jamlanadi. Mana shu ezgu ishni endilikda Jabbor eshonqulov, SHomirza Turdimov, Olimjon Qayumov singari etuk fol`klorshunos olimlar davom ettirmoqda. Shuningdek, B.To'xliev, N.Rahmonovlar raxbaligida olib borilayotgan katta fundamental ishlar ham tahsinga sazovor. Ammo shuni ham aytish joizki, fol`klorning hali yozib olinmagan, o'rganilmagan jihatlari ham juda ko'p.
Salima Mirzaeva bu haqda ko'p o'ylaydi. Uning “O'zbek-rus xalq maqollari tipologiyasi”, “O'zbek-qirg'iz xalq ertaklari tipologiyasi”, “O'zbek-tojik xalq maqollari tipologiyasi” kabi mavzularda shogirdlari bilan ish olib borayotgani ham fikrimiz isbotidir. Zero, mana shu xalqlar o'rtasidagi mushtarak jihatlarni o'rganish ham fol`klorning dolzarb masalalaridan. Darvoqe, olima boshchiligida fol`klorshunoslikka oid terminlarning izohli lug'ati nashrga tayyorlanyapti. Izlanuvchan shogirdlaridan biri G'ayrat Xolbo'taev esa “Vodiy askiyalari” nomli kitobi ustida tadqiqot ishlari olib boryapti. Buning uchun u Andijonda xonobodlik, qorasuvlik, qo'rg'ontepalik, Farg'onada esa qo'qonlik, oltiariqlik, marg'ilonlik askiyachilar bilan uchrashib, bugungi kundagi yangi askiya maktabi shakllangani, uning mohiyatini chuqur yoritishga kirishgan.
“Yurtimizda baxshichilik maktablarining tashkil topayotgani, festivallar, YUNESKO tomonidan o'tkazilayotgan tadbirlar xalq og'zaki ijodiga bo'lgan yuksak hurmatdan dalolat. Bunga javoban Salima Mirzaeva kabi fl`klorshunoslar yangi-yangi mavzular, hali o'rganilmagan tadqiqotlarga qo'l urib, fol`klorning yangi qirralarini ochishga bel bog'lashgan. Ayni paytda uning shogirdlari “Mustaqillik davri o'zbek eposshunosligining taraqqiyot tendensiyalari”, “Mustaqillik davri o'zbek hikoyachiligidagi fol`klorizmlar tipologiyasi” kabi mavzular ustida tadqiqot ishlarini boshlab yuborishdi. Nasib qilsa, ular bu kabi yana ko'plab mavzularni chuqur o'rganib, ma'naviy merosini qadrlovchi xalqimizga etkazishga hissa qo'shadilar. Zero, o'zbek xalq og'zaki ijodi bitmas, tuganmas xazinadir.
Munojat Mo‘minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri