Oʻzbek-Afgʻon davlat chegarasi orqali fuqarolarning harakatlanishi vaqtincha toʻxtatiladi

    Dolzarb 22 Iyun 2021 952

    Sogʻliqni saqlash vazirligi va qator manfaatdor tashkilotlar taklifiga koʻra, Respublika maxsus komissiyasi Afgʻoniston Islom Respublikasida koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat keskinlashayotganligini inobatga olib, oʻzbek-afgʻon Davlat chegarasi orqali fuqarolarning harakatlanishini vaqtincha toʻxtatishga qaror qildi.

    Shu bilan birga, Afgʻoniston Islom Respublikasi fuqarolariga turistik vizalar berishni hamda turistik firmalardan viza talabnomalarini qabul qilish vaqtincha toʻxtatiladi.

    Bunda “Termiz-avtoyoʻl” chegara oʻtkazish punkti orqali quyidagi toifadagi fuqarolar va transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi:

    diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda ularning oila aʼzolariga;

    xalqaro yuk tashish bilan shugʻullanuvchi haydovchilarga;

    oʻz yurtiga qaytayotgan Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi fuqarolariga.

    Shuningdek, “Termiz-avtoyoʻl” chegara oʻtkazish punkti orqali Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan oʻtkazish punktida faoliyat yuritayotgan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi.

    Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari esa tegishli hududda joylashgan maxsus klinikalarga davolash uchun yuboriladi.

    Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan chet el fuqarolari esa Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kiritilmaydi.

    Bundan tashqari, sinov tariqasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga chegara oʻtkazish punktlari orqali kirib kelgan barcha shaxslardan, respublika hududiga kirib kelganlaridan soʻng 7-kuniga qadar koronavirus infeksiyasiga polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvini oʻtkazish va bunda test xarajatlarini Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplash tizimi joriy etiladi.