Muzokaralar chogʻida koʻp qirrali Oʻzbekiston – AQSH joriy hamkorligining kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tomonlar ikki taraflama munosabatlar va mintaqaviy sheriklik doirasida hamkorlikda erishilgan sezilarli yutuqlarni mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika yoʻnalishlaridagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. AQSH biznesini Oʻzbekistondagi loyihalarni amalga oshirishga jalb etish hamda oʻzbek eksportchilarini qoʻllab-quvvatlash va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma dastur va tashabbuslarni roʻyobga chiqarishda amaliy hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar mintaqada transport va logistika yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish mexanizmlarini ishlab chiqish hamda yirik infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga kelishdilar.
“Yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi, yoshlar tadbirkorligi, toʻqimachilik sanoatining eksport salohiyatini yuksaltirish va boshqa sohalarni rivojlantirish maqsadida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning texnik va maslahat yordamini jalb qilishni nazarda tutgan holda, Agentlik bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining istiqbolli tarmoqlarida xususiy sektor loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.
Muzokaralar jarayonida Amerika tomoni Oʻzbekistonni Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish masalalarida zarur texnik va maslahat yordami koʻrsatish orqali qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan barcha masalalarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida faol muloqotni davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.