Oʻtgan besh oy ichida eksport koʻrsatkichlari 1,6 million dollarni tashkil etgan. Bu faqatgina ikki tomonlama aloqalarning bir qismi, xolos. Oʻzaro tovar ayriboshlash hajmini yana-da oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Tojikistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chogʻida yangi bir tashabbus amalga oshirildi.
Dushanbe shahrida “Made in Uzbekistan” yorligʻi ostida shou-rum oʻz ishini boshladi. Koʻrgazma pavilyonida 5 yil davomida Oʻzbek charm-poyabzal va moʻyna mahsulotlari doimiy taqdim etiladi. Endilikda Tojikistonning oʻzida turgan holda mijozlar milliy mahsulotlarimiz bilan yaqindan tanishishlari, ularni sinab koʻrish imkoniga ega boʻldilar. Shou-rumda Oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning keng assortimenti namoyishga qoʻyilgan. Namunalar orasida erkaklar, ayollar, bolalar va koʻplab turdagi klassik va maxsus poyabzallarni uchratish mumkin. Tojikistonlik tadbirkorlar shuningdek, bu yerda Oʻzbek qorakoʻli va charm-attorlik buyumlarining sifatini baholash imkoniga ega.
Qayd etish kerak, Oʻzbek-Tojik biznes forumi doirasida qator shartnomalar va kelishuvlarga erishildi. Ushbu forumda «Oʻzcharmsanoat» uyushmasiga aʼzo korxonalardan “COMFORT LEATHER SHOES” MCHJ, “AMR UL BAHR” MCHJ, “RAVON TARAQQIYOT ORZUSI” MCHJ, “Classika Shoes International” MCHJ, “SITONI” kabi koʻplab korxonalar faol ishtirok etdi. Tojikistonning “Charm”, “Matin Charm”, “Aʼzam” kabi korxonalari bilan savdo va investitsiyaviy masalalar boʻyicha muzokaralar olib borildi.
Muzokaralar yakuni bilan 5 million 200 ming dollarlik eksport shartnomalari imzolandi. Umumiy eksport kelishuvlari 12 million dollarni tashkil etdi.
Shuningdek, Tojikistonlik hamkorlarga birgalikda amalga oshirish boʻyicha qator loyihalar taqdim etildi. Ular qatorida yiliga 25 million kvadrat detsimetr tayyor charm ishlab chiqarishga moʻljallangan yangi korxona loyihasi ham bor. Yana ikkita loyiha esa qoʻshimcha qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Mazkur loyihalar hayotga samarali joriy etilishi bilan yiliga 100 ming juft poyabzal va 40 ming dona sumka va chemodanlar ishlab chiqara boshlanadi, deb xabar beradi «Oʻzcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.