Tadbir Niderlandiyada 4-9-may kunlari nishonlanadigan Xotira haftasi doirasida tashkil etildi.

Mazkur xotira majmuasi 1948-yil 18-noyabr kuni ochilgan boʻlib, unda 865 nafar askar dafn etilgan. Majmuada urush qurbonlarining har birining xotirasiga bagʻishlab qabr toshi oʻrnatilgan. Aytish joizki, toshlarning aksariyatida dafn etilgan askarning ism-sharifi yozilgan boʻlsa-da, bir qismida faqatgina raqam va “Nomaʼlum sovet askari”, degan yozuv bitilgan. Bu – Rossiya va sobiq ittifoq respublikalari, jumladan, Oʻzbekistonda ham bedarak yoʻqolgan, deb hisoblab kelinayotgan askarlardir.

Xotira maydoni Niderlandiya hukumati va mahalliy tashkilotlar, jumladan, “Sovet sharaf maydoni” nodavlat jamgʻarmasining doimiy qaramogʻida. Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlar Germaniyasi tomonidan bosib olingan boʻlishiga qaramay, Niderlandiya hech qachon fashizm mafkurasini qabul qilmagan va urushdan keyin oʻz hududini nemis bosqinchilaridan ozod etish yoʻlida halok boʻlgan askarlar, shu jumladan, oʻzbek soldatlarining xotirasiga hurmat koʻrsatib kelmoqda.

Joriy yil Niderlandiyada oxirgi 35 yildagi eng sovuq bahor qayd etilib, 3-may kuni ham havo harorati 12 darajadan oshmagan boʻlsa-da, xotira maydoniga erta kundanoq bir guruh niderlandiyalik koʻngillilar toʻplandi. Ular 865 toʻplam guldan rang-barang guldastalar yasab, maxsus tuvakchalarda qabr toshlarining boshiga joylashtirishga kirishib ketdi. Koʻngillilarning katta qismi yoshlardan iborat boʻlib, ular ham kattalar bilan yonma-yon turib, bu savobli ishga hissa qoʻshdi.

Shu oʻrinda mazkur xotira maydoniga dafn etilgan oʻzbekistonlik askarlar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak.

Shaxsi aniqlanmagan askarlar orasida 101 nafar oʻzbekistonlik soldat bor. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, 1941-yil kuzida asir tushgan askarlar fashistlar tomonidan bosib olingan Niderlandiya hududidagi “Amerfsort” konslageriga olib kelingan. Bir yuz bir nafar asirning 24 nafari 1941-yilning qishida qiynoq va kasalliklar qurboni boʻlgan. Qolgan 77 nafari esa 1942-yil 9-aprel kuni erta tongda yaqin atrofdagi oʻrmonda otib tashlangan. Bu - Ikkinchi jahon urushi davrida Niderlandiyadagi eng yirik ommaviy qatl boʻlgan.

“Amersfort” konslagerida fashistlar qurboni boʻlgan oʻzbek jangchilarining taqdirini keng jamoatchilikka maʼlum qilish borasidagi ilk tashabbus “Sovet sharaf maydoni” jamgʻarmasi direktori Remko Reydingga tegishli boʻlib, u mazkur savobli ishga umrining 20 yildan koʻprogʻini sarfladi.

Ikkinchi jahon urushi paytida “Amersfort” konslageriga keltirilib, bu yerda aql bovar qilmas qiynoqlarga solinishiga qaramay, oʻz shaʼni, gʻurur va odamiyligini saqlab qolgan 101 nafar oʻzbek oʻgʻlonining qalblarni larzaga keltiruvchi taqdiri aynan Remkoning saʼy-harakatlari tufayli nafaqat Niderlandiya va Oʻzbekiston, balki dunyoning koʻplab mamlakatlarida ham maʼlum boʻldi.

Xususan, shaxsi aniqlangan soldatlar orasida navoiylik askar Saidqul Qahhorov ham bor. 2020-yil fevral oyida “101 vatandosh izidan” ekspeditsiyasi aʼzolari Niderlandiyaga kelib, uning qabirini ziyorat qildi. Qabr toshi ustiga marhum askarning Nurota tumanidagi hovlisidan keltirilgan tuproq sepildi.

Remko Reydingning oʻzi esa yurtimizning doʻsti va doimiy mehmoniga aylanib ulgurdi. Xususan, u Oʻzbekistonda bir necha marta boʻlib, oʻzbek askarlarining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qahramonligini targʻib etishga bagʻishlangan tadbirlarda qatnashdi.

2020-yil may oyida Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning
75 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirlar doirasida “101” badiiy filmining premyerasi boʻlib oʻtdi. Kinoasarning yaratilishi uchun zarur maʼlumotlar aynan Remko Reyding tomonidan taqdim etilgan. Hozirgi kunda esa R.Reyding bilan hamkorlikda oʻzbek kinochilari “101” deb nomlangan hujjatli filmni suratga olmoqda.

Niderlandiyada dafn etilgan 101 nafar askarning shaxsini aniqlashga qaratilgan loyihani amalga oshirish ishlari faol davom etmoqda. Jumladan, 2021-yil boshida Remko Reyding va uning hamkasblari tomonidan oʻzbekistonlik boʻlishi mumkin, deb taxmin qilinayotgan bir necha askarning shaxsini aniqlash borasidagi ishlar boshlandi