Musiqaning tugal asar shakliga keltirilishi, bir ohang orqali insonga ruhiy ozuqa beradigan kuylarning yaratilishi bastakorlik ijodiyoti bilan bogʻliq. Uning mazmuni xalq maʼnaviy dunyosini zamonga mutanosib holda aks ettirib, qayta taqdim etishdan iborat. Unda davr nafasi, xalq dunyoqarashi, ruhiyati, falsafasi, eʼtiqodi, estetikasi kabi jihatlar mukammal uygʻun boʻlishi lozim.
Bastakorlik ijodi va umuman, musiqa sanʼatining turli yoʻnalishlari bilan bogʻliq masalalar IX-XVII asrlarda yashab ijod etgan Al-Kindiy, Abu Abdulloh Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Safiuddin Urmaviy, Abdulqodir Marogʻiy, Abdurahmon Jomiy, Zaynulobiddin Husayniy, Najmiddin Kavkabiy, Darvishali Changiy kabi allomalarning musiqa ilmiga oid risolalarida bayon etilgan.
Qayd etilishicha, musiqa nazariyasi va amaliyoti azaldan oʻzaro bogʻliq holda shakllanib kelgan. Markaziy Osiyo hududida VI asrning ikkinchi yarmi va VII asrning boshida yashagan afsonaviy sozanda va bastakor Borbad Marvaziyning ijrochilik merosi musiqa ijodiyotining ilk qadamlari sifatida eʼtirof etiladi.
Amir Temur hamda temuriylar davri esa Oʻrta va Yaqin Sharq xalqlari musiqa sanʼatining rivojlangan, yaʼni Uygʻonish (Oltin) davri boʻlgani bir necha tarixiy manbalarda oʻz isbotini topgan. Ushbu davrda ilm-fan har tomonlama taraqqiy topdi. Musiqa sanʼatiga xos barcha yoʻnalish bir-biriga uygʻun holda rivojlandi. Ular qatorida bastakorlik ijodi kamolot davrini oʻtadi.
Temuriylar davri musiqa madaniyati hayoti Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr”, “Mahbub ul-qulub”, “Majolis un-nafois”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Holoti Hasan Ardasher” kabi bebaho asarlarida asosli yoritilgan. Musiqa ijodiyoti doirasida bastakorlikning turli jihatlari har tomonlama Navoiy qarashlari bilan tahlil etilgan.
XX asrga kelib, musiqa ilmi yangi oqimlar bilan boyidi. Oʻzbekiston musiqa madaniyati tarkibida Yevropadan koʻp ovozli kompozitorlik ijodi va ijrochiligi kirib keldi. Uzoq oʻtmishli, muayyan shaklga ega va ajdodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan anʼanaviy bastakorlik ijodiyoti eʼtibordan chetda qoldi. Shunday boʻlsa-da, ushbu yoʻnalish davom ettirildi, bastakorlarning yangi avlodi oʻzidan oldingi ijodkorlarning anʼanalarini davom ettirgan holda oʻziga xos uslublarni yaratdi.
Musiqaning ajoyib xususiyatlaridan biri shundaki, u til tanlamaydi. Bir xalqning dardi, quvonchi, orzu-umidlari boshqa xalq yuragida ham aks sado beradi. Sharq maqomlaridagi sokin ohanglar bilan Yevropa simfoniyasidagi ulugʻvorlik bir-biridan uzoqdek tuyulsa-da, aslida, ikkalasi ham borliqning cheksizligini ifodalaydi. Shu sabab musiqa doimo madaniyatlararo muloqotning eng kuchli vositasi boʻlib kelgan. U siyosiy chegaralarni tan olmaydi, mafkuralardan balandroq turadi va vaqtga boʻysunmay yashay oladi.
Aynan mana shu — umumiylik va milliylik oʻrtasidagi nozik muvozanat asrlar davomida yashovchanligini taʼminlab keldi. XX asr boshida ana shu muvozanatni chuqur his qilgan va uni ijodiy mezonga aylantira olgan professional kompozitorlar paydo boʻla boshladi. Reyngold Glier ana shunday sanʼatkorlardan biri edi. U musiqani turli madaniyatlar ruhini birlashtira oladigan “yuksak til” sifatida anglab, butun ijodini shu gʻoyaga boʻysundirdi. Shu sabab Glier ijodi xususida soʻz yuritish, avvalo, musiqa mohiyati, uning ilm va ilhom oʻrtasidagi nafis chegaralari haqida fikr yuritish demakdir.
Uquvsiz usta yigitning maftunkor musiqa olami
Kiyevning mashhur Bessarabka hududidagi Basseynaya koʻchasida — Klingental shahridan Ukrainaga koʻchib kelgan nemis fuqarosi Moris Glier oilasida 1875-yil 11-yanvarda (yangi hisob boʻyicha) oʻgʻil farzand dunyoga keldi. Mehribon ota-ona unga Reyngold deya ism berdi.
Oila boshligʻi otameros kasb — musiqa uskunalari ustachiligi bilan shugʻullanar, mis damli cholgʻular yasash orqali oilasining kam-koʻstini taʼminlar edi. U kichik ustaxonasini faxr bilan “fabrika” deb atar, kunning asosiy qismini shu “fabrika”da oʻtkazardi. Boʻlajak bastakorning onasi — asli polyak naslidan kelib chiqqan Jozefina Korchak nihoyatda maʼrifatli ayol boʻlib, Reyngolddan tashqari yana uchta farzandi — ikki oʻgʻli hamda qizi Setsiliyaning taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor berardi.
Ota oʻgʻillarida bolaligidanoq oilaviy kasbga muhabbat uygʻotish uchun “fabrika”da mehnat qilishga undar, biroq Reyngoldni cholgʻu asboblarini yasashdan koʻra ularda ijro etiladigan musiqa koʻproq qiziqtirardi.
Ota-ona bolakayning qiziqishiga qatʼiyan qarshi chiqib, uni bu fikridan qaytarishga urinadi. Chunki oilaga moliyaviy masalalar tufayli bir soʻm ishlab topishi ham dargumon boʻlgan oʻrtamiyona musiqachi emas, balki mohir usta kerak edi. Bunday tez-tez sodir boʻluvchi tushunmovchiliklar taʼsirida boʻlajak bastakorning feʼl-atvori shakllana boshladi. Kamgap bola xonasiga qamalib, oʻz muammolarini hech kim bilan boʻlishgisi kelmas, lekin shu bilan birga, doimo oʻzining boshqalar oldida nimaga qodir ekanini namoyon etishga intilardi.
Taqiqlarga qaramay, Reyngold oʻz orzusi sari qatʼiyat bilan harakat qildi. Oʻn yoshida uni gimnaziyaga joylashtirishganda ota-onasidan yashirincha ilk bor skripkani qoʻliga oldi va nihoyatda arzon haq evaziga ushbu cholgʻuni oʻrgatuvchi ustozni topdi. Glierning dastlabki musiqa muallimlaridan biri keksa havaskor skripkachi boʻlsa, keyingisi musiqa bilim yurti talabasi boʻldi.
Yaqinlarining xohishlariga qarshi chiqish barobarida imtihonlar uchun toʻxtovsiz oʻqib, izlangan yosh musiqachi 1891-yilda musiqa bilim yurtiga oʻqishga kirdi va ajoyib pedagog — chex skripkachisi Shevchik sinfida tahsil ola boshladi. Bir yil oʻtib esa Reyngold hayotida muhim voqea sodir boʻldi: Chaykovskiy gastrol safari bilan Kiyevga keldi. Mashhur bastakorning chiqishlarini tashkil Musiqaning
etish Rus musiqa jamiyati zimmasida edi, ular musiqa bilim yurtini ham boshqarardi. Yosh Glier bir necha talabalar qatorida daho ustozning konsertiga kontramarka (tadbirga kirish huquqini tasdiqlovchi hujjat) olish sharafiga muyassar boʻldi.
Buyuk bastakor Chaykovskiy dirijyorlik qilgan, tinglovchilar tomonidan gulduros qarsaklar bilan kutib olingan “1812-yil uvertyurasi”, shuningdek, bastakor bilan qisqa uchrashuv yosh musiqachida unutilmas yorqin taassurotlar qoldirdi. Bu hayrat uning keyingi taqdirini belgilab berdi: Reyngoldda bastakor boʻlish orzusi tugʻildi.
Glier kompozitsiya bilan koʻproq shugʻullana boshladi. Musiqiy konsertlar, opera va balet tomoshalariga tez-tez boradigan boʻldi. Bundan tashqari, yigitcha oʻz oldiga qoʻygan vazifani hal etish uchun juda bilimli inson boʻlishi kerakligini anglardi. Shu bois, u klassik adabiyotni zavqu shavq bilan mutolaa qilar, fransuz tilini tirishqoqlik bilan oʻrganardi (nemis va polyak tillarini unga ota-onasi oʻrgatgan edi). Oʻz rejalarini tezroq roʻyobga chiqarish istagi yigitni 1894-yilda Moskva konservatoriyasiga oʻqishga kirishga undadi. Koʻngil aldamadi, konservatoriya yigitcha uchun navbatdagi ijodiy etalon vazifasini oʻtadi.
Ijodkor 1900-yili oltin medal bilan tugatgan konservatoriyada oʻtkazgan yillarini doimo iliqlik bilan xotirlar edi. Biroq bastakorning hayotidagi bu davr uning uchun qadrli boʻlgan insonlarning vafoti tufayli bir necha bor qaygʻuga ham soldi. Dastlab Glierning bobosi olamdan oʻtdi. Soʻng 1896-yilda otasi, 1899-yilda esa opasi Setsiliya fojiali tarzda hayotdan koʻz yumdi.
1901-yilda Yelena Gnesinaning opa-singillari Glierni oʻzining xususiy musiqa maktabida nazariy fanlar oʻqituvchisi sifatida ishlashga taklif qildi. Shunday qilib, bastakor va Musiqa pedagogika instituti (hozirgi Rossiya musiqa akademiyasi) asoschilari oʻrtasida nafaqat uzoq muddatli hamkorlik, balki mustahkam doʻstlik ham paydo boʻldi. Aynan shu taʼlim muassasasida Reyngold muhabbatini topdi: u dastlab shogirdlaridan biri boʻlgan, keyinchalik esa 1904-yilda turmush oʻrtogʻiga aylangan maftunkor qiz Mariya Renkvist bilan tanishdi.
Reyngoldning keyingi yillarda kechgan hayotini kompozitorning ijodiy yuksalishi davri deb taʼriflash mumkin. Vataniga qaytgach, Glier 1909-yil iyulida Kievda dirijyor sifatida ilk bor chiqish qildi. Bir yildan soʻng, fevralda esa Musiqa jamiyati yigʻinida ikkinchi simfoniyasini ijro etib, muvaffaqiyatini yanada mustahkamladi. Taniqli “Yurgenson” musiqa nashriyoti bastakor qalamiga mansub barcha asarlarni nashr qila boshladi.
1912-yilda Glierning uchinchi simfoniyasi — “Ilya Muromes”ning tantanali premyerasi boʻlib oʻtdi. Oradan bir muddat oʻtgach, u “Sirenalar” nomli simfonik orkestriga yozilgan poemasi uchun Glinka nomidagi mukofotni ikkinchi bor qoʻlga kiritdi. 1913-yilda bastakor Kiyevda yangi tashkil etilgan konservatoriyada nazariy fanlar va kompozisiya boʻyicha professor lavozimini egallash taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi. Bir yil oʻtgach esa umumiy yigʻilishda u konservatoriya direktori etib saylandi.
Glierning hayoti va ijodi oʻzi istagandek tasodiflarga, kutilmagan vaziyatlarga boy boʻldi. 1923-yilda Glier Ozarbayjon hukumatining taklifiga binoan Ozarbayjon xalqi ijodini yaqindan oʻrganish maqsadida Bokuga keldi va shu kundan eʼtiboran qalbidan Sharq musiqasi nafosati mustahkam oʻrin egalladi. Bu ijodiy safarning samarasi oʻlaroq, Ozarbayjon xalq qoʻshiqlari asosida “Shohsanam” operasi yaratildi.
Sermahsul ijodning
keng ufqlari
Glier turli xalqlar musiqiy tafakkurini oʻrganishga moyilligi, folklordagi qadim ohanglarni simfonik va sahnaviy janrlarga singdirish tajribasi bilan boshqa bastakorlardan ajralib turardi. Aynan shu jihati uni oʻzbek musiqasi bilan ishlash uchun eng munosib kompozitorlardan biriga aylantirdi.
1930-1940-yillar Reyngold Glier ijodida Oʻzbekiston bilan bogʻliq eng barakali va mazmunli davr boʻldi. Bu yillarda u oʻzbek musiqiy muhitiga tashqaridan qarovchi bastakor emas, balki milliy sanʼatning ichki ruhiyatini anglashga intilgan ijodkor sifatida faoliyat yuritdi. Sharqona ohang, xalq kuylarining tabiiy ritmi, oʻzbek musiqasiga xos dramatik ifoda uslublari uning eʼtibori markazida boʻldi. Glier ushbu xususiyatlarni Yevropa klassik musiqa shakllari bilan uygʻunlashtirib, yangi badiiy sifat hosil qilishga intildi.
Vaqt oʻtib borgani sari Glier oʻzbek bastakorlari bilan yanada yaqin hamkorlik qila boshladi. 1936-yilda Toʻxtasin Jalilov va Tolib Sodiqov bilan birgalikda yaratilgan “Gulsara” musiqiy dramasi milliy musiqa va sahna sanʼatining navbatdagi bosqichini boshlab berdi. Unda xalq kuylariga asoslangan musiqiy materiallar makon bilan uygʻunlashib, tomoshabin diliga yaqin va taʼsirchan badiiy til vujudga keldi.
“Gulsara” musiqali dramasi 1936-yilda sahnalashtirilgan boʻlsa-da, aslida, u kompozitor va dramaturg Komil Yashinning 1930-yillar boshida yaratilgan va keyinchalik qayta ishlangan muhim asarlaridan biri boʻlib, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi huzuridagi musiqa teatri tomonidan sahnalashtirilgan.
Asar dastlabki variantida oʻsha davr oʻzbek sahna sanʼati uchun dolzarb boʻlgan ijtimoiy va maʼnaviy masalalarni yoritishga qaratilgan boʻlib, keyinchalik vaqt talablari, sahna tajribasi va ijodiy izlanishlar taʼsirida bir necha bor qayta ishlandi. Aynan shu qayta ishlash jarayonlari “Gulsara”ni shaklan va mazmunan yetuk musiqali drama darajasiga olib chiqdi.
Tarixiy nuqtayi nazardan qaralganda, “Gulsara” oʻzbek milliy musiqali dramasi rivojlanishida burilish yasagan asarlardan biridir. U milliy sahna sanʼatini professional darajaga koʻtarish borasida muhim tajriba vazifasini oʻtadi. Keyingi yillarda yaratilgan koʻplab musiqali dramalar va operalar aynan shu asar ochib bergan yoʻldan bordi.
“Gulsara” operasi yuqoridagi musiqiy drama singari, oʻzbek ayolining tubanlikdan yuz burib, hurriyatga intilishi mavzusi bilan bogʻliq. Asarning qisqacha mazmuni shundan iboratki, yosh juvon Gulsara oʻz eri, ilgʻor ishchi Qodir taʼsirida paranjisini tashlab, oʻqishga kirishga qaror qiladi. Lekin bu rejasi Gulsaraning kaltabin otasi — Ibrohimning qarshiligiga uchraydi. Opera qizini otasining zulmidan himoya qilmoqchi boʻlgan qahramonning onasi — Oysaraning mudhish oʻlimi bilan tugaydi. Gulsara Ibrohimning qoʻlidan qutulib chiqib, maydonga yuguradi va barcha ayollarni yangi hayot uchun kurashga chorlaydi.
Albatta, spektakl mazmunini 40-yillar oxiridagi tomoshabin asar oʻn ikki yil avval birinchi bor sahnalashtirilganidan bir oz boshqacha qabul qiladi. Vahshiyona mutaassiblik ham, paranji tashlagani uchun oʻch olish ham oʻtmishda qolib ketgan edi. Lekin eskicha tushunchalar, xususan, ayollarga “sovuq” munosabat, ularning iqtidorini pisand qilmaslik hali hayotda uchrab turardi. Shuning uchun bunday illatlarga qarshi kurash oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan edi.
Libretto mualliflari Komil Yashin va Muzaffar Muhamedov yaxlit, izchil rivojlangan voqelikni yaratishga muvaffaq boʻldi. Ayniqsa, bosh qahramon obrazi toʻlaqonli chiqqan. Operaning boshlanishida u zaif va itoatkor, bechora koʻrinsa-da, asar soʻngida jabru jafolar tufayli oʻtmish sarqitlariga qarshi ochiq, shiddatli kurash olib boradi. Opera asosidagi musiqa namunalari Glier qayta ishlagan kuylardan tashkil topgani bois, asar katta muvaffaqiyat qozondi.
Musiqiy tafakkur sohibi
1916-yil 30-dekabrda Toshkent shahridagi “Kolizey” teatrida Ozarbayjonning mashhur rejissyori Sidqiy Ruhillo boshchiligida Fuzuliy dostoni asosida “Layli va Majnun” musiqiy drama (opera)si namoyish etiladi. Asar librettosini ozarbayjonchadan oʻzbekchaga Avloniy oʻgiradi. Asosiy rollarni Sidqiy Ruhillo (Majnun), Durriyaxonim (Layli), Abdulla Avloniy, Nizomiddin Xoʻjaev, Farid Tohiriy, Yusuf Aliev ijro etadi. Miyon Buzruk Solihovning “Oʻzbek teatri tarixi uchun materiallar” asarida keltirilishicha, ushbu spektaklda ilk oʻzbek aktrisasi Maʼsuma Qoriyeva ham qatnashgan.
Shundan soʻng oʻzbek bastakorlari, kompozitorlari hamda dramaturglari Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostoniga qoʻl uradi. Musiqali drama janri anʼanalariga muvofiq, sahna asari xalqchil, milliy ruh kasb etgan holda bastalanadi. “Layli va Majnun” musiqali dramasining birinchi varianti 1922-yili Mannon Uygʻur tomonidan Fargʻona teatrida sahnalashtiriladi. Bir yil oʻtib, Toshkentdagi “Tomosha bogʻi” teatrida qoʻyiladi. 1922-yildan 1933-yilga qadar “Layli va Majnun” respublika va havaskorlik teatrlarida aynan birinchi variantda muxlislarga taqdim etib kelinadi. 1933-yili “Layli va Majnun” musiqali dramasining ikkinchi variantdagi musiqasini Tolib Sodiqov ustozining maslahatlariga tayanib qayta bastalaydi.
Bu davrda oʻzbek bastakor va kompozitorlari musiqali drama musiqasining ifodaviy imkoniyatlarini kengaytirdi. “Layli va Majnun” keyinchalik ham bir necha marotaba tahrirdan oʻtkazildi. Avvalgi musiqiy nomerlar saqlanib, sayqallandi. Bu variantda avvalgilaridan farqli oʻlaroq, oʻzbek xalq musiqa merosidan tashqari yangi bastalangan ayrim rechitativlar, koʻp ovozli xor nomerlari kiritildi. Ijroga simfonik orkestr cholgʻu sozlaridan skripka, violonchel, kontrabas, fleyta, goboy, klarnet va litavra qoʻshildi. Ushbu spektaklni isteʼdodli rejissyor Muzaffar Muhamedov sahnalashtirdi. Mohir rassom Shonazar Shorahimov sahnaviy dekoratsiya va tasvirlarini ishladi.
1940-yilda soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 500-yillik tantanalari arafasida “Layli va Majnun” musiqali dramasini operalashtirish uchun Reyngold Glier Tolibjon Sodiqov bilan hamkorlikda, Xurshid librettosi asosida yirik sahna asarini yozib tugatdi. Opera yillar davomida qayta-qayta tahrirlanib, bu ijodiy jarayonga bastakor Faxriddin Sodiqov ham jalb etildi. Natijada Tolib Sodiqov, Reyngold Glier, Faxriddin Sodiqov uchligida mukammal asar paydo boʻldi.
Glier ijodi faqat sahna asarlari bilangina cheklanib qolmadi. U “Alisher Navoiy” filmiga musiqa yozib, oʻzbek adabiy merosining buyuk siymosiga bagʻishlangan kinoasar ruhini musiqiy jihatdan boyitdi. Shuningdek, oʻzbek xalq kuylari asosida yaratilgan “Tantanavor” va “Fargʻona bayrami” simfonik uvertyuralari orqali milliy musiqani simfonik janrga olib chiqdi. Bundan tashqari, u oʻzbek mavzusiga bagʻishlangan qator romanslar va boshqa musiqiy asarlar ham yaratdi.
Umuman olganda, Glierning oʻzbek milliy musiqasi uchun yaratgan ijod namunalari xalq musiqa merosiga chuqur hurmat-ehtirom bilan yondashgani bilan ajralib turadi. Folklor unsurlaridan oʻzbek badiiy tafakkurining asosiy manbai sifatida foydalangani uchun unga 1937-yili “Oʻzbekiston xalq sanʼatkori” unvoni taqdim etildi. Shu tariqa Reyngold Glier oʻzbek musiqasi tarixi sahifalarida nafaqat ijodkor, balki milliy merosga fidoyilik va hurmat namunasini koʻrsatgan shaxs sifatida oʻchmas iz qoldirdi. Uning asarlari bugun ham oʻzbek musiqasining rivojlanish yoʻlini tasvirlaydigan, yangi avlod musiqachilariga ilhom beradigan muhim manbalardan biri sifatida qadrlanmoqda.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri