O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti ijroiya qo‘mitasi va Vazirlar mahkamasi xodimlari, "Tojik pilla" tashkiloti rahbariyati hamda "UNIDO" vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari bilan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Taʼkidlash joizki, mazkur delegatsiya aʼzolari joriy yilning yanvar oyida ham Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlaridagi pillachilik tarmoqdari bilan tanishish uchun kelgan edi.

Mehmonlar mamlakatimizda mavjud 11 turdagi tut navlaridan tashkil topgan tutzor bilan tanishib, ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqida maʼlumotlarga ega bo‘ldi. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasidagi ko‘rgazmali "Shou-rum"ni tomosha qilib milliy ipakdan tayyorlangan mahsulotlar bilan tanishishdi.

Shundan so‘ng, keyingi yillarda ipakchilik tarmog‘ida erishilgan yutuqlar, iqtisodiy islohotlar, xorijiy investitsiyalar, ozuqa bazasi, xususan, tutzorlarni kengaytirish va ulardan qanday qilib samarali va unumli foydalanilayotganligi borasida suhbatlashildi. Mehmonlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berildi.

– Davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan pillachilik sohasini rivojlantirish borasida ijobiy qadamlar tashlanib, tarmoqda o‘nglanish va rivojlanish boshlandi, – dedi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov. – Sababi sohamizga davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlari ham katta eʼtibor qaratgan. Qaror bilan berilgan imtiyozlar natijasida yiliga to‘rt marta ipak qurti parvarishlab, sifatli pilla  yetishtirishga muvaffaq bo‘ldik. Hozirda, mamlakatimizda yiliga 25 ming tonnadan ortiq pilla yetishtiriladi va 76 ta pillani qayta ishlash korxonalari bor. Shuningdek, 5 ta mato ishlab chiqaruvchi fabrikalarimiz faoliyat olib bormoqda. Joriy yildan 50 foiz ipakni o‘zimizda matoga aylantirib, xorijga eksport qilishni rejalashtirganmiz. Sohada 1 millionga yaqin aholi ish bilan band bo‘lib, ularning 90 foizi asosan chekka hududlarda yashovchi chevar opa-singillarimizdir. Biz to‘rt yilda bosqichma-bosqich pilla yetishtirishdan boshlab, mato va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish jarayoniga yetib keldik.

Ipakchilik tajribalarini o‘rganish va bu borada hamkorlikda davom etish maqsadida yurtimizga ikkinchi bor kelgan mehmonlar O‘zbekiston ipakchilik sohasida boy tajriba, yuksak salohiyatga ega mamlakat ekanligini o‘z kuzatuvlari asosida eʼtirof etishdi. 

–– Biz faoliyatimiz davomida yiliga bir marta pilla yetishtiramiz, –dedi "Tojik pilla" tashkiloti rahbari Nazirsho Nazarov. – Endilikda O‘zbekiston tajribasini o‘rganib pilla yetishtirishni 2-3 martaga yetkazmoqchimiz. Buning uchun ishni ozuqa bazasini ko‘paytirishdan boshladik va yurtingizdan 50 ming tup tut ko‘chatlarini sotib oldik. Ularni Tojikiston sharoitida yetishtirish niyatidamiz. Sababi, O‘zbekiston va Tojikiston iqlim jihatdan bir-biriga o‘xshaydi.  Hamkorlik doirasida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi bilan memorandum imzolandi va yaqin orada qo‘shma korxona ochiladi. Tashrif davomida sohada olib borilayotgan chuqur islohotlar haqida to‘liq va batafsil maʼlumot oldik. Berilgan barcha taklif va tavsiyalarni biz albatta amalda qo‘llaymiz.  

Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, delegatsiya aʼzolarining yurtimiz bo‘ylab safari davom etadi. Endilikda, ular Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgan “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari, viloyatlardagi pillani qayta ishlash tashkilotlari va tut plantatsiyasi jarayonlariga ishtirok etadilar.