Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi vakillari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (TMMA)ning Kvanju shahridagi vakolatxonasi xodimlari bilan birgalikda Cheju shahrida joylashgan “TG – Tegukongopsa” plastik mahsulotlar ishlab chiqarish korxonasida boʻlib, bu yerda vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan bir guruh vatandoshlarimiz bilan uchrashuv oʻtkazdi.
“TG – Tegukongopsa” oʻzbekistonlik ishchi-migrantlarni doimiy ravishda shartnoma asosida ishga taklif qilib kelayotgan korxonalardan biri hisoblanadi. Xususan, yurtdoshlarimiz A.Latipov va D.Xudoyqulov mazkur korxonada ikkinchi marta shartnomaga tuzib, mehnat faoliyatini davom ettirmoqda. Anʼanaga koʻra, yuqoridagi kabi fuqarolarimizga TMMA vakolatxonasi tomonidan “Namunali va sodiq xodim” tashakkurnomasi hamda korxona rahbariga oʻzbekistonlik fuqarolarni qoʻllab-quvvatlab kelayotgani uchun tashakkurnoma va sovgʻalar taqdim etildi.
Uchrashuvda diplomatlar oʻzbekistonlik ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, ularning konsullik-huquqiy masalalar boʻyicha savollariga javob berdi. Shuningdek, vatandoshlarimizga mamlakatimizda siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim qilinib, davlatimiz rahbari tomonidan xorijdagi oʻzbek mehnat muhojirlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qabul qilingan hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.